23-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining eng ko‘zga ko‘ringan deputati Rasul Kusherbayev parlamentdan iste’fo berishini e’lon qildi. Deputat Qonunchilik palatasining davlat byudjeti loyihasi muhokamaga qo‘yilgan sessiyasida o‘ziga so‘z berilmaganiga norozilik belgisi sifatida shunday qarorga kelganini aytgan.
Mirziyoyev boshqaruvi davrida eng faol deputat sifatida tanilgan Kusherbayev O‘zbekistonning oxirgi 30 yillik tarixida parlamentning iste’fo bergan ikkinchi a’zosi bo‘ladi.
So‘nggi soatlarda Toshkent shahar Uchtepa tuman kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov ham iste’fo berishini e’lon qildi. Avvalroq u "deputatlarning og‘zini yopishga urinishlar"ni qoralagan edi.
Ayni paytda tarmoqlarda ayrim faollarning parlament hukumat tomonidan qattiq nazorat qilinadigan O‘zbekistonda deputatlar iste’fosiga ishonqiramasdan qarayotgani ham kuzatilmoqda.
Ba’zi mahalliy tahlilchilar hukumat shu tarzda "ichkaridan muxolifat chiqarishga" urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatda o‘tgan prezidentlik va parlament saylovlarini kuzatgan xalqaro tashkilotlar saylovlarning muxolifatsiz o‘tganini tanqid qilgan, prezident Mirziyoyev esa, bu tanqidlarga "muxolifat ichkaridan chiqishi kerak" deya javob qaytargandi.
Ozodlik hozirgacha Rasul Kusherbayevning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q. Mahalliy jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, Kusherbayevning o‘zi avvalroq "hukumat undan muxolif siyosatchi yasamoqchi ekani" haqida paydo bo‘lgan farazlarni rad etgan.
Prezident Mirziyoyev Oliy Majlisdagi chiqishlaridan birida Kusherbayevni "hukumatdagilarning ko‘pchiligi yomon ko‘rishi, ammo uning shaxsan o‘ziga yoqishini" aytgan edi.
Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z izohida kuni kecha palatada bo‘lib o‘tgan byudjet muhokamalarida ishtirok etmagani, yalpi majlisda so‘z so‘raganiga qaramay, spiker o‘rinbosari U. Inoyatov unga so‘z bermaganini aytgan.
“Deputatlarning og‘zini yopadigan zamlarning boridan yo‘g‘i yaxshi”, deya ta’kidlagan Rasul Kusherbayev.
Quyi palataning eng faol deputati bo‘lgan Kusherbayev iqtidordagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) deputatlikka saylangan.
2019-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida O‘zLiDePdan tashqari “Milliy tiklanish”, “Adolat”, Xalq demokratik partiyasi va Ekologiya partiyasi kabilar qatnashib, parlament tarkibiga kirgan edi.
Mazkur saylov, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) va Parlament Assambleyasining qo‘shma xulosasiga ko‘ra, saylov qonunchiligidagi muhim siljishlarga qaramasdan haqiqiy raqobatsiz o‘tgan. Xalqaro xulosada O‘zbekistonda hali-hamon haqiqiy muxolif siyosiy partiyalar mavjud emasligi, fundamental huquqlarga e’tiborsizlik kengligi urg‘ulanib, saylov kunida ayrim jiddiy qoidabuzarliklar kuzatilganiga e’tibor qaratilgan.
“Parlamentda hech kim qolmadi”
Parlamentdagi eng faol va xalqparvar deputat deya ko‘rilgan Kusherbayevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan iste’fo berish qarori ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Deputat avvalroq tarmoqlardagi sahifalarida byudjet muhokamasida o‘ziga so‘z berilmaganidan arz qilgan edi.
“Bu safargi byudjet muhokamalarida ishtirok etmadim. Katta hajmdagi loyihani o‘qishga ham yetarli vaqt berilmadi. 1-o‘qishda yalpida so‘z so‘rasam, zamspiker U.Inoyatov (Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov – tahr.) ochiqchasiga so‘z bermadi. So‘ng majlisdan chiqib ketdim va kirmadim. Deputatlarni og‘zini yopadigan “zam”larning boridan yo‘g‘i yaxshi”, deb yozgan u.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, byudjet muhokamasidagi holat Kusherbayevning sabr kosasini to‘ldirgan "so‘nggi tomchi" bo‘lgan.
“Kun.uz” jurnalisti Ilyos Safarov esa bunga birgina byudjet muhokamasidagi taranglik sabab emasligiga ishora qildi.
“Kusherbayevga so‘z bermaslik Inoyatovning shaxsiy tashabbusi emas. Bu kabi ishlarga uning kuchi, tafakkuri va jur’ati yetmaydi. Bu aniq. Bu ishlar kuchliroq esayotgan va o‘ta zararli shamolning natijasi”, deb yozdi jurnalist.
Inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov ham so‘nggi paytlarda deputat parlamentdagi masxarabozliklar sabab to‘lib yurganini qayd etgan.
Bloger va adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova deputatning iste’fo haqidagi posti o‘ta pessemistik ruhda ekaniga e’tibor qaratgan.
“Troll.uz” kanali muallifi Umid G‘afurov ta’biricha, Kusherbayevni tizim sig‘dirmagan.
“Bu tizimda sog‘ odam ishlashi qiyin. Sog‘ni yo kasal qiladi, yo sig‘dirmaydi… Oliy Majlisda bugun bayram bo‘lsa kerak”, deya kinoya qildi u.
“36 millionli xalq bittagina mandat bergandi. Uyat emasmi!?” deb qisqa munosabat bildirdi siyosatshunos Hamid Sodiq.
Ayrim faollar deputatning iste’fosida mamlakatda tahlikali davr boshlanayotgani alomatini ko‘rgan.
“Rasul Kusherbayevning deputatlikdan ketishi davlatning siyosiy-demokratik oynasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, xalqning siyosiy islohotlarga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi… bu juda-juda yomon, tahlikali zamonlar boshlanganidan signal deb qabul qilinadi”, deydi iqtisodchi va jamoat faoli Barnogul Sanaqulova.
“Parlamentda hech kim qolmadi endi. Top-toza bo‘ldi hammayoq. Bosinglar gazini”, deya tagdor shama qildi sobiq mahalliy deputat Qobil Do‘stov.
Ko‘p sonli foydalanuvchilar Kusherbayevni o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishga undar ekan, “siyosiy maydonni tilsiz, jur’atsiz kimsalarga qoldirish oqilona to‘xtam emas”ligini urg‘ulagan.
“Soqov va jur’atsiz parlamentda Rasul Kusherbayev va Doniyor G‘aniyev kabi deputatlar aslida ko‘proq bo‘lishi, imkon qadar oxirigacha kurashib o‘z so‘zini o‘tkazishi kerak”, deydi bloger Musannif Adham.
“Bu maydon rasullarga muhtoj, ketishiga emas! Ular ko‘payishi kerak, kamayishi emas! Rasul Kusherbayev deputatlik mandatini topshirish jarayonlarini boshlamagan bo‘lsa, uni fikridan qaytishga chaqiraman!” deydi diniy ulamo Mubashshir Ahmad.
“Rasuljon, yoshlik qilmang! Burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqyapsiz. Tushunamiz, ikkioyoqli burgalar talayapti, har tomondan quzg‘unlar cho‘qilayapti, lekin sizning orqangizda 35 mln xalq turibdi! Ishingizni davom ettiring!” deya xitob qildi Sobirjon Alimqulov ismli tarmoq foydalanuvchisi.
Iste’fo qarorini dastaklagan foydalanuvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular Kusherbayev “qo‘g‘irchoqlar bilan bir safda bo‘lishni or deb bilgani”ni olqishlagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bu masalada sukut saqlayotgani, boshqa deputatlar tomoshabin bo‘lib turgani ham tanqidiy baholangan.
Rasul Kusherbayevning deputatlik mandatini topshirishi mustaqil O‘zbekiston parlamenti tarixida ikkinchi shov-shuvli iste’fo bo‘lib hisoblanadi.
Ilk iste’fo 1992-yilning 2-iyulida “Erk” demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih tomonidan berilgan edi. Muhammad Solih o‘sha paytda o‘z iste’fosini “muxolifatga qarshi boshlangan siyosiy repressiyalarga norozilik” ifodasi deya izohlagandi.
Kusherbayevning iste’fosiga munosabat bildirgan mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov, "aftidan, Oliy Majlis deb atalgan sirkda masxarabozlik qilish uning joniga tekkan", deb yozdi.