Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2025, Тошкент вақти: 04:26

Hujjatsiz mashina boshqargan o‘smir YPX inspektori o‘limiga sabab bo‘ldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi.

Gazeta.uz nashrining Respublika Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, hodisa 19-yanvar kuni soat 01:45 da shaharning Islom Karimov ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Ushbu hududda xizmat olib borayotgan YHXB inspektori Jasurjon Muhammadov davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlanayotgan Kia Sonet mashinasiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan.

Haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. So‘ngra voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor o‘sha joyda halok bo‘lgan.

Tezkor surishtiruv jarayonida Kia Sonet ulovini 2008-yilda tug‘ilgan S.M. boshqargani, mashina uning otasiga tegishli bo‘lgani aniqlangan. Avtomobil yashirib qo‘yilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.

“Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, yo‘l harakati qoidalarini bilmaydigan 10-sinf o‘quvchisi yo‘lda boshqa fuqaroni urib yuborishi ham mumkin edi. Afsuski, vatan oldidagi burchiga sadoqat bilan ko‘rsatib xizmat qilayotgan YPX inspektori qoidabuzarlik qurboni bo‘ldi”, degan YHXX matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev.

31 yoshli Jasurjon Muhammadov 2017-yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida ishlab kelgan. Marhumdan ikki farzand qolgan.

Navoiy shahri prokuraturasi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshlagan.

YHXX vakili ta’kidicha, keyingi vaqtlarda kattalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga mashina boshqaruvini berish holatlari ko‘p uchramoqda.

Ichki ishlar idorasi bir necha kun avval ma’lum qilganidek, Samarqand shahrida ham voyaga yetmagan o‘smir tomonidan YTH sodir etilgan. Shahardagi 5-maktabning 10-sinf o‘quvchisi uyda turgan Spark mashinasini so‘roqsiz minib chiqib ketib yo‘lda piyodani urib yuborgan. 51 yoshli erkak jarohatlardan vafot etgan.

XS
SM
MD
LG