Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning shikoyat arizasi bo‘yicha iqtisodiy tahlilchi va bloger Otabek Bakirovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi. Bu haqda Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
“Boshqarma qaroriga, xususan, AOKAning Energetika vaziri shikoyat arizasida ko‘rsatilgan vajlar mavjud emasligi haqida tegishli ekspertiza xulosasi, shuningdek, shikoyatga sabab bo‘lgan post yozilganiga 1,5 yildan ko‘p vaqt o‘tganligi asos qilib ko‘rsatilgan. Ichki ishlar organlariga mazkur ish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv va harakatlar uchun fuqaroviy tashakkur bildiraman”, deb yozdi bloger.
Ozodlik bir hafta muqaddam Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan tanilgan iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ustidan prokuratura hamda IIVga shikoyat arizasi kiritgani haqida xabar qilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, hukumat mulozimining shikoyatiga blogerning Sag‘bon nimstansiyaga oid tanqidiy mulohazalari sabab bo‘lgan.
Vazirning iqtisodiy tahlilchi ustidan shikoyat kiritgani mamlakatda energobo‘hron kuchaygan pallaga to‘g‘ri keldi. Jamoat faollari bu harakatni “tanqidchilarning ovozini o‘chirishga urinish” deya qoraladi. Bakirovning o‘zi vazirning bu harakatini “energotsenzuraga urinish” deb atadi.