Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi B.A. inson a’zolari oldi-sotdisida ayblanib, jinoiy jazoga tortildi, deya xabar qildi “Kun.uz” nashri.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 21 yoshli talaba “mo‘may daromad orttirish maqsadida” ijtimoiy tarmoqlarga inson a’zolarini sotib olishi haqida e’lon joylashtirgan. U buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollar deb baholagan.
Ushbu e’londan so‘ng a’zolarini sotmoqchi bo‘lganlar u bilan bog‘langan. Talaba murojaatchilardan biriga uning bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini, ko‘chirib o‘tkazish Germaniyada amalga oshirilishini, buning uchun oldindan 350 dollar to‘lashi kerakligini aytgan. Talaba ushbu pulni olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Ayblanuvchi sudda bu ishni muhtojlik vajidan qilgani, Germaniyada hech qanday tanishi yo‘qligini aytgan.
Sud hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a’zolarining yoki to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybdor deb topilgan va unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Postsovet o‘lkalarida so‘nggi yillarda odam organlari savdosi kengayayotgani kuzatilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonda odam tana a’zolarini xorijdagi donorlarga kontrabanda qiluvchi jinoiy guruhlarning borligi Buxoroni titratgan “odamxo‘r Qorayevlar ishi”dan so‘ng ma’lum bo‘lgan.