Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat madhiyasini o‘zgartirish g‘oyasida hech qanaqa yomonlik ko‘rmayotganini qayd etgan. Bu haqda u “Kabar” davlat axborot agentligiga bergan intervyusida aytgan.
Japarovga ko‘ra, amaldagi madhiya bundan 33 yil oldin – Qirg‘iziston endigina mustaqil bo‘lganida yozilgan.
“Madhiya mualliflari o‘sha paytda “mana endi ozod bo‘ldik, mustaqil mamlakat bo‘ldik, qirg‘iz xalqi, o‘z taqdiring o‘z qo‘lingda, olg‘alayver” deb, quvonch va hayajon bilan yozishgan. O‘shandan buyon 33 yil o‘tdi. Biz davlat o‘laroq to‘liq shakllandik. Butun dunyoga tanildik. Endi yuz yil o‘tsa ham ozodlikka chiqdik, mustaqil o‘lka bo‘ldik, deb kuylab yuraveramizmi?” degan Sadir Japarov.
Prezident endilikda Qirg‘izistonning mustaqil davlat ekani, qirg‘izlar 5 ming yillik tarixga ega xalq ekani va yosh avlodni ruhlantiradigan madhiya yozish mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Ayni paytda, Japarovga ko‘ra, amaldagi madhiya ham yoddan chiqarilmaydi va u tarixning bir qismi o‘laroq saqlab qo‘yiladi.
“Bayroqni o‘nglab qo‘yaylik deganda ham ayrim demagog va populistlar qarshi chiqishgandi. Hozirgi bayrog‘imiz yomon bo‘ldimi? U avvalgisidan bir bosqich yuqorida bo‘ldi. Avvalgi bayrog‘imizdagi quyosh ramzi tushunarsiz bo‘lib, uning kungaboqarmi, arraning tig‘imi ekani ma’lum edi. Hozirgi bayroqni ko‘rgan odam darrov uning quyosh nuri ekanini tushunadi”, deya qayd etgan Japarov.
Qirg‘iziston madhiyasini o‘zgartirish g‘oyasi 25-oktyabr kuni parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev tilidan yangragan. O‘shanda u amaldagi madhiya Sovet Ittifoqidan chiqilishi bilan qabul qilingan bo‘lib, uning ozodlik yo‘lidagi birinchi qadamlar bo‘lganini aytgan. U madhiya hammaga tushunarli va har qanday yoshdagi fuqaro tomonidan oson ijro etiladigan bo‘lishi lozimligini qayd etgan. Shakiyev madhiyaga avval ham o‘zgartishlar kiritilganini, bunday o‘zgartishlar boshqa mamlakatlarda ham kiritilishini qo‘shimcha qilgan.
2023-yilda Shakiyev davlat bayrog‘ini o‘zgartish tashabbusi bilan chiqqan, keyin esa bu g‘oya parlament tomonidan tasdiqlangan edi. Keyinroq esa prezident Sadir Japarov bu g‘oya aslida unga tegishli bo‘lganini, shunchaki bu g‘oyani ochiqlashni spikerdan iltimos qilganini e’tirof etgan edi.