Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Isroil armiyasi Filadelfiya yo‘lagini o‘z nazorati ostiga oldi


Misr bilan G‘azo sektori o‘rtasidagi chegara (arxiv surati)
Misr bilan G‘azo sektori o‘rtasidagi chegara (arxiv surati)

Isroil armiyasi G‘azo sektor bilan Misr chegarasidagi 14 kilometrlik qalqon hudud bo‘lmish Filadelfiya yo‘lagini o‘z nazorati ostiga olgan. Bu haqda 29-may oqshomida Isroil nashrlari harbiylardan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishdi.

Qalqon hududi tomonda isroillik askarlar G‘azo va Misr o‘rtasidagi 20 ta tunnel hamda AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan HAMAS guruhi jangchilari tomonidan foydalanilgan 80 dan ziyod yerosti yo‘lini topishgan. Isroillik harbiylar bu yerosti yo‘llari orqali Misrdan G‘azoga jihodchilar uchun qurol-aslaha yetkazib berib turilganini iddao qilishmoqda.

Isroil Oslodagi kelishuvdan keyin 1995-yildan boshlab Filadelfiya yo‘lagini nazorat qila boshlagan va bu nazorat isroillik harbiylarning 2005-yili G‘azo sektoriga butunlay chiqib ketguniga qadar davom etgan. O‘sha paytda Isroil armiyasi chegaraning Misr tarafidan nazoratini misrliklarga, Falastin muxtoriyati tomonidan nazoratni esa falastinliklarga topshirgan edi.

Falastin muxtoriyati chegarani hokimiyat tepasiga HAMAS guruhi kelgan 2007-yilga qadar nazorat qilib kelgan.

Isroil G‘azodagi harbiy amaliyot doirasida Filadelfiya yo‘lagini o‘z nazoratiga olishga qaror qilgani joriy yil boshida ma’lum bo‘lgan edi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘sha paytda, agar isroilliklar Misr bilan G‘azo o‘rtasidagi chegarani nazorat qilmaydigan bo‘lsa, HAMAS bilan urushni yakunlay olmasligini bildirgan. The Wall Street Journal nashri bunga oid qaror ko‘proq Isroil tomonining Qohira bilan muzokaralariga bog‘liq ekani haqida yozgan.

Filadelfiya yo‘lagi G‘azo janubidagi Rafah shahri orqali o‘tadi. Isroil armiyasi Rafah markaziga kirib borgani haqida 28-may kuni ma’lum bo‘lgan edi. Rafahliklar Isroil harbiylari tunda “shaharni tanklardan o‘qqa tutib, havo zarbalari bergani”ni aytishgan.

Isroil armiyasi tomonidan 27-mayga o‘tar kechasi Rafahga berilgan zarba chog‘ida, HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 45 kishi qurbon bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.

Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti HAMAS vakillari o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujum qilib, 1200 dan ziyod tinch aholi vakilini o‘ldirgani, 250 dan ziyod kishini garovga olgani ortidan boshlagan.

Isroil Rafahni “jihodchilarning so‘nggi tayanch nuqtasi” deb hisoblaydi.Politico nashrining yozishicha, AQSH razvedkasi amaliyot boshidan buyon HAMAS o‘z shaxsiy tarkibining 30-35 foizini yo‘qotdi, deb hisoblaydi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning sektordagi harbiy amaliyoti chog‘ida 36 mingdan ziyod tinch aholi vakili nobud bo‘lgani, 80 mingdan ziyod kishi tan jahorati olganini bildirgan. Urush sharoitida bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q.

XS
SM
MD
LG