Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:14

Jalolobod davlat universitetida tahsil oluvchi yuzdan ortiq talaba o‘qishdan haydaldi


O‘shda taxsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar. Illyustratsiya uchun arxivdan olingan fotosurat.
O‘shda taxsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar. Illyustratsiya uchun arxivdan olingan fotosurat.

Qirg‘izistonning Jalolobod davlat universiteti Tibbiyot fakultetida tahsil olayotgan yuzdan ortiq o‘zbekistonlik talaba o‘qishdan chetlatildi. Universitet rahbariyati bunga talabalarning ko‘p dars qoldirgani sabab ekanini aytmoqda. Biroq ba’zi talabalar bu holatni “pul undirish usuli” deb baholamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Jalolobod davlat universiteti Tibbiyot fakultetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning norozilik bildirayotgan yig‘ini tasvirlangan video tarqaldi. Unda talaba qizlardan biri universitet rahbariyatiga quydagicha murojaat qilgan:

“Dekanga borsak tinglamaydi, bu ham odam demaydi. Bizni odam o‘rnida ko‘rmaydi. “Men medvuzda o‘qiganlaringni bilib turib, hammangni otchisleniya qilyapman”, deydi. Birinchi kursdan beri o‘qiymiz, anatomiya o‘qitilmagan, fundament anatomiya. Anatomiyani bilmay qanaqa vrach bo‘lamiz. Davolashni ham O‘zbekistonga praktikaga borib o‘rgandim. Darslardan hech nima o‘rganmadik Sentabrdan beri korrupsiya. Pul bersang o‘qishda qolasan, puli yo‘qlar haydaladi. Biz nima qilishimiz kerak?”, - deydi talaba qizlardan biri.

Videoda yig‘inning boshqa ko‘plab ishtirokchilari talaba qizning so‘zlarini qarsak bilan quvvatlashgani aks etgan.

Ismi-sharifini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka intervyu bergan o‘zbekistonlik boshqa talabalar, oliygohda horijlik talabalarga ko‘p hollarda pul evaziga baho qo‘yilishini aytshgan. Ba’zilar esa, “o‘qituvchilar pul oladi” degan so‘zni inkor qilib, o‘quv sifatini maqtashgan.

Buxorodan kelganini aytgan talaba yigit, aprelda og‘rib qolib ikki hafta dars qoldirganini, biroq dekanat uni “100 darsga qatnashmadi” degan asosda o‘qishdan chetlatgani, natijada bir yil uchun to‘lagan kontrakt puli kuyib ketganini aytgan.

Akusherlik va pediatriya kafedrasi o‘qituvchisi Asqar Seydaliyev, talabalar so‘zlarini tasdiqlab, 300 talaba o‘qishdan chetlatish muammosiga duch kelganini aytadi.

-Ko‘proq “darsga kelmadi” degan asosda talabalarni “pulga tushirishadi”. Dekanatdagilar o‘qituvchilardan kimlar darsga kelmayotganini so‘rab, ro‘yxatini oladi. Keyin o‘sha talabalarni chaqirib gaplashishadi. Pulini olishadi. Qarasang, o‘sha talaba odatdagidek o‘qib yurgan bo‘ladi, - deydi Seydaliyev.

Tibbiyot fakulteti dekani Gulbara Tashiyeva bu kabi bildiruvlar «haqiqatga zid» ekanini aytdi. Unga ko‘ra, darsni ko‘p qoldirgan talabalar o‘qishdan chetlatilishi to‘g‘risida guruh rahbarlari orqali avvaldan ogohlantirilgan.

«Bizning bitiruvchilar keyin boshqalar salomatligiga javobgar bo‘lishadi. Bu – zimmamizdagi katta javobgarlik. Ba’zi talabalar “kasal bo‘lganim uchun dars qoldirdim” deb tibbiy ma’lumotnoma olib kelishdi. Har bir ma’lumotni tekshirdik. Qolaversa, chegaradan qachon o‘tib-qaytganigacha bildik. Yolg‘ondan og‘rib qolgandim deganlar ham aniqlandi. Shunday qilib, 117 studentni o‘qishdan chetlatdik. Menga uyalmay kelib, “ishni bitirib qo‘ymaylikmi” deyishdi. Qirg‘izistonda “pul bersang hamma ish bitadi”, degan so‘zlarni ham aytishyapti. Unday bo‘lmaydi», - dedi Tashiyeva.

U shuningdek darsga kelmagan 50dan ortiq pokistonlik va hindistonlik talaba ham o‘qishdan chetlatilganini qo‘shimcha qildi.

Bildirilishicha, tibbiyot fakulьtetida tahsil olayotgan 3300 nafar talabaning 400 nafari O‘zbekistondan kelgan. Bundan tashqari bu yerda Pokiston, Hindiston va Bangladeshdan kelgan ming nafardan ko‘proq talaba ham o‘qiydi.

Dekanat ma’lumotiga ko‘ra, o‘qish haqqi bir yilga 120 ming qirg‘iz so‘mi. Xorijlik talabalar esa 1500 AQSh dollaridan 2000 dollargacha kontrakt to‘laydi.

O‘zbekiston hukumati qoshidagi Maorif sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2020- yilda e’lon qilgan ma’lumotda Jalolobod davlat universtiteti o‘qitish sifati nochor oliygohlar qatoriga kiritilgan edi.

2017-yili Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralar ochilib, o‘zaro bordi-keldi qayta tiklanganidan so‘ng Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik yoshlar soni ko‘paygan. 2020-yilgi hisob-kitob bo‘yicha Qirg‘izistonda O‘zbekistondan kelgan 17 minga yaqin talaba bilim oladi.

XS
SM
MD
LG