Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2010-yil iyun fojiasiga oid Xotira kuni munosabati bilan xalqqa murojaat qildi. Murojaatnoma matni 10-iyun kuni prezident matbuot xizmati tomonidan yoyinlandi.
“Ko‘p asrlik tarixga ega Qirg‘iziston xalqi bu fojiadan birdamlik chaqirig‘i bilan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Shunga qaramay, biz hech qachon 2010-yildagi bu fojeiy voqealarni unutmasligimiz kerak”, deyilgan murojaatda.
Japarov rasmiylar ham, xalq ham yovuz niyat yetovida ketmasligi lozimligini qayd etgan.
“Shaxsiy manfaatlarga uchmagan holda, biz Vatanimiz Qirg‘iziston ekanini va bizdan boshqa hech kim uni himoya qilmasligini anglashimiz kerak”, degan prezident.
Ayni paytda, Japarovga ko‘ra, milliy, diniy va boshqa ijtimoiy guruhlar mamlakat Konstitutsiyasi asosidagi huquqiy hujjatlarga bo‘ysunib, qonun ustuvorligi qaror topgan taqdirdagina, davlatimizda ahillik, birdamlik va rivojlanish bo‘ladi”, deyilgan prezident murojaatnomasida.
Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlaridagi millatlararo to‘qnashuvlar 2010-yilning 10-iyunida boshlanib, bir necha kun davom etgan. Iyun voqealari chog‘ida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 446 kishi halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin kishi yaralangan, 57 kishi bedarak ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bedaraklarning 19 nafari shu kungacha topilgan emas.
Xalqaro ekspertlardan iborat mustaqil komissiya bu nizo “qirg‘iz hukumatning etnomillatchilikka asoslangan siyosati mahsuli ekani” to‘g‘risida xulosaga kelgan. Ammo Qirg‘iziston parlamenti bu xulosadan norozi bo‘lib, xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunenni mamlakatda “istalmagan shaxs” sifatida e’lon qilgandi.
2010-yil iyun voqealari bo‘yicha shu paytgacha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.