Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Ilon Mask SpaceX qarorgohini Texasga ko‘chirmoqchi


Ilon Mask
Ilon Mask

SpaceX asoschisi Ilon Mask shirkat qarorgohi Kaliforniya shtatidan Texasga ko‘chirilishini ma’lum qildi. Bunga milliarder, jumladan, mahalliy maktablarga o‘quvchi o‘zini transgender shaxs deb identifikatsiya qilishini uning ota-onasiga bildirishni taqiqlovchi qonun sabab bo‘lganini aytgan.

Bu so‘nggi tomchi bo‘ldi. Bu qonun hamda oila va shirkatlarga qarshi qaratilgan undan avvalgi ko‘plab boshqa qonunlar tufayli SpaceX o‘z qarorgohini Kaliforniyadagi Hotorn shahridan Texasdagi Starbeyzga ko‘chiradi”, deb yozgan Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bu yozuvni milliarder boshqa bir foydalanuvchining 15-iyul kuni Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom yangi qonunni imzolagani to‘g‘risidagi postiga javoban qoldirgan.

Farzandlaringizni davlat maktablaridan chiqarib oling”, deya izoh qoldirgan foydalanuvchi mazkur hujjat haqida.

Ilon Maks so‘nggi marta qarorgohini “ko‘chirgan”ida pirovardida Tesla Kaliforniya bo‘ylab kengaygan va hatto Global Engineering & AI qarorgohini Kaliforniyaga ko‘chirgan edi”, deya javob bergan Nyusomning matbuot xizmati SpaceX asoschisining postiga.

Kaliforniya o‘quvchilarning ota-onalariga ularning jinsiy oriyentatsiyasi yoki jinsini almashtirish niyatidan xabardor qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilgan AQSHdagi shtatlardan birinchisi bo‘ldi. Qonun tarafdorlari iddaosicha, hujjat o‘quvchilarning shaxsiy siri maxfiy qolishiga yordam beradi hamda o‘qituvchilarning ota-onalar bilan bolalar o‘rtasidagi munosabatga aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Avvalroq maktablar oilalarni o‘quvchilarning jinsiy identifikatsiyasi haqida ogohlantirishi lozim bo‘lgan.

Qonun qabul qilinganidan keyin Mask hujjat ota-onalar huquqini cheklaydi va bolalarga daf qilib bo‘lmas zarar yetkazadi, deb yozgan.

SpaceX shirkatining bir necha yildan buyon Texas shtatida shu’basi, sinov maydonchasi va Starlink terminallarini ishlab chiqarish bo‘yicha zavodi bor. Qarorgohini Texasga ko‘chirish rejalarini Mask yangi qonun qabul qilinmasidan avval ochiqlagandi. 2021-yil kuzida milliarder o‘ziga qarashli boshqa bir shirkat – Tesla qarorgohini Texasga ko‘chirgan edi. Tadbirkor o‘shanda bu qarorni shirkatni kengaytirish niyati bilan, xususan, Tesla Texasda ikkinchi yig‘ish zavodini qurayotgani bilan izohlagan.

CNBC telekanali qaydicha, Kaliforniyada daromad solig‘i stavkasi AQSHdagi eng yuqori stavka bo‘lib hisoblanadi, shuning uchun ham asosiy ofisning ko‘chirilishi Maskka milliardlab dollar mablag‘ni tejash imkonini beradi. Texas Qo‘shma Shtatlarda bunday soliq olinmaydigan yetti shtatning biridir.

XS
SM
MD
LG