Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

Islom va Putinning ambitsiyalari. Rosgvardiya bilan hamkorlik muftiyatga nega kerak?


Rossiya bosh muftiysi Talgat Tajuddin va Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov.
Rossiya bosh muftiysi Talgat Tajuddin va Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov.

Rosgvardiyaning Shimoliy Kavkazdagi tuzilmalarida musulmonlar bilan ishlash bo‘yicha yordamchi lavozimi joriy etiladi. Kavkaz.Realii nashriga izoh bergan ekspertlarga ko‘ra, janubiy respublikalarga ta’siri o‘tmayotgan diniy boshqarma kuchishlatar idora yordami bilan Kavkazda o‘z mavqeini mustahkamlamoqchi.

Harbiy kapellanlar

May oyi oxirlarida Davlat Dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn Rosgvardiya bilan Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi (MMDB) o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangani, mazkur hujjatga binoan Rosgvardiya hududiy organlarida, jumladan Shimoliy Kavkazda muftiylar ish boshlashi haqida gapirgan edi. Shartnomaga Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov hamda bosh muftiy Talgat Tajuddin imzo chekishgan. Deputat “milliy gvardiya qo‘shinlarida qariyb 50 ming musulmon xizmat qilishi”ni urg‘ulagan, biroq axborot manbasini ko‘rsatmagan.

Xinshteyn keyinroq VK ijtimoiy tarmog‘ida masalaga aniqlik kiritib, hamkorlik natijasida “Rosgvardiya tizimida an’anaviy konfessiyalarni tamsil etuvchi harbiy kapellanlar paydo bo‘lgan”ini ma’lum qildi.

Strasburgdagi masjidning sobiq imomi va Yevropa chechenlari assotsiatsiyasining sobiq matbuot kotibi Shomil Albakov urushda kapellanlarning vazifasi ko‘p hollarda ramziy bo‘lib, diniy marosimlarni o‘tkazish va o‘liklarni yuvishdan iborat ekanini aytadi. Biroq u Markaziy diniy boshqarma imomlarining funksiyalari bu bilan cheklanib qolmasligiga amin: “Ular urushni – jihod, halok bo‘lgan harbiylarni esa shahidlar deya dinni buzib talqin etib, Putinning siyosiy ambitsiyalariga moslashtirishadi”, deydi Albakov.

Rosgvardiya ushbu kelishuvni tomonlarning “islom diniga e’tiqod qiluvchi harbiy xizmatchilar, Rosgvardiya xodimlari va ularning oila a’zolarining diniy bilimlarini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida va ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga qaratilgan hamkorligi” deb atadi.

Darvoqe, mart oyida Rosgvardiya patriarx Kirill timsolida Rossiya pravoslav cherkovi bilan hamkorlik shartnomasi imzolagan edi. O‘sha marosimda ishtirok etgan deputat Xinshteyn kuchishlatar idora musulmonlar, buddistlar va yahudiylar bilan ham xuddi shunaqa hujjatlar imzolashni rejalayotganini aytgan.

O‘shandan beri xristianlar bilan kelishuv doirasida biron ish qilingani ma’lum emas. Buddistlar va yahudiylar bilan esa shartnomalar imzolanganicha yo‘q.

Kavkaz.Realii tahririyati MMDBning Ufadagi bosh ofisiga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi, ammo, kotibning aytishicha, har gal ushbu xabarga izoh bera oladigan xodim ish joyida bo‘lmadi. Elektron pochta orqali yo‘llangan savollarga hanuz javob berilgani yo‘q. Deputat Xinshteynga yuborilgan savollar ham javobsiz qolayotir.

Kavkazga ta’sir o‘tkazish uchun diniy kurash?

Tahririyat izoh so‘ragan ekspertlarning qat’iy fikricha, Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi Shimoliy Kavkazda katta ta’sir kuchiga ega emas. Masalan, MMDBning mintaqadagi vakillaridan biri bo‘lmish Ahmed Sagov muftiyatning Ingushetiyadagi vakolatxonasini boshqaradi. 2020-yilda u “Markaz ingush ummatining ma’naviy birligini saqlash uchun ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazadi”, deb va’da bergan edi.

Amalda esa Sagov diniy jabhadagi ishlar bilan emas, Ramzan Qodirov muxolifatchi Yangulboyevlarga qarshi 2022-yilda tashkil qilgan mitinglarda nutq so‘zlagani bilan “shuhrat qozondi”. Shu voqeadan so‘ng Ingushetiyada ayrimlar uni xalq nomidan gapirmaslikka chaqirishgandi. 2023-yilda Sagov Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotgan Kuban kazaklar qo‘shini vakillariga sovg‘a-salom olib borgani ham gap-so‘z bo‘lgan edi. U Rosgvardiya bilan muftiyatning hamkorlik tashabbusida ishtirok etadimi, yo‘qmi – hozircha noma’lum.

Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi Rostov viloyatini “monopoliya” qilib olgan, deydi ismi sir tutilishini xohlagan islomshunos olim.

“Siz bilan biz bilamizki, Rostov-Don – janub va Kavkazning harbiy ma’nodagi eng asosiy shahridir. MMDBning harbi qismlar uchun hamkor sifatida tanlanishiga shu tufayli bo‘lsa kerak”, deydi ekspert.

OzodNazar: Мирзиёев Путиннинг “пиёда аскари”ни нега элдан бурун ҳайит билан табриклади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:32:50 0:00

Biroq, deydi suhbatdoshimiz, hatto Rostov shu’basi ham Shimoliy Kavkazga ta’sir o‘tkaza olmaydi, chunki “barcha respublikalarning o‘z muftiyati bor va ular kuchli”.

“Ular joylardagi harbiy qismlarda o‘rnashib, mahalliy diniy arboblar bilan til topishishga harakat qilishadi, chamasi. Bu ishlar Shimoliy Kavkazda markaziy muftiyatning obro‘sini oshirish uchun qilinyapti deb o‘ylayman”, fikr bildiradi islomshunos.

Kavkaz.Realii olimning taxminlarini tasdiqlashi yoki rad etishi uchun muftiyatning Rostov viloyati shu’basi rahbari Muhammed Bikmayevga murojaat qildi. Ammo u savollarni markaziy ofisga yo‘llashni maslahat berib, aloqani uzdi.

Siyosatshnos Ruslan Aysin ham MMDB o‘z ta’sir doirasini Shimoliy Kavkazga tomon kengaytirishga urinyapti, deb hisoblaydi. Ekspertimiz fikricha, muftiyatlar orasida eng qadimiysi bo‘lgani uchun Rosgvardiya aynan uni tanlagan.

“MMDB konservativ tashkilot bo‘lib, Yekaterina II davridan beri mavjud. To‘g‘rirog‘i, u o‘zini Yekaterina II tuzgan Orenburg muhammadiylar diniy kengashining to‘g‘ridan to‘g‘ri vorisi deb hisoblaydi. Menimcha, boshqarma shimoliy Kavkazda Dog‘iston diniy idorasi bilan raqobatlashsa kerak. Checheniston va Dog‘iston muftiyatlari kuchishlatar tuzilmalar bilan faol aloqa bog‘lamoqda, urush bo‘layotganini o‘ylab MMDB ham kuchishlatar idoralardan tayanchi bo‘lishini xohlayapti”, deydi Aysin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya muftiyatlari yagona tuzilmaga birlashmagan va alohida-alohida faoliyat yuritadi. Musulmonlarning federal ahamiyatga ega bir nechta diniy boshqarmalari mavjud.

Ismi ochiqlanishini istamagan islomshunos olim bunday “diniy xilma-xillik” islomga xos jihat ekanini ta’kidlaydi. Biroq, siyosatshunos Ruslan Aysin fikricha, Rossiya pravoslav cherkovi yoki Rossiya yahudiylar kongressi kabi yagona hokimiyat vertikali shakllangan diniy tuzilmalardan farqli o‘laroq, Kreml ularga siyosatning haqiqiy subyektlari deb qaramaydi.

Putinga eng sodiq muftiy

Kavkaz.Realii so‘zlashgan ekspertlar bir fikrda yakdil: Rossiyadagi barcha muftiyatlar hukumatga xayrixoh, jumladan urush masalasida ham uni qo‘llab-quvvatlashadi. Biroq, xristian konfessiyalari orasida urushga qarshi ruhoniylar unda-munda uchrab tursa-da, ochiqcha urushga qarshi kayfiyatli imom Rossiyada qolmagan.

Ayni chog‘da Aysinga ko‘ra, Tajuddin boshliq muftiyat hukumatga boshqalardan ko‘ra sadoqatliroq. “Ular imperiya davridan beri ishlab kelishayotgani uchun islomga asosan imperiyachi Rossiya ko‘zi bilan qarashga o‘rganib qolishgan”, deydi siyosatshunos.

Talgat Tajuddin hukumatga juda yaqinligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Putinning diniy tashkilotlar arboblari bilan uchrashuvlarida musulmonlar ummatini doim u tamsil qilib keladi.

Sobiq imom Shomil Albakov MMDB muftiylari harbiy kapellan rolidan bosh torta olmasliklarini aytadi.

“Hech kim muxolifatga o‘tib olmaydi. Tizimdagi muftiylar hech nima qila olishmaydi, g‘ing demay bajarishadi. Ha, bu urushda qatnashish gunoh va islomga tamomila zid. Lekin muftiylar islomni buzib talqin qilaverib o‘rganib qolishgan. Xullas, ulardan patsifizmni kutmang”, xulosa qiladi Albakov.

Eslatib o‘tamiz, Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqinni jihod, ya’ni muqaddas urush deb atagan odam Checheniston rahbari Ramzan Qodirovdir. Checheniston muftiysi Salah Mejiyev esa Ukrainadagi urushda o‘lgan musulmonlar shahid maqomini oladi, degan edi.

2023-yildan boshlab Checheniston imomlari Gudermesdagi Rossiya “spesnaz” universitetida harbiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

XS
SM
MD
LG