Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:15

Jurnalistni "yosh qizcha" degan O‘zbekistonning bosh soliqchisi Sherzod Qudbiyev kim?


O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev matbuot anjumanida. 17 -yanvar, Toshkent.
O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev matbuot anjumanida. 17 -yanvar, Toshkent.

17 - yanvar kuni soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlardan norozi tadbirkorlarni tinchlantirish maqsadida matbuot anjumani chaqirgan O‘zbekistonning bosh soliqchisi Sherzod Qudbiyev jurnalistlar bilan bog‘liq yangi mojaro markazida qoldi.

Uning monopoliya va soliq imtiyozlari haqida savol bergan Qalampir.uz nashri jurnalistiga “siz hali yosh qizchasiz” deya aytgan so‘zlari tarmoqlarda “agressivlik” hamda “seksizm” ko‘rinishi sifatida talqin qilindi.

Qudbiyev “jurnalistning xalq nomidan gapirishga haqqi yo‘q”ligi haqida pisanda qilishi ortidan mahalliy OAV mansublari tomonidan “javobdan qochish”da ham ayblandi.

Davlat soliq qo‘mitasi Ozodlikning Qudbiyev sha’niga mahalliy matbuot va tarmoqlarda yangragan tanqidlarga munosabat so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirdi.

Janjaldan keyingi janjal

17 - yanvar kuni jurnalistlarni matbuot anjumaniga chaqirgan Soliq qo‘mitasi raisi ularga soliq ma’murchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlarning mohiyatini tushuntirishi kutilgandi.

Yangi yilning 1 - yanvaridan kuchga kirgan o‘zgarishlar, xususan, mulk soliqlarining oshirilishi tadbirkorlar va aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Qudbiyev o‘zgarishlardan maqsad ko‘proq soliq undirish emas, balki to‘g‘ri soliq to‘lashni yo‘lga qo‘yish ekanini aytgan.

Matbuot anjumani arafasida tarmoqlarda Soliq qo‘mitasi rahbari anjumanga mutaxassis va tadbirkorlar vakillarini emas, faqat jurnalistlarni chaqirgani, shu yo‘sin qiyin savollardan osongimahalliy na qutulib qolmoqchi bo‘layotgani haqida e’tirozlar yangradi.

Ammo matbuot anjumanini kuzatgan mahalliy jurnalistlardan biriga ko‘ra, Qudbiyev “oson qutuldi” deb aytish qiyin.

O‘zbekistonlik jurnalist Anora Sodiqova Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek amaldorlarining javobdan qochishi yoki qo‘pollik qilishlariga ko‘nikib qolganini aytadi.

“Sal munozarali savol bersangiz, g‘arazlikda ayblashadi. Qanday qilib shaxsiy g‘arazlik bo‘lishi mumkin jurnalistda? Deyarli, hamma vazirlikda shunaqa. “Narigi dunyoda javob berasizlar”, “sizlar kimlargadir ishlaysizlar”, degan ayblovlarni ham eshitganmiz. Savolga sog‘lom javobni ko‘rmaganman.Keng qo‘llaniladigan javob “bizni vazifamizga kirmaydi”.

Bu ularning jurnalistika nimaligina bilmasligini ham ko‘rsatadi”, - deydi Anora Sodiqova.

Qudbiyev kim?

Sherzod Qudbiyev uch yil avval ham O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri ekan, Farg‘onada “sahnalashtirilgan sayyor qabul” mojarosi ortidan matbuot nazariga tushgan edi.

2019 - yil iyunida Qudbiyevning Farg‘ona viloyatida o‘tkazgan sayyor qabuli sahnalashtirilgani, aslida vazir vodiyga qarindoshlarinikiga to‘y bahona kelgani iddao qilingandi.

Mahalliy blogerlar viloyatda ishsizlik mavzusiga bag‘ishlangan qabul ortidan asli ish joyi tayin bo‘lgan ayollarning ham ishga joylashtirilgani hisobotga kiritilganini yozishgan.

O‘shanda Sherzod Kudbiyevning Rishtondagi choyxonada o‘rinbosari bilan ziyofati aks etgan videosi ham tarqalgan.

Mojarodan bir oy o‘tib, Qudbiyev prezidentning davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston hukumati sobiq mulozimining Ozodlikka aytishicha, Sherzod Qudbiyevning Soliq qo‘mitasiga rahbar etib qo‘yilishi boshidan xato bo‘lgan.

“Bu odam Toshkentdagi tumanlardan biriga hokim bo‘lgan, oilaga yaqin odam. Soliqni bilmaydi, chiroyli frazalarni yodlab olib, aytib yuradi.

17 - yanvar kuni matbuot brifingi o‘tkazib, ochiqmiz, degan shou qilmoqchi bo‘ldi, eplolmadi. Hozir jurnalistlar ancha pishiq ekan, xudoga shukur. Qudbiev savollarni birontasiga javob bermadi. Aldashga o‘tdi.

Bundan oldin daromad solig‘idan ozod etilgan korxonalar ro‘yxati ochiq bazalarda chiqib ketgan edi. Toshkent hokimi, Temir yo‘llarga tegishli korxonalarga soliq imtiyozlari berilgani o‘sha ochiq danniylardan ko‘rinib qoldi. Ularning shoxi bormi, jurnalistlar uni savolga tutdi. Javob berolmay aravani olib qochdi. Sharmanda bo‘ldi”, - deydi sobiq mulozim.

Birinchi xonimga qarindosh?

Mahalliy jurnalist va blogerlar orasida Sherzod Qudbiyev O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyevaga qarindoshligi haqida gap-so‘zlar yuradi.

Qudbiyevning o‘zi avvalroq Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida birinchi oilaga qarindoshligini rad etgan edi.

"Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Men ham o‘qiganman, lekin noto‘g‘ri gaplar. Men Farg‘onadanman, lekin Farg‘onaning boshqa tomonidan. Bu noto‘g‘ri xabar", - degan Qudbiyev.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston hukumatining sobiq yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Sherzod Qudbiyevning “oila”ga yaqinligi “bor gap”:

Kelinoyi” (Ziroatxon Mirziyoyeva) ga yaqin bo‘lgani uchun ko‘zga ko‘rinib, davlat maslahatchisi bo‘lib ketdi. Kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi degani bu O‘zbekistonda ikkinchi odam degani. Keyin nimadir bo‘ldiki uni Musayevni o‘rniga Soliq qo‘mitasiga boshliq qilib qo‘yishdi”.

Ozodlik suhbatlashgan hukumatga yaqin yana bir manbaning aytishicha, Qudbiyevning birinchi xonimga yaqin qarindoshligi hukumat doiralarida “hamma biladigan fakt”.

Ayni paytda farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev Qudbiyevlar oilasini yaqindan bilishi, uning birinchi oilaga qarindosh ekani haqidagi gaplar asossiz ekanini aytadi.

“Men bu oilani yaxshi bilaman, Vodildan bular. Qudbiyevning na Mirziyoyevga, na uning qaynota, qaynonalariga aloqasi bor. Buxorodan kelib, Toshkent shahar sudida ishlagan Karim aka Tolibov bo‘lardi, bu o‘shaning qizini olgan. O‘zi ham keyin Toshkentga ko‘chib borib Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim bo‘ldi. Shundan ko‘tarilib ketgandi”, - deydi Abdusalom Ergashev.

41 yoshli Sherzod Qudbiyev 2020 - yil may oyida O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi.

DSQ rahbarligiga kelishidan avval u Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bo‘lgan, undan oldin Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida ishlagan.

O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi rasmiy saytida e’lon qilingan Sherzod Qudbiyevning tarjimai xoliga qaralsa, qariyb yigirma yillik faoliyati davomida uning moliya sohasida atigi bir yil ishlagani ko‘rinadi.

O‘zbekistonlik moliyachi Abdulla Abduqodirov O‘zbekistoning soliq siyosati o‘zining 20 yillik mehnat faoliyati davomida atigi bir yil buxgalter bo‘lib ishlagan odamga ishonib topshirilganidan taassuf bildiradi.

“O‘zbekistonning soliq siyosati 22 yoshida bir yildan sal kamroq vaqt O‘zbekistondagi yirik davlat korxonasida buxgalter bo‘lib ishlagan odamga ishonib topshirilgan. Uning “yorqin g‘oyalari” tadbirkorlar va mutaxassislar bilan bemaslahat fuqarolari hayoti haqida yetarli bilimga ega bo‘lmagan deputatlar stoliga tushyapti va biz uchun bu qonun bo‘lyapti”, - deya fikr bildirdi Abduqodirov.

O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan Davlat soliq qo‘mitasiga kuch ishlatar tizimlar vakillari rahbarlik qilib kelgan.

Qudbiev O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisligini joriy sog‘liqni saqlash vaziri Bahzod Musayevdan meros qilib oldi.

Ungacha Soliq qo‘mitasini 14 yil davomida Islom Karimov davrining qudratli generallardan Botir Parpiyev boshqargan edi.

XS
SM
MD
LG