Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:21

Ispaniyada toshqin qurbonlari soni 158 nafarga yetdi


Ispaniyada toshqin oqibatida halok bo‘lganlar soni 158 nafarga yetdi, deya xabar qildi El País nashri rasmiylar ma’lumotiga tayangan holda.

Mamlakat janubidagi Valensiya viloyatida 155 kishi, Kastiliya-La-Mancha va Andalusiyada bir nafardan kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi qayerda o‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Valensiya shahri yaqinidagi 25 ming kishi yashovchi Payportada 40 nafar turg‘un halok bo‘lgan. Rasmiylar tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlar aholisiga uylarini tark etmaslikni tavsiya qilgan.

Qutqaruv amaliyoti davom etmoqda, qator shaharlarda, tezkor xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, hali ham suv sathi baland. Joylarda marodyorlik holatlari kuzatilmoqda, prokuratura gumonlanuvchilarni hibsga olishni so‘ragan. Avtomobillar harakati uchun 150 dan ziyod yo‘l yopilgan.

Ispaniyada daryolar toshishiga 29-oktyabr kuni mamlakatga yopirilgan “Dana” to‘foni sabab bo‘lgan. Mahalliy faollar rasmiylarni vaziyatni izga sololmayotganlikda ayblashmoqda. Jamoat tashkilotlari va kasaba uyushmalari 9-noyabr kuni Valensiyada norozilik aksiyasi o‘tkazishmoqchi. Tashkilotchilar iddaosiga ko‘ra, mintaqa rasmiylari to‘fon bilan kurashni o‘ta kech boshlashgan, bu esa qurbonlar soni bu qadar ko‘p bo‘lishining sabablaridan biridir.

Valensiya viloyatining Alfafar shaharchasi meri Xuan Ramon mintaqa rasmiylari ham, markaziy hokimiyat ham shaharchaga sezilarli yordam bermayotganini, shu sababli mahalliy turg‘unlarning bir qismi uylarida qurbonlarning jasadlari bilan birga tunashga majbur bo‘layotganini bildirgan.

Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga milliy gvardiya va harbiylar jalb qilingan. Ispaniyada uch kunlik motam e’lon qilingan. Ispaniya qiroli Filipp VI X ijtimoiy tarmog‘ida to‘fon qurbonlari yaqinlariga ta’ziya izhor etib, toshqin ko‘lamidan dahshatga tushganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG