Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 12:46

HRW O‘zbekistondagi yana bir sud hukmini qoraladi


Namanganda hokimiyat binosini bosib olgan "Islom lashkarlari" rahbari Tohir Yo‘ldosh va uning yonida cho‘kkalab o‘tirgan prezident Islom Karimov (1991-yil dekabrida olingan videodan skrinshot)
Namanganda hokimiyat binosini bosib olgan "Islom lashkarlari" rahbari Tohir Yo‘ldosh va uning yonida cho‘kkalab o‘tirgan prezident Islom Karimov (1991-yil dekabrida olingan videodan skrinshot)

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimovning 1991-yili dindor namoyishchilar bilan uchrashgani aks etgan videoni ulashgani ortidan Sevara Shaydullayevaning javobgarlikka tortilishini qoralab chiqdi.

Toshkent viloyat sudi 4-sentyabr kuni Sevara Shaydullayevaga nisbatan “O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga chaqiruvchi materiallarni atayin saqlash va tarqatish” ayblovi bilan tayinlangan 30 oylik shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Shaydullayevaga komendantlik soatiga rioya qilish, ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik, Toshkent viloyatidan ruxsatsiz chiqmaslik talab qilingan.

HRWning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittmann o‘z bayonotida Sevara Shaydullayevaning avvalgi prezident ishtirokidagi videoni tarqatgani uchun sudga tortilishini tanqid qildi.

“Video mazmuni O‘zbekiston rasmiylari uchun yoqimsiz bo‘lsa ham, 33 yillik videoda tarixiy nutq aks etgan”, deya bildirdi Rittman xonim.

Qayd etilgan videoda Islom Karimov 1991-yilning dekabr oyida Namangan shahrida O‘zbekiston Islomiy Harakatining bo‘lajak rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan yonma-yon turgani ko‘rinadi.

Qariyb 33 avvalgi Namangan voqealarida bir guruh islomchilar davlat idoralarini egallab olib, islomiy davlat tuzishni talab qilib chiqishgan, Karimov ular bilan uchrashib, talablarini bajarishga va’da bergan.

O‘tgan asrning 90-yillari oxiridan boshlab Karimov hukumati dindorlarga qarshi cheklovlarni kuchaytirgan va bu holat 2016-yilda Karimov vafot etguniga qadar davom etgan.

HRW vakillari qanoaticha, diniy e’tiqod va so‘z erkinligiga nisbatan jiddiy cheklovlar amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriyati davrida ham o‘z kuchida qolmoqda.

O‘ttiz yil oldin bo‘lgan voqealar aks etgan videoni tarqatish jinoyat sifatida ko‘rilmasligi kerak. O‘zbekiston hukumati Shaydullayevaga chiqarilgan hukmni darhol bekor qilishi va unga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashi kerak”, deya ta’kidlagan Mira Rittmann.

Sevara Shaydullayevaga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan mulohaza bildirgan o‘zbekistonlik huquq faollari avvalroq Ozodlikka, agar bu ayol haqiqatan aybdor bo‘lsa, bu videodan kadrlar namoyish qilgan O‘zbekiston teleradiokompaniyasi telekanallarini ham javobgarlikka tortish lozimligini aytishgan edi.

Agar bu materialda konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan chaqiriqlar bo‘lib, videokontent ekstremistik deb topilgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlari kanallar ustidan xuddi shu tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘ashi kerak bo‘ladi”, degan edi xususan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG