O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) hisobotiga muvofiq, 2024-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatda davlat qarzi 40 milliard 199 million dollarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YIM) 35 foiziga teng.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qarzning 33,7 milliard dollari tashqi qarz, 6,5 milliard dollari esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
IMV qaydicha, O‘zbekiston xalqaro moliya tashkilotlari orasida eng ko‘p qarzni Jahon bankidan jalb qilgan bo‘lib, bu qarz miqdori 7,6 mlrd dollarga teng.
O‘zbekistonda davlat qarzi 2024-yil 1-yanvarida 34,93 milliard dollarni tashkil qilgandi. O‘tgan bir yil davomida qarz miqdori 5,3 milliard dollarga yoki 15 foizga oshgan.
Davlat byudjeti loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston bu yil qarz o‘laroq xorijdan 5,5 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishi mumkin.
Avvalroq Markaziy bank 2024-yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston tashqi qarzi 60 milliard dollardan oshgani, bundan davlat qarzi 32 milliard dollardan ko‘proqni, korporativ tashqi qarz esa 27,7 milliard dollarni tashkil etishi haqida hisobot e’lon qilgan edi.