Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Jorj Kluni Baydenni prezidentlik poygasini tark etishga chaqirdi


AQSH prezidenti Jo Bayden
AQSH prezidenti Jo Bayden

Jo Baydenning AQSH prezidenti etib qayta saylanish imkoniyati uning safdoshlari va demokratlar partiyasi tarafdorlari tomonidan shubha ostiga olinmoqda, deya xabar qildi Reuters agentligi.

Namoyandalar palatasi sobiq spikeri, AQSH prezidentining uzoq yillik safdoshi Nensi Pelosi o‘tgan oy oxiridagi muvaffaqiyatsiz debatlardan keyin prezidentlik poygasida qolish-qolmaslik yuzasidan qaror qabul qilish uchun Baydenda juda kam vaqt qolganini bildirdi. MSNBC yoyinida berilgan “AQSH prezidentining qayta saylanish niyatini qo‘llaysizmi?” degan savolga Pelosi aniq-tiniq javob bergan emas.

Amerikalik aktyor va demokratlar partiyasi uchun mablag‘ yig‘ish tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Jorj Kluni Jo Baydenni saylovoldi poytasini tark etishga chaqirgan. Bu haqda u The New York Times gazetasidagi maqolasida bildirgan.

Kluniga ko‘ra, u Jo Bayden bilan uch hafta avval uchrashganida bu odamning 2010-yildagi Baydenga va hatto 2020-yildagi Baydenga ham o‘xshamasligini anglagan. Kluni “hamma gap uning yoshida”, boshqa hech narsada emas, deb hisoblaydi. U, agar demokratlar partiyasi saylovga Jo Bayden bilan chiqadigan bo‘lsa, g‘alaba qozonolmaydi, deb ishonadi.

81 yoshli Baydenni saylovoldi poygasini tark etishga ko‘ndirish maqsadida unga nisbatan bosim prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan 27-iyun kuni bo‘lib o‘tgan muvaffaqiyatsiz debatlardan keyin kuchayib ketgan. O‘shanda Bayden doim ham o‘z fikrini oxirigacha yetkazishga muvaffaq bo‘lolmagan, ba’zan kerakli so‘zlarni izlab qolgan, javoblarda adashib ketgan. Uning bu tutumi The New York Times tahririyatining “amaldagi prezident poygani tark etishi kerak” va Baydenning poygada qolishi “o‘ylamay amalga oshirilgan avantyura” deya bayonot berishiga turtki bergan. Baydenning o‘zi debatdagi muvaffaqiyatsiz chiqishini xalqaro parvozlar tufayli horg‘inlik bilan izohlagan.

Debatdan keyin demokratlar partiyasining bir necha homiysi, agar Bayden poygani tark etmaydigan bo‘lsa, kampaniya uchun mablag‘ ajratishni bas qilishlari haqida ogohlantirishgan.

Baydenni prezidentlik poygasida ishtirok etishdan bosh tortishga Kongressdagi demokratlardan olti nafari chaqirgan (Namoyandalar palatasidagi Vashington, Texas, Arizona, Illinoys, Massachusets va Minnesota shtatlaridan bo‘lgan deputatlar). Avvalroq birinchi senator-demokrat Maykl Bennet ham Baydenga shu kabi chaqiriq bilan chiqqan. Bennetga ko‘ra, bunday vaziyatda poygani tark etish mamlakat kelajagiga daxldor axloqiy tanlovdir.

Senatdagi ko‘pchilik lideri Chak Shumer xususiy suhbatda Baydendan boshqa demokratlar partiyasidan har qanday nomzod uchun ochiqligiga ishora qilgan.

“Demokratiya va millat kelajagi uchun” qayta saylanishdan bosh tortish chaqirig‘i bilan Baydenga biznes va fuqaroviy jamiyat liderlari ham murojaat qilishgan. Mazkur maktub ostiga hozirgacha demokratik kayfiyatdagi 168 nafar faol imzo chekkan — maktub Oq uyga yetkazilganidan keyin ham imzolar kelishda davom etmoqda, deya qayd etgan The Washington Post nashri.

Prezident Jo Baydenning o‘zi saylovda ishtirok etish va unda g‘alaba qozonish bo‘yicha qarori qat’iy ekanini bildirib kelmoqda. Oq uy esa Baydenning sog‘lig‘iga oid xavotirlarni aritishga urinyapti.

AQSHda prezident saylovi joriy yilning 5-noyabrida bo‘lib o‘tadi. Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod sobiq prezident Donald Tramp bo‘lishi mumkin. Bayden nomzodi rasman demokratlarning avgust oyida bo‘lib o‘tadigan qurultoyida tasdiqlanishi lozim.

XS
SM
MD
LG