Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

Janglar ketayotgan Xarkovdagi o‘zbek talabalari vataniga qayta olmayapti


Polshada Ukrainadan kelganlar uchun tayyorlangan yotoq.
Polshada Ukrainadan kelganlar uchun tayyorlangan yotoq.

28 - fevral kuni O‘zbekiston elchixonasining Xarkovdan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilayotgan mikroavtobusi hujumga uchradi. Rasmiylar jarohatlanganlar bo‘lmaganini bildirdi.

Xarkovdagi o‘zbek talabalarining asosiy qismi so‘nggi ikki kunda elchixona yordamida Polsha chegarasiga yetkazilgan.

Ayni paytda Xarkov shahrida bir guruh o‘zbekistonlik talabalar vatanga qaytish imkonini qila olmayapti.

Elchixona avtobusi hujumga uchradi

28 - fevral kuni O‘zbekiston elchixonasining Xarkovdan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilayotgan mikroavtobusi hujumga uchradi.

“Qator OAV vakillarining murojaatlariga muvofiq ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Xarkov shahrida diplomatik vakolatxonaga qarashli transport vositasi zararlangani haqidagi xabarlar tasdiqlandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, elchixona mikroavtobusi shrapnel tomonidan zarar ko‘rgan. Hodisa tufayli O‘zbekiston fuqarolari va elchixona diplomatlari jarohatlanmagan.

Vatanga qayta olmayotgan talabalar

Xarkovdagi Karazina universitetining 4-bosqich talabasi Nodir Xudoyberganovning Ozodlikka aytishicha, ikki kundirki temir yo‘l vokzaliga yetib bora olmayapti:

“Ko‘chaga chiqa olmayapmiz. Janglar ketyapti. Vokzalga piyoda borish uzoq, taksilar yo‘q. Ko‘chaga chiqishga harbiylar ruxsat bermayapti. O‘zbekistonga ketish uchun vokzalga yetib borib, poyezd orqali Lvovga ketish kerak. Keyin Polshaga o‘tiladi. Lekin qanday qilib, vokzalga yetib borishni bilmayapman”.

Xarkovdagi yana bir o‘zbek talabasiga ko‘ra, vokzalga yetib bora olmagan talabalar soni anchagina bo‘lib, ular oliygohlarning yotoqxonalarida jon saqlamoqda.

Ukraina oliygohlariga o‘zbekistonlik talabalarni jo‘natish bilan shug‘ullanadigan Toshkentdagi Inside-A shirkati xodimlarining 28 - fevral kuni Ozodlikka aytishicha, Xarkovdagi oliygohlarda o‘qiyotgan jami 60ga yaqin talaba uyiga qayta olmayapti.

Ozodlik Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasi volontyorlari bilan bog‘lanib, Xarkovdagi o‘zbek talabalari vaziyati borasida so‘radi.

Volontyorlardan birining 28 - fevral kuni kechqurin aytishicha, ular Ozodlik so‘rovidan so‘ng Nodir Xudoyberganov bilan bog‘lanib, unga vokzalga yetib borish yo‘llari haqida maslahat berishgan.

Keyinchalik Nodir uyga qaytishni istovchi boshqa talabalar bilan birgalikda 29 - fevral kuni komendantlik soati tugashi bilan vokzalga yo‘l olishini Ozodlikka bildirdi.

“Qizlar yo‘lga chiqishga qo‘rqishdi”

Ozodlik suhbatlashgan Xarkovdagi o‘zbek talabalarining aytishicha, ko‘pchilik qizlar janglar bo‘layotgani uchun poyezdga chiqishga qo‘rqqan.

“Ko‘p qizlar qo‘rqqanidan qolishdi. Uyidagilar ham yo‘lda jang bo‘layotgani uchun yo‘lga chiqmaslikni aytishdi. Faqat sanoqli qizlar poyezdga chiqdi”, dedi talabalardan biri.

Lobar ismli o‘zbek talabasi esa Rossiya- Ukraina muzokaralari natijasiga qarab harakat qilishini, hozircha O‘zbekistonga qaytish rejasi yo‘qligini aytdi.

Ellik o‘zbek talabasi chiqqan poyezd

27 - fevral kuni Xarkov- Lvov poyezdiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba Nizomiddinning Ozodlikka aytishicha, 28 - fevral tungacha Polsha chegarasiga yetib borishga umid qilmoqda:

“Poyezd belgilangan vaqtidan ancha uzoq yuryapti. Yo‘lda jang bo‘lgan paytlari to‘xtab turib, keyin yuradi. Poyezdda ellikka yaqin o‘zbekistonlik talaba bor. Lvovga yetib borgach, Polsha chegarasiga ketamiz”.

Ozodlik Nizomiddin poezdda ketayotgan payti u bilan bir necha bor bog‘landi. So‘nggi bor poyezd Kiyevdan o‘tgan payti Nizomiddin “yaxshi ketayotganliklari”ni aytdi.

“Lvovda O‘zbekiston bayrog‘ini izlang”

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasiga ko‘maklashayotgan volontyorlardan biriga ko‘ra, elchixona Lvovga kelgan o‘zbekistonliklarni avtobuslar yordamida Polsha chegarasiga eltib qo‘ymoqda:

“Lvovda vokzalga kelganlar O‘zbekiston bayrog‘ini izlashsin. avtobuslarga bayrog‘imiz osib qo‘yilgan. Elchixona xodimlari Lvovga kelganlarning hammasini to‘liq evakuatsiya qilyapti. Ukraina ichida transport cheklanib qolgan. Birinchidan, juda xavfli, ikkinchidan yoqilg‘i muammolari bor. Yo‘llar berk. Shuning uchun hamma fuqarolarga temir yo‘l orqali Lvov vokzali oldiga kelishni maslahat beryapmiz va kelganlarni chegaradan olib o‘tish tashkillashtirilgan”.

Evakuatsiya qilingan o‘zbeklar chiqqan birinchi samolyot Toshkentga uchdi

28 - fevral kuni ertalab Polshaning Katovitse shahridan 240 nafar o‘zbekistonlik chiqqan birinchi maxsus samolyot O‘zbekistonga uchdi. Kiyevdagi elchixona xodimlariga ko‘ra, ikkinchi samolyot o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun Toshkentdan Katovitse shahriga uchgan.

Turli sabablarga ko‘ra yonida hujjatlari bo‘lmagan 30 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qaytish guvohnomasi zudlik bilan rasmiylashtirib berilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Ukrainada 4300 nafar o‘zbekistonlik bor.

O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev 28 - fevral kuni qilgan chiqishida aytishicha, so‘nggi to‘rt kun ichida Ukrainadan Polshaga 800 o‘zbekistonlik o‘tgan. Chegarada 400 o‘zbekistonlik navbat kutmoqda. Lvov shahrida yana 300-400 o‘zbekistonlik evakuatsiya uchun navbatda turibdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozirga qadar Rossiyaning Ukrainaga hujumi borasida biron bayonot bergani yo‘q.

26 - fevral kuni O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati rasmiy Toshkent Ukraina masalasida neytral pozitsiyada ekanini bildirgan.

Dushanba kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining «S5+1» formati doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqot qilgan.

Davlat departamenti xabarida o‘zaro muloqot chog‘ida Blinken Rossiyaning Ukrainaga qasddan, sababsiz va asossiz hujumini qoralagani hamda Ukraina xalqi bilan mustahkam birdamlik izhor qilgani aytiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan rasmiy xabarda Ukraina masalasi tilga olinmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG