Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlatga qarashli “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida jiyani Lazzat Nurkojoyeva ishtirokidagi “qo‘l so‘rash” marosimi videosi yuzasidan izoh bergan.
Avvalroq yoyinlangan video juftlik tomonidan marosim uchun ijaraga olingan Favqulodda vaziyatlar vazirligi vertolyoti hamda Bishkek yaqinidagi tog‘da o‘tkazilgan dabdabali marosim (Marry Me) tufayli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortgan edi.
Japarovga ko‘ra, davlat rahbarining yaqin qarindoshlari boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari va isrofgar bo‘lmasliklari lozim. Prezident fikricha, jiyanining qallig‘i bu haqda o‘ylab ko‘rishi lozim edi.
“Agar u prezidentning qarindoshiga aylanish harakatida bo‘lsa, odamlar tanqidiga nishon bo‘lmaslik va prezidentni ham tanqidga nishon qilmaslik haqida o‘ylab ko‘rishi kerak edi. Yoshlik qilib qo‘ydi, deb o‘ylayman. Jo‘ngina yo‘l bilan kelib, qo‘lini so‘rasa, bir-birini yoqtirganlaridan keyin [jiyanim ham] bosh tortmas edi”, degan Sadir Japarov.
Qirg‘iziston prezidenti o‘z turmushiga oid lavhalarni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ymoqchi bo‘lgan qarindoshlari oldiga keskin talablar qo‘yilganini qo‘shimcha qilgan hamda ularning davlat ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligini eslatgan. Shu bilan birga, Japarov o‘z jiyanining xatti-harakatlari uchun fuqarolar oldida kechirim so‘rashini bildirgan.
“Men uning tanqidlarga quloq tutib, xulosa chiqarishiga aminman. U oila qurish arafasida turibdi va endilikda o‘ylab ish tutishiga umid qilaman”, degan prezident.
Japarov FVV o‘z vertolyotini davlat topshirig‘ini bajarishga jalb qilinmagan paytda tijorat parvozlari uchun istalgan kishiga ijaraga berishi mumkinligini ham eslatgan. Prezidentga ko‘ra, vertolyotlar daromad keltirishi lozim, bu mablag‘larga esa yangisini olish mumkin bo‘ladi.
Qirg‘iziston prezidenti isrofgarlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar va mulozimlarni avvalroq bir necha bor tanqid qilgan. 2022-yil oxirida u 500 dan 1000 nafargacha odam chaqirib, dabdabali marosimlar o‘tkazayotgan amaldorlarni tanqid qilgan edi. O‘shanda u isrofgarlik masalasida astoydil ish olib borish va buni alohida nazorat ostiga olishni buyurgan.
2022-yil boshida esa Qirg‘iziston prezidenti dafn marosimida jonliq so‘yishni taqiqlovchi farmonni imzolagan. Bu farmonni izohlay turib, prezident Qirg‘izistonda janozalar “dabdabali marosimga aylanib ketayotgan”ini yozgan edi.
Bundan tashqari, Sadir Japarov 2024-yil mart oyida Qirg‘izistonning yangi muftiysi Abdulaziz Zakirov bilan uchrashuv chog‘ida unga isrofgarlik ko‘rinishlarini imkon qadar ozaytirish ishlarini davom ettirish bo‘yicha topshiriq bergandi.