Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:50

“Jilosiz, rang-tussiz Rossiya”. Ko‘cha rassomlari – hukumatga va kommunal xizmatlarga qarshi (VIDEO)


Keyingi paytlarda mashhur bo‘lib qolgan “Pop It” nomli kamalak rangli o‘yinchoq suratini deb Sankt-Peterburgda rassomlar, kommunal xizmatlar va kremlparast faollar o‘rtasida mojaro chiqdi. Ma’lumki, kamalak ranglari LGBTchilar harakati ramzi sanaladi. Norizo taraf o‘yinchoqda geylar propagandasini ko‘rmoqda.

Nastoyashcheye vremya” telekanali surat muallifi bilan bog‘landi, shuningdek, boshqa mamlakatlar, xususan, Belarus, Ukraina va Gruziyada ko‘cha rassomchiligiga munosabat qanaqaligini o‘rgandi.

“Skrepi” (bu yerda “qadriyatlar” degan ma’noda) so‘zi yozilgan kulrang “Pop It” – “Yav” (“Ro‘yo”) art-guruhi chizgan kamalak ranglaridagi xuddi shunaqa o‘yinchoq surati o‘chirib tashlanganiga qarshi reaksiya bo‘ldi. Kamalak tuslaridagi o‘sha “Pop It”ni darhol o‘chirib tashlashgandi. Ushbu strit-art namunasini bugun faqat arxiv kadrlardagina ko‘rish mumkin.

Ko‘cha san’ati dushmanlari shu bilangina cheklanib qolayotgani yo‘q. Qo‘shnilar politsiya chaqirgan, “Russkiy noviy put” harakati faoli esa devordagi suratda LGBT targ‘iboti yo‘qmi, degan savolga oyinlik kiritishlarini so‘rab IIVga so‘rov yuboribdi.

Kulrang “Pop It” shu tariqa hukumat va uning tarafdori bo‘lmish faollarning keskin munosabatiga javob o‘laroq dunyoga keldi.

“Bu bir reaksiya – shuni xohlaganmidingiz? Rossiya shunaqa ko‘rinishda, ya’ni jilosiz, rangsiz bo‘lishi kerakmi? Bu beozor suratlarni deb IIVga, Milonovga va hokazo muassasalarga arz qilganlar ustidan bizning zaharxandamizdir”, deydi surat muallifi Aleksandr Voronin.

Ijtimoiy va siyosiy mavzudagi strit-art Rossiyada odatda bir sutkadan kamroq umr ko‘radi. Peterburgda, masalan, o‘tgan yili kommunalchilar “Yav” art-guruhining barcha ishlarini yo‘q qilgan. Bu suratlar Belarus va Rossiyadagi norozilik chiqishlariga bag‘ishlangan edi.

Aprel oyi oxirlarida noma’lum musavvirlar Peterburgda Aleksey Navalniy portretini chizib, tagiga “Zamonamiz qahramoni” deb yozib qo‘yganida hukumat hatto jinoyat ishi ochishgacha bordi.

Rossiyada transformator budkalarining fasadlari shunchalik daxlsiz ekan, deb o‘ylamang. Bu joylarda uyatli so‘zlar va hatto giyohvand moddalar reklamasi oylab qolib ketishi mumkin.

“Ha, ilgari shunaqa edi, ko‘chalar siyqa reklamalarga to‘lib ketgan edi. Har qadamda ko‘zingiz tushardi”, deydi “Izmaylovskoye” munitsipal birligi deputati Pyotr Levin.

Peterburgda munitsipal deputatlar so‘nggi yillarda kommunal xizmatlarni giyohvand moddalar sotuvi haqidagi e’lonlarni tezroq o‘chirishga majbur qilmoqda. Dastlab faollarning o‘zlari cho‘tka va bo‘yoq ko‘tarib, ko‘chama-ko‘cha yurishdi, keyin shahar portaliga shikoyat ustiga shikoyat yoza boshlashdi. Hozirda bunaqa reklamalarni bir sutka ichida yo‘q qilishlari mumkin. Ammo siyosiy strit-artni o‘chirishga kelganda farroshlar baribir juda chaqqon harakat qiladi.

“Har qanaqa giyohvand moddalar reklamasi bir sutka ichida yo‘q qilinadi. Farroshlar kuzatib yurishadi, shunaqa reklamani ko‘rishsa, cho‘tka bilan duch kelgan rangli bo‘yoqni olib, darrov ustidan bo‘yab tashlashadi. O‘rnida qoladigan olachalpoq tasvirlar ko‘cha husniga dog‘ bo‘lib tushishini hisobga olmaganda, kommunalchilar juda tez ishlashyapti. Boshqa, yengilroq tusdagi reklama biron hafta qolib ketishi mumkin. Hammadan ko‘ra, ekstremizm ruhidagi reklama va yozuvlarni tez o‘chirishadi, undan keyingi o‘rinda esa narkotiklar reklamasini”, tushuntiradi deputat.

Barcha postsovet davlatlardan, ayniqsa, Belarusda ko‘cha rassomlarining ijod qilishi juda qiyin. U yerda siyosiy mazmundagi oddiy yozuvlar uchun ham haqiqiy qamoq muddatini “yopishtirishlari” mumkin. Chunonchi, Aleksandr Taraykovskiy halok bo‘lgan joy (2020 - yilda uni “silovik”lar tinch namoyish chog‘ida otib o‘ldirishgan) yonida “Unutmaymiz” deb yozgani uchun Mariya Bobovich bilan Maksim Pavlyushiklarni panjara ortiga ravona qilishdi. Evrilishlar maydonidagi mashhur “Dijeylar” graffitisini saqlab qolishga uringani uchun esa Roman Bondarenkoni urib o‘ldirganlar.

Ayni paytda kommunal xizmatlarning ushbu strit-artni yo‘q qilishiga qarshi chiqqani uchun Stepan Latipovni sud qilishyapti. Latipov tergov izolyatoriga qamalganiga qariyb 9 oy bo‘ldi, hukumat qattiq o‘chakishgan bo‘lsa, to‘qqiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishi ham hech gap emas. Ammo u o‘zini aybdor deb tan olmayapti.

Gruziyada strit-artga nisbatan anchagina liberal siyosat mavjud. To‘g‘ri, u yerda ham duch kelgan joyga duch kelgan narsani chizish mumkin emas. Biroq chizilajak suratni kelishib olishning qoidalashtirilgan tartib-taomillari amal qiladi.

“Gruziyada nafaqat shahar ma’muriyati bilan, agar surat xususiy mulk devoriga chiziladigan bo‘lsa, uning sohibi bilan ham kelishish kerak. Ya’ni, qonuniy chizaman desangiz, ana shu qoidalarga amal qilasiz”, deydi rassom Georgiy Gagoshidze.

Georgiy boshqalar fikriga parvosiz, erkin ijod qilishni afzal ko‘radi. Shundagina o‘tkir va dolzarb asar yaratish mumkin, deydi. “Noqulay” mavzudagi ba’zi strit-artlarni buzib tashlashadi, ba’zilariga esa, aksincha, tegishmaydi.

Strit-artchilarga Gruziyadan ham xayrixohroq davlat Ukraina bo‘lsa kerak. Kiyevdagi ko‘cha rassomlarining ba’zi ishlari besh yildan beri turibdi. Ulardan ayrimlariga hukumat rozilik beribgina qolmay, byudjetdan mablag‘ ham ajratgan. Strit-artlar orasida eng shov-shuvli loyiha – bu “Art United Us” bo‘lsa ehtimol.

“Bu loyihani boshlaganimizda shunday maqsadni ko‘zlaganmiz: xorijlik rassomlar, yurtimizga welcome, ukrain rassomlari, biz sizlarning boshqa mamlakatlarga taklif etilishingizni qo‘llab-quvvatlaymiz, toki o‘zaro madaniy almashinuv yo‘lga qo‘yilsin. Agar adashmasam, shundan keyin dunyoning 35 mamlakatidan Ukrainaga rassomlar kelgan”, deydi Oliy Rada deputati Geo Leros.

Ukrainada ajnabiy rassomlar chizgan ishlardan eng taniqlisi Avdeyevkadagi avstraliyalik Gvido Van Xelten mo‘yqalamiga mansub ulkan graffitidir. U ko‘p qavatli uy devoriga ukrain tili va adabiyoti muallimasi Marina Marchenko portretini chizgan edi. O‘qituvchi ayol shaharni o‘qqa tutishgan paytlarda ham dars berishdan to‘xtamagan ekan.

Ukraina strit-artining boshqa postsovet mamlakatlar ko‘cha rassomchiligidan yaqqol farqi – unda patriotizm ruhi kuchliligidir. Aslida bu ko‘cha suratlarining farq qiluvchi belgisi sanaladi: hukumatni tanqid qiluvchi strit-art asosan jamiyatga o‘z qarashlarini ifoda etishning boshqa choralari qoldirilmagan davlatlardagina vujudga keladi.

XS
SM
MD
LG