Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:18

Isroil G‘azoga “o‘lim payg‘omi” yo‘llashda davom etmoqda


Dushanba kuni Isroil harbiy uchoqlari G‘azo shahrini bombardimon qilishda davom etdi. Bu haqda “Assoshieyted Press” agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu “Hamas” guruhiga qarshi zarbalar to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan edi.

Dushanba kuni amalga oshirilgan shiddatli hujumlar 10 daqiqa davom etgan. Yakshanba kungi hujumlarda 42 nafar falastinlik halok bo‘lgan edi.

Isroil harbiylari G‘azo bo‘ylab to‘qqiz nafar “Hamas” qo‘mondoni uyiga hujum qilganini bildirdi. Bugun amalga oshirilgan hujumlarda necha odam jabr ko‘rgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Isroil G‘azo g‘arbidagi asosiy yo‘l, xavfsizlik xizmatlari binolari va ochiq hududlarni nishonga olgan. Elektr energiyasini taqsimlovchi shirkat havo hujumlari natijasida G‘azo shahrining asosiy hududlariga elektr yetkazuvchi tarmoq zarar ko‘rganini bildirdi.

Yakshanba kuni Netanyahu televideniye orqali murojaatida Isroil hujumlari to‘liq kuch bilan davom etayotgani va ushbu jarayon vaqt talab qilishini aytgan.

“Hamas” guruhi ham hujumni davom ettirdi va G‘azodan Isroilning tinch aholi yashaydigan hududlariga raketa otdi.

Yakshanba kuni Isroil armiyasi tushdan keyin besh daqiqa ichida uch imoratni vayronaga aylantirdi.

Isroil va “Hamas” o‘rtasida so‘nggi marta 2014 - yilda sodir bo‘lgan urushdan beri eng shiddatli to‘qnashuvlar kechmoqda.

G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi Isroil hujumlari oqibatida nobud bo‘lganlar orasida 16 nafar ayol va 10 nafar yosh bola borligi, yana 50 odam jarohat olganini ma’lum qildi.

Isroil armiyasi matbuot kotibi zarbalar “Hamas”ning yerosti harbiy infratuzilmasiga qaratilganini ta’kidladi.

“Hujum natijasida yerosti inshooti qulab tushdi, natijada uning ustidagi fuqarolar uylari poydevori ham qulab, kutilmagan yo‘qotishlarga olib keldi”, deyiladi armiya bayonotida.

Nobud bo‘lganlar orasida “Shifo” kasalxonasining ichki kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Ayman Abu al-O‘f va shifoxonaning koronavirusni boshqarish qo‘mitasi a’zosi ham bor. Abu al-O‘fning ikki o‘spirin farzandi va ikki oila a’zosi ham vayronalar ostida qolgan.

G‘azo sektorining zaif sog‘liqni saqlash tizimi Isroil hujumlari arafasida koronavirusga chalinganlar soni ko‘paya boshlagani sabab mushkul ahvolga tushib qolgan edi.

Havo zarbalari natijasida G‘azo shahridagi eng baland binolar yer bilan yakson etildi. Isroil ushbu binolarda “Hamas” harbiy infratuzilmasi bo‘lganini iddao qilmoqda.

Vayron etilgan binolar orasida “Assoshieyted Press” agentligining G‘azo ofisi va boshqa ommaviy axborot vositalari joylashgan bino ham bor.

“Assoshieyted Press” vitse-prezidenti Salli Bazbi agentlik binosining vayron qilinishi bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazishga chorladi.

Bosh vazir Netanyahu imorat ichida “Hamas” harbiy razvedkasi ish olib borganini iddao qildi. U barcha dalillar razvedka kanallari orqali ulashilishini aytdi. Ammo hozircha na Oq uy, na AQSh Davlat departamenti Isroildan bunday dalil olganini tasdiqladi.

S.Bazbi Isroilni barcha dalillarni taqdim etishga chaqirdi. Ayni paytda, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti xalqaro jinoyat sudidan Isroil tomonidan ommaviy axborot vositalari ofislari nishonga olinganini urush jinoyati o‘laroq tergov qilishni so‘radi.

Isroil tomonidan G‘azoga yo‘llangan “o‘lim payg‘omi” – aviazarbalar oqibatida kamida 188 nafar falastinlik, shu jumladan, 55 nafar bola va 33 nafar ayol halok bo‘lgan, 1230 kishi yaralangan. G‘azodan uchirilgan 3100 raketa hujumidan esa Isroilda 8 kishi, shu jumladan, 5 yoshli bola va bir askar halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG