O‘zbekistonning Kadastr agentligi Toshkent yerlarini xitoyliklar ommaviy ravishda xususiylashtirib olayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida Xitoy fuqarolari ko‘payib ketgani, "poytaxt yerlari xitoylik ishbilarmonlarga berib yuborilayotgani" haqida xabarlar tarqalgandi.
Agentlik qonunchilikka muvofiq chet elliklar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo‘lmaganlar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega bo‘lishi mumkinligini eslatgan.
“Ijaraga berilgan yerni xususiylashtirib olishadi, deya vahimaga tushishga o‘rin yo‘q, chunki chet elliklarga yer xususiylashtirib berilmaydi”, deyiladi xabarnomada.
Ayni paytda jamoat faollari murakkablashib borayotgan global realliklar sharoitida amaldagi mezonlar yetarli emasligi, chet el fuqarolarining yer uchastkalariga ijara huquqini keskin cheklovchi qoidalar kiritish lozimligini aytmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha O‘zbekistonning eng faol hamkoriga aylangan.
Pekin O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha ham birinchi o‘rinda turadi.
Avvalroq Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar Xitoy iqtisodiy ta’siri oshishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirib, Pekin bilan munosabatda muvozanatli yondashuv zarurligini ta’kidlashgandi.