Germaniyadagi 13 ta eng yirik aeroport 10-mart kuni o‘z ishini bir sutkaga to‘xtatib qo‘ydi. Xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarining Ver.di birlashgan kasaba uyushmasi qaydicha, ish tashlash shartlari shunday bo‘lgan. Dushanba kuni aeroportlarga yerda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ishga chiqishmagan − ularning mehnatiga davlat sektori tariflariga ko‘ra haq to‘lanadi.
Ish tashlash tufayli 3500 dan ziyod reys bekor qilingan. Shu kuni rejalangan parvozlar bilan 560 mingga yaqin yo‘lovchi ucholmay qolgan. Berlin, Myunxen, Shtutgart, Kyoln, Frankfurt, Dyusseldorf, Dortmund, Hannover, Bremen, Hamburg, Leypsig, Karlsrue va Dyusseldorf-Vetse aeroportlari uchoqlar uchishi va qo‘nishi uchun yopilgan. So‘nggi ikki aeroportda faqat aviatsiya xavfsizligi xizmati xodimlarigina ish tashlashgan.
Bu Ver.di tomonidan o‘tgan yil boshidan buyon transport sohasida o‘tkazilayotgan ish tashlashlarning navbatdagi raundi bo‘lib hisoblanadi. Kasaba uyushmasi ish haqi stavkasini 8 foizga ko‘tarishni talab qilmoqda, bunda ish haqi oyiga kamida 350 yevroga ko‘tarilishi, tungi vaqt, hordiq va bayram kunlaridagi ish uchun yanada yuqoriroq kompensatsiya to‘lanishi lozim. Amaliyotchilar va talabalar uchun kasaba uyushmasi stavkalarni oyiga 200 yevroga oshirishni talab qilyapti. Bundan tashqari, har oyda qo‘shimcha uch kun dam olish berilishi so‘ralmoqda.
Aviatsiya sohasi vakillari Ver.di tashkilotini ish tashlash huquqini suiiste’mol qilayotganlikda ayblashyapti, deb yozdi rbb mediashirkati. Germaniya aviatsiya sanoati federal kasaba uyushmasi prezidenti Yens Bishof muhim infratuzilma obyektlaridagi ish tashlashlar oldidan majburiy arbitraj ko‘zda tutilishi lozim bo‘lgan qonunni qabul qilishga chaqirgan. Mazkur uyushmaning bosh direktori Yoaxim Lang esa kasaba uyushmasiga ish tashlashlar tufayli nafaqat aeroportlar, balki aviashirkatlar hamda aeroportlardagi restoran, do‘kon va mehmonxonalar ham daromaddan mahrum bo‘layotgani, ish haqiga oid bahs-munozaralar esa “yo‘lovchilar hisobidan olib borilayotgani”ni eslatgan.
Ver.di vakillari, agar o‘z talablari bajarilmasa, Germaniyani yangi ish tashlashlar kutayotgani va bu faqatgina transport bilan bog‘liq bo‘lmasligini bildirgan. Hozirning o‘zida Germaniyaning ayrim shaharlarida bir paytning o‘zida bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari va chiqindi utilizatsiyasi xizmatlari xodimlari ish tashlash bilan tahdid qilishmoqda.