Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:26

Jadidlarning qaytishi: Hukmron elita qatag‘on qilingan ziyolilarni nega eslab qoldi?


O‘zbekistonda suratga olingan "Armon" hujjatli filmidan kadr.
O‘zbekistonda suratga olingan "Armon" hujjatli filmidan kadr.

Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati O‘zbekiston va Qozog‘istonda sovetlar boshqaruvining ilk davrida qatag‘on qilingan islohotchilar xotirasi hujjatli filmlar, teleseriallar va yuqori darajadagi anjumanlar orqali xotirlanmoqda.

Biroq hukmron avtoritar elita uchun bu ziyolilarning ulug‘lanishi ikki tig‘li qilichdek tuyuladi.

Bu qisman, tarixga nihoyatda nozik masaladek qaraydigan Moskvaning Stalin qatag‘oniga nisbatan juda sezgir bo‘lgani bilan bog‘liq.

Ammo Markaziy Osiyodagi avtoritar rejimlarning o‘tmishni “nazorat” qilishni istashining o‘z sabablari bor.

Jadidlar va "Yangi O‘zbekiston"

O‘zbekistonda 20-asr boshida paydo bo‘lgan musulmon ziyolilari harakati – jadidlarga e’tibor ancha kuchaydi.

Ko‘pchilik jadidlarni nafaqat uzoqni ko‘rgan ziyolilar, balki bugungi kun uchun namuna deb biladi, shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ularni esga olishni yaxshi ko‘rsa, ajabmas.

So‘nggi bir necha oyda jadidchilik harakati va ularning g‘oyalari prezident ma’ruzalarida, hujjatli filmda hamda Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi va bosh yordamchisi Saida Mirziyoyevaning nutqida alohida olqishlandi.

“Jadidlar g‘oyalari, orzu-istaklari Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatda o‘z ifodasini topdi, desak xato bo‘lmaydi», – dedi Mirziyoyeva 11- dekabr kuni “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi konferensiyada mahalliy va xorijlik olimlar oldida.

OzodNazar: Мирзиёев жадидларни ёрдамга чақирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:38:54 0:00

Prezidentning o‘zi 22-dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida “Yangi O‘zbekiston” brendini jadidchilar g‘oyalari bilan qiyoslagan edi.

Ba’zan o‘zini neojadidlar deb ataydigan bugungi faollarning hammasi ham bunday g‘oyalarni qo‘llayvermaydi.

Qozog‘istonda o‘sha davrdagi «Alash» milliy harakati so‘nggi paytlarda estrada madaniyatida yanada ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.

Haqiqatan ham o‘tgan yil ikkinchi yarmida ekranga chiqqan, harakatning muhim arboblari hayoti va davri haqida hikoya qiluvchi “Mirjaqip, Oyan, Qazaq!” filmi shu qadar ommalashdiki, rasmiylar uchun ham bu kutilmagan bo‘ldi.

Kinoteatrlar uni oktabr oyi boshida namoyish qilishni to‘xtatganda, jamoatchilik norozilik bildirdi.

"Bunday qiziqish bo‘ladi deb o‘ylamagan edik. Tomoshabin qiziqishi katta bo‘lgani uchun uni yana bir haftaga uzaytirdik", deya tushuntirdi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva.

Balayeva film namoyishi faqat belgilangan tartibda to‘xtatilganini ta’kidlab, uni hali ham onlayn tomosha qilish mumkinligini aytdi.

Ammo tasodifmi yoki yo‘q, Semey shahrida filmni ko‘rgan bir faol film tugagandan so‘ng kinozalda nutq so‘zlagach, film namoyishlari darhol to‘xtatildi.

Eldos Do‘sanov «Alash» harakati a’zolari va zamonaviy faollar boshiga tushayotgan repressiyalar o‘rtasida o‘xshashlik borligiga ishora qilib, qozog‘istonliklarni “tarix takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirdi.

Oradan bir oy o‘tib, Do‘sanov odamlarni ruxsat etilmagan namoyishlarga chaqirishda ayblanib, ma’muriy qamoqqa tashlandi.

Millat quruvchilari

“Alash”dan farqli ravishda jadidlarni sof milliy harakat deb tasniflash qiyin.

Harakat asoschisi qrim-tatar ziyolisi Ismoil G‘aspirali bo‘lib, u o‘sha davrning boshqa panturkistik harakatlaridan ta’sirlangan edi.

Ammo hozir O‘zbekistonni tashkil etuvchi hudud XX asr boshlarida jadidchilik faoliyatining muhim markaziga aylangandi.

Jadidlar uchun jamiyatni, jumladan, islomiy madrasalar hukmron bo‘lgan mamlakatdagi ta’limni modernizatsiya qilish kunning ustuvor masalasi edi.

Bir necha asrlar ilgari Buxoro, Samarqand kabi shaharlar islom olamining markazlari hisoblangan.

Ammo global bilim va boylik almashinuviga yordam bergan Ipak yo‘li dengiz yo‘li rivojlanishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘ydi.

19-asrning oxiriga kelib, mintaqa Rossiya imperiyasining bilvosita nazorati ostida edi, bu esa Buxoroning so‘nggi amiri Muhammad Olimxon kabi hukmdorlarga Rossiya protektorati ostida mamlakatni boshqarishga imkon berdi.

Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxon kabi toshkentlik jadidlar maktablar qurdirdilar, bu esa ularni diniy konservatorlar bilan qarama qarshi qilib qo‘ydi. Gazetalar chiqardilar. Ularni Chor hukumati yopishdan charchamasdi.

Eng yomoni bolsheviklar hukmronligi ostida bo‘ldi. Munavvarqori 1920-yillar oxiri va 1930-yillarda Sovet rahbari Iosif Stalinning qonli tozalashlari paytida hibsga olingan va qatl etilgan ko‘plab jadidchilardan biri edi.

Qatag‘on qilingan «Alash» yetakchilari va boshqa ko‘plab dissidentlar singari, jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan a’zolari ham 1980-yillar oxirida Mixail Gorbachyovning «Oshkoralik» siyosati sharofati bilan reabilitatsiya qilindi.

Ammo 2016-yildan beri hokimiyatda turgan avtoritar prezident Mirziyoyev o‘zini ana shu qatag‘onga uchraganlar bilan bog‘lagan Markaziy Osiyodagi ilk yetakchi bo‘ldi.

Hozircha bu sa’y-harakatlarning cho‘qqisi “Blue White and Green Production” tomonidan suratga olingan «Armon» filmidir. Ushbu studiya Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovga aloqadorligi aytiladi.

Noyabr oyida chiqqan filmni ayrim neojadidlar tanqid qilib, hukumat jadidlarni o‘ziga moslamoqda va uning islomiy o‘ziga xosligini kamaytirishga harakat qilmoqda, dedilar.

Jumladan, iqtisodchi tahlilchi, jadidlar muxlisi Jamshid Muslimov hujjatli filmda podsho Nikolay II ning Markaziy Osiyodagi modernizatsiya sababchisi sifatida ko‘rsatilishini “butunlay noto‘g‘ri talqin” deb atadi.

“[Hujjatli film] jadidlarning Stalin davrida qatag‘on qilinishini davr taqozosi bo‘lgandek ko‘rsatgan, ya’ni ularning mustaqillik va davlat qurish istaklari sababli yo‘q qilingani e’tibordan chetda qolgan”, deydi Muslimov.

'Alash davri ham keladi'

Filmning o‘zbek rejimi bilan yaqqol aloqasi borligini hisobga olsak, Moskva ma’lum darajada toqat qilayotganini taxmin qilish mumkin.

Bugungi Kreml Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham asosiy hamkordir va ayni damda u Rossiyaning kommunizm yoki chorizm davridagi zulmlari haqidagi gaplarga ham nihoyatda sezgir qaraydi.

2019-yilda, hatto eng konservativ hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 milliondan ortiq qozog‘istonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan 1930-yillardagi ocharchilik haqidagi mustaqil qozoq hujjatli filmi chiqqanidan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “millatchilik tarafdorlarini” ayblab, norozilik bildirdi.

"SSSR xalqlari uchun umumiy fojiani aholining ayrim guruhlarini irqiy, milliy yoki diniy sabablarga ko‘ra qasddan "yo‘q qilish" deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q va bu, yumshoq qilib aytganda, rusiyzabon aholisi ko‘p bo‘lgan do‘st mamlakatlarda ruslarga qarshi kayfiyat va millatlararo nafratni qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan provokatsiyadir”, deya g‘azabini izhor qildi vazirlik.

“Душман”га чиқарилган ёш олимлар. Жадидлар ҳақида янги маълумотлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:34:47 0:00

O‘tgan yilning kuzida qozoq kinoteatrlarida namoyish etilgan “Alash” harakati haqidagi filmda ochiqdan-ochiq hukumatga qarshi yoki o‘ta aksilrusiy narsa yo‘q edi.

Filmning “Mirjaqip, Oyan, Qazaklar!” nomi ham 1909-yilda chor hukumati tomonidan taqiqlangan Alash shoiri Mirjaqip Dulatulining shu nomdagi kitobidan olingan.

Keyinchalik Dulatuli Rossiya fuqarolar urushi davrida tuzilgan Alash O‘rda hukumati (Alash muxtoriyati) tarkibiga kirdi.

Film dastlab Qozog‘iston davlat telekompaniyasi tomonidan serial sifatida namoyish etilgan bo‘lsa, keyinchalik kinoteatrlar uchun to‘liq metrajli film sifatida ko‘rsatilgan.

Shunga qaramay, Olmaotalik tarixchi Xangeldi Abjanovga ko‘ra, harakatning har qanday tasviri zamonaviy qozoq rasmiylariga noqulay paralelliklarni keltirib chiqaradi.

“Alash ko‘proq parlament boshqaruvi uchun edi. Bugun bizda super-prezident respublikasi”, dedi u «Ozodlik» radiosiga.

“Alash dunyoning eng rivojlangan davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirishni xohlardi. Lekin hukumatimiz ko‘proq postsovet mamlakatlariga e’tibor qaratgan. Nihoyat, «Alash» birinchi navbatda qozoq ustuvorligi, qozoq manfaatlaridan kelib chiqqan va hozirgi amaldorlarimizning ko‘pchiligi ruscha o‘ylaydi va Qozog‘istonni Rossiyaga yaqinroq ko‘rishni istaydi”, deydi u.

Shunga qaramay, Qozog‘iston rasmiylari Alashni og‘zaki bo‘lsa ham qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Prezident Qasim-Jomart Toqayev 2021-yilda Alixon Bokeyxon va u bosh vazir bo‘lgan Alash hukumati Qozog‘istonga “davlatchilik namunasi” ko‘rsatdi degan edi.

2017-yilda Alash hukumati tashkil topganining 100 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda Toqayevning o‘tmishdoshi Nursulton Nazarboyev yanada jo‘shqinroq gapirdi.

«Alash» harakatining jonkuyar g‘oyalari ajdodlarimizning suveren davlat, erk yo‘lidagi ko‘rsatmalaridir. O‘sha davrdagi erk va istiqlol haqidagi orzulari bugun ushaldi. Bizning avlod bunga erishdi”, dedi u.

Abjanov bunday bayonotlarning samimiyligiga shubha qiladi.

“Qozog‘iston hukumati qozoq xalqi orasida juda mashhur va hurmatli bo‘lgan Alashga hurmat ko‘rsatmasa, o‘zini jazolagan bo‘ladi”, dedi Abjanov.

"Alash qaysidir ma’noda soyada qolmoqda, – deb qo‘shimcha qildi tarixchi. – Ammo Alashning vaqti yana keladi."

XS
SM
MD
LG