Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:13

“Ilhom” teatrida “Yerosti qizlari” taqiqlash urinishlariga qaramay namoyish etildi


"Yerosti qizlari" spektalida Tolibon rejimida daxshatli ahvolga tushgan ayollar qismati haqida hikoya qilinadi.
"Yerosti qizlari" spektalida Tolibon rejimida daxshatli ahvolga tushgan ayollar qismati haqida hikoya qilinadi.

Toshkentdagi “Ilhom” teatrida “Yerosti qizlari” spektakli uni bekor qilish urinishlariga qaramay kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etiladigan bo‘ldi.

Spektaklda Afg‘onistonda 2021-yil avgustida hukumat Tolibon qo‘liga o‘tganidan keyin dahshatli ahvolga tushgan ayollar qismati haqida hikoya qilinadi.

O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi spektakl Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga putur yetkazishi mumkinligini aytib, IIB va Milliy gvardiyaga ssenariyni o‘rganib chiqishni so‘rab xat yozgan edi.

Ushbu xat ortidan spektaklning 10-sentabr kuniga belgilangan premyerasi qoldirildi.

Spektaklning taqiqqa uchrashi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach masalaga O‘zbekiston Adliya vazirligi aralashdi.

Vazirlik O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasining xatini qonuniy kuchga ega emas deb topdi, uyushma qonunchilikni buzdi deya, davlat tashkilotlariga yuborgan xatini ijrodan chaqirib olish haqida ko‘rsatma berdi.

Teatr jamoasi buni jaholat ustidan erishilgan g‘alaba sifatida ta’riflamoqda.

"Senzuraga yo‘l qo‘yilmadi. Spektakl atrofida sodir bo‘layotgan voqealar ayollarni ozod qilish sohasidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan ba’zi kuchlar O‘zbekistonda hozir ham mavjudligidan dalolat beradi. Ular gender tengligi bo‘yicha taraqqiyotni xohlamaydilar", - dedi Ilhom” teatri vakili Nikita Makarenko.

“Ilhom” teatrida “Yerosti qizlari” spektakli kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etildi.
“Ilhom” teatrida “Yerosti qizlari” spektakli kechikish bilan bo‘lsa ham namoyish etildi.

“1937-yil uslubidagi donos”

O‘zbekkston teatr arboblari uyushmasi raisi, taniqli o‘zbek aktyori Yoqub Ahmedovning xatida "Afg‘onistondagi ijtimoiy diniy va siyosiy ahvolni G‘arb dunyoqarashi asosida keng jamoatchilikka ko‘rsatish ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazadi" deya yozilgan.

O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi xati.
O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi xati.

“Ushbu spektaklda asosan, qo‘shni Afg‘onistonda yashayotgan insonlarning taqdiri, ayollarning qamoqqa olinishining halokatli oqibatlari, insonning asosiy huquqlari, mustaqil bo‘lish, bilim olish va o‘z taqdirini belgilashi, erkinligi uchun kurashishga harakat qilishi kabi masalalar o‘rin olgan ekan.

Afg‘onistonda ijtimoiy, diniy, va siyosiy ahvolni G‘arb dunyoqarashi asosida keng jamoatchilikka ko‘rsatish, milliy hamda diniy qadriyatlar va urf-odatlarni qoralash, o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va barqaror yashashini, ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazishi mumkin.

Boshqa millatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlarini hurmat qilib, har tomonlama muhokama qilgandan so‘ng, jamoatchilik e’tiboriga havola qilinsa, maqsadga muvofiq”.

“Ilhom” teatri prodyuseri Nikita Makarenko Facebook sahifasida O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasini “tolibonparastlik”da ayblab chiqdi.

“Ozod O‘zbekistonda toliblar rayiga qarab spektakl yaratish kerakmi? Ayollarni hayvon kabi ushlab turgan sandal kiygan odamxo‘rlarga qarab ish ko‘raylikmi? Qizig‘i shundaki, senzurachilarning hech biri spektaklni tomosha qilmagan. Bu aslida mamlakatimizda ayollarimizga nisbatan zo‘ravonlik haqida. Hozir bo‘layotgan va hamma jim qarab turgan xolatlar haqida bu”, - deydi “Ilhom” teatri prodyuseri Nikita Makarenko.

Taniqli bloger Aziza Umarova O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi xatini “1937-yil uslubidagi donos” deb atadi.

“1937-yil ruhidagi donos. Shuni ta’kidlash kerakki, xat Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligiga yozilgan. Spektakl esa ayollar huquqlari haqida! Eng achinarlisi, xatga ahamiyatsiz uyushma imzo chekkan. Tarix takrorlanishni yoqtiradimi? Teatr arboblari/yozuvchilarning bunday uyushmalari bundan 80 yil avval soxta ayblovlar bilan yuz minglab, balki millionlab odamlarni NKVD jag‘iga to‘ydirgan. Va ular jamiyat muammolarini hal qilish uchun hech qanday foydali ish qilmadilar . . . Kecha men 4-sinf o‘quvchisi zo‘rlangani haqida o‘qidim. Taniqli zo‘rlovchilar. Va hech narsa, hech kim jazolanmadi! Bir kun avval er to‘rt farzandining onasini boshiga armatura bilan o‘ldirganini o‘qib qoldim. Umuman nimalar bo‘lyapti? Biz qanday jamiyat qurmoqdamiz? Unda ayolning taqdiri qanday?”.

O‘zbekiston Teatr Arboblari uyushmasi nega “Ilhom” teatrining “Yerosti qizlari” spektakli” ssenariysini o‘zgartirishni so‘rab IIB va Milliy gvardiyaga murojaat qilganini Ozodlikka izohlamadi.

“Raisni o‘zlaridan so‘raysiz, u kishi bugun yo‘qlar”, - dedi uyushmaning Ozodlik suhbatlashgan xodimi.

O‘zbekiston Teatr Arboblari uyushmasi dastlab 1945-yil tashkil topgan bo‘lib, faoliyati davomida bir necha marotaba nomi o‘zgargan..

Uyushma bir muddat “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi qoshida faoliyat yuritdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilgi hukumat selektor yig‘ilishida bergan topshirig‘i asosida Teatr Arboblari uyushmasi qayta tashkil etildi. Yoqub Ahmedov unga rais etib tayinlandi.

“Tolibonparastlar sevmaydigan maskan”

“Ilhom” teatrida “Yerosti qizlari”ni tomosha qilgan o‘zbekistonlik bloger Diora Ozodlik bilan suhbatda spektakl haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Men spektakl premyerasiga bordim. Asosan hurfikrli insonlar, xalqaro tashkilot va dipkorpus vakillari bor edi. Tolibonparast, stalinparastlar boradigan joy emas u yer. Spektaklda diniy radikallar jig‘iga tegadigan jihatlar juda ko‘p u yerda. Tolibon deyilmagan, lekin voqea Tolibon Afg‘onistonida ekanini tushunib olasiz. Erkin ayol bilan burqadagi ayol hayoti qiyoslanadi. Burqa huddi qamoqxona libosi kabi taqdim etiladi spektaklda. Bizni o‘zimizdagi xolatlarga ham namyoklar bor ".

"Ilhom" teatri 1976-yilda "Yosh teatrlarning eksperimental studiyasi" nomi bilan tuzilgan bo‘lib, Sovet Ittifoqi hududida hukumatga tegishli bo‘lmagan ilk mustaqil teatrlardan biri bo‘lgan.

Uning asoschisi va badiiy rahbari Mark Vayl 2007-yilda diniy radikallar tarafidan o‘ldirib ketilishi ortidan, teatr "Mark Vaylning "Ilhom" teatri" deb nomlandi.

Vayl 2007-yilda Toshkentda pichoqlab ketildi.

U teatrda "Podrajaniye Koranu" ("Qur’onga taqlid") spektaklini sahnalashtirgani uchun diniy radikallar nafratiga nishon bo‘lgani, shu spektakl uchun o‘ldirib ketilgani iddao qilinadi.

O‘zbekistondagi o‘ziga xos madaniyat va hurfikrlilik markazi bo‘lgan teatr xalqaro festivallarda O‘zbekiston san’atini taqdim qilib keladi.

2018-yilda Ilhom teatri Rossiyada taqiqlangani ortidan tilga tushgan “Stalinning o‘limi” (The Death of Stalin) filmini namoyish etgani uchun ogohlantirish oldi.

O‘tgan yili esa Toshkentdagi Shodlik Palace mehmonxonasini xususiylashtirib olgan Ofelos Plaza kompaniyasi binoni bo‘shatib qo‘yishni talab qilib chiqishi ortidan “Ilhom” teatri yopilish xavfi ostida qolgandi.

XS
SM
MD
LG