Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:34

Kamala Harris AQShning ilk ayol vitse-prezidenti bo‘ldi (VIDEO)


Kamala Harris Demokratik partiyaning mo‘’tadil va progressiv qanotlarini birlashtirishni istaydi.
Kamala Harris Demokratik partiyaning mo‘’tadil va progressiv qanotlarini birlashtirishni istaydi.

AQSh vitse-prezidenti etib saylangan Kamala Harris karyerasi davomida Kaliforniyada jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bilan shug‘ullangan. Prezidentlik saylovida g‘olib chiqqan Jo Bayden to‘rt yildan keyin lavozimini tark etishga qaror qilsa, Harris prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Камала Ҳаррис: Штат сенаторлиги ва Бош прокурорлигидан вице-президентликка
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:10 0:00

Jo Baydenning Kaliforniya senatori Kamala Harrisni vitse-prezidentlikka nomzod etib tayinlashi ko‘pchilikni hayratga soldi.

Demokratik partiya nomidan prezidentlikka nomzodlikni qo‘lga kiritish uchun Bayden bilan bellashgan Harris Baydenning irqiy va etnik ozchilik vakillari farzandlarini oq tanlilar maktablarga avtobuslarda tashish bo‘yicha qarashlarini keskin tanqid qilgan edi.

Bayden 1970 - yillarda Delaver shtati senatori o‘laroq ishlayotgan paytida hukumatning maktablarda turli xalqlar va irqlar birga o‘qishini ta’minlash maqsadida ularni maktab avtobuslari bilan ta’minlash qarorini «ahmoqona» deya ta’riflab, unga qarshi chiqqan edi.

Harris qora tanli bo‘lib, 2019 - yilning iyunida bo‘lib o‘tgan debat davomida Baydenga gapga to‘n kiydirib:

«Kaliforniyada davlat maktablarini integratsiya qilish dasturi qatnashchilari orasida ikkinchi sinf qizaloq bor edi. Uni har kuni maktabga avtobusda olib borishardi. O‘sha qizaloq men edim», - dedi.

Bunga qaramasdan, bir necha oy davomida vitse-prezidentlikka nomzod izlagan Bayden Harrisni tanladi. Bayden vitse-prezident o‘laroq ayol kishini tanlashni istagan edi. Harris prezidentlik poygasida qatnashgan ilk qora tanli ayoldir.

56 yoshdagi Harris Kaliforniya shtatining sobiq bosh prokurori bo‘lib, Demokratik partiyaning mo‘’tadil qanotiga xush keluvchi ko‘plab siyosatlarni qo‘llab keladi. Ammo uning jinoyat va giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayrim masalalar bo‘yicha o‘tmishdagi qarashlari ham liberal, ham mo‘’tadil qarashlarga ega amerikaliklar g‘azabiga uchradi.

Harrisning oq tanli emasligi unga qo‘l kelgan bo‘lishi mumkin. Minnesotada qora tanli shaxsning politsiya qo‘lida halok bo‘lishi ortidan mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi va irqchilik 2020 - yilgi saylov kampaniyasining eng muhim masalalaridan biriga aylandi.

Joriy oyda 78 yoshga to‘ladigan Bayden 2024 - yilda o‘z nomzodligini ko‘rsatmasa, Harris Demokratik partiya nomidan prezidentlikka nomzod bo‘la oladi. Bayden AQSh tarixida saylangan eng keksa prezidentdir.


Immigrantlar qizi

Kamala Harris 1964 - yilning 20 - oktabrida – AQShda irqiy tartibsizliklar sodir bo‘layotgan bir paytda Kaliforniyaning Oklend shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan.

Uning onasi Shamala Gopalan biolog bo‘lib, Kamala tug‘ilishidan bir necha yil oldin Berklidagi Kaliforniya universitetida tahsil olish uchun AQShga ko‘chib o‘tgan bo‘lgan.

Otasi Donald Harris esa 1961 - yil Berklidagi Kaliforniya universitetida iqtisodiyot bo‘yicha tahsil olish uchun Yamaykadan Kaliforniyaga ko‘chib o‘tgan bo‘lgan. Donald Harris keyinchalik yana bir nufuzli AQSh universiteti bo‘lmish Stenfordda professor bo‘lib ishlagan.

Gopalan va Harris siyosiy faolligi bilan tanilgan Berklida huquq faollari o‘laroq uchrashgan. Ular Maya ismli yana bir qiz ko‘rishgan va ajrashishgan. Harris oq tanlilar yashaydigan mahalladagi maktabga avtobusda qatnagan. Ko‘p o‘tmay onasi va singlisi bilan Kanadaning Kvebek shahriga ko‘chib ketgan.

Harris Govard universitetida tahsil olish uchun AQShga qaytgan. Tarixan qora tanlilar universiteti bo‘lgan ushbu oliygoh Vashingtonda joylashgan. Harris u yerda siyosatshunoslik va iqtisod bo‘yicha tahsil olgan. Buning ortidan Berklidagi Kaliforniya universitetida huquqshunoslikni o‘rgangan va 1989 - yil universitetni tamomlagan.

Harris Kaliforniyadagi huquqshunoslar orasida tez orada tanildi. 2003 - yilgi saylovda g‘olib chiqib, San-Fransisko shahrida okrug prokurori bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, politsiyachini o‘ldirishda ayblangan jinoiy to‘da a’zosi uchun o‘lim jazosini talab qilmagani uchun tanqidga uchradi.

Harris 2004–2011 - yillarda San-Fransisko okrug prokurori o‘laroq ishladi. Bu davrda u jinoyatchilikka qarshi qat’iy kurashib, og‘ir jinoyatlar va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanish darajasini oshirdi.

Jinoyatchilikka qarshi qattiq kurashib tanilgan Harris 2010 - yilda Kaliforniya shtatining bosh prokurori etib saylandi va 5 000 ga yaqin huquqshunos ishini nazorat qila boshladi.

Harrisning demokratik raqiblaridan biri, namoyanda Tulsi Gabbard Harris o‘zi marixuanani chekib ko‘rganini tan olgan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘plab shaxsni ushbu moddani qabul qilgani uchun qamaganini aytib, tanqid qildi.

Bu orada Kaliforniyada hordiq chiqarish uchun marixuana qabul qilish qonuniylashtirildi. Harris dastlab bu qonunga qarshi chiqdi, ammo keyinchalik nashani dekriminallashtirishni qo‘llab-quvvatladi.

Raqiblari

AQShda 2013 va 2014 - yillarda politsiya politsiya zo‘ravonligi tufayli kelib chiqqan irqiy tartibsizliklar davrida Harris mamlakatning aholisi eng ko‘p bo‘lgan shtati – Kaliforniya bosh prokurori edi.

Harris Kaliforniyadagi huquq tartibot organlari xodimlariga irqchilik masalasida trening o‘tkaza boshladi, ammo politsiyachilar uchun tanaga o‘rnatiladigan kamerani olib yurishni majburiy qilishdan bosh tortdi.

Shuningdek, Harris prokuraturani politsiya o‘q otgan holatlarni tergov qilishga majburlovchi qonunni qo‘llamay progressiv qarashga ega amerikaliklar g‘azabini keltirdi.

2020 - yilning mayida Minnesotada sodir bo‘lgan otishma ortidan Harris politsiyani isloh qilish masalasida fikrini o‘zgartirishga urindi. Xususan, u Amerika ommaviy xavfsizlik masalasini «qayta ko‘rib chiqishi» kerakligini ta’kidladi, ammo Demokratik partiyaning progressiv elementlarining politsiyani moliyalashtirishni bas qilish chaqirig‘ini ochiqchasiga qo‘llamadi.


Murakkab savollar

Harris 2016 - yilning noyabrida AQSh Senatiga saylandi. Siyosatchi AQSh tarixida AQSh Kongressining yuqori palatasiga saylangan ikkinchi qora tanli ayoldir.

Harris senator o‘laroq prezident Donald Tramp kabineti a’zolarini, xususan, bosh prokurorlar Jeff Seshns va Uilyam Barr hamda Oliy sudga nomzod Brett Kavanoni qattiq so‘roq qilib tanildi.

Respublikachilar Harrisni Demokratik partiyaning «radikal» a’zosi deya ta’riflab, partiyaning mo‘’tadil tarafdorlarini va na respublikachilarni, na demokratlarni qo‘llovchi «mustaqil» amerikaliklar e’tiborini qozonishga urindilar. Tanqidchilar Harris freking, ya’ni yer qatlamini gidravlik yorishga qarshi ekanligiga urg‘u berdilar. Freking suyuqlik haydash orqali neft va tabiiy gaz qazib olishning munozarali usulidir. Shuningdek, ular hech bir dalilsiz Oq uyni Bayden emas, balki Harris boshqarishini iddao qildilar, chunki ular – bu safar ham hech bir dalilsiz – Baydenning aqliy salohiyatini shubha ostiga oldilar.

Bunga qaramasdan, 2024 - yilda Bayden o‘z nomzodligini ko‘rsatmaslikka qaror qilsa, Harris Demokratik partiya nomzodligini qo‘lga kiritishini kutish mumkin.

1950 - yillardan beri AQShda besh nafar sobiq-vitse prezident o‘z partiyasi nomidan prezidentlikka nomzodlikni qo‘lga kiritdi. Ular Richard Nikson, Uolter Mondeyl, to‘ng‘ich Jorj Bush, Alьbert Gor va Jo Baydendir. Ularning uch nafari – Nikson , Bush va Bayden prezidentlik saylovida g‘olib chiqdi.

Harris 2014 - yilda shou-biznes sohasida faoliyat yurituvchi huquqshunos Duglas Enxoffga turmushga chiqdi. Enxoffning oldingi turmushidan bir o‘g‘li va bir qizi bor.

XS
SM
MD
LG