Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:21

Qamoqdagi qirg‘iz faollari Kampirobod masalasida Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi


Kampirobod suv ombori.
Kampirobod suv ombori.

Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Keneshning tarmoq qo‘mitasi Kampirobod suv omborini birgalikda boshqarish bo‘yicha Qirg‘iziston-O‘zbekiston hukumatlararo bitimi loyihasini ma’qulladi.

Bu parlamentning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi tomonidan suv ombori bo‘yicha qo‘llab-quvvatlangan ikkinchi hujjatdir. Har ikki hujjat ham muxolifatning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bungacha qo‘mita Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasi bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma loyihasini ma’qullagandi.

Bu orada “Kampirobodni himoya qilish” qo‘mitasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. Murojaatda Mirziyoyevdan kelishuvni imzolashni Kampirobod masalasi atrofidagi bahsli masalalarga oydinlik kiritilguniga qadar kechiktirib turish iltimos qilingan.

Muxolifatchilar bitimga qarshi ovoz berdi

31-oktabr kuni Jo‘g‘o‘rqu Keneshning Xalqaro ishlar, mudofa, xavfsizlik va migratsiya bo‘yicha qo‘mitasi Kampirobod suv omborini birgalikda boshqarish bo‘yicha Qirg‘iziston-O‘zbekiston hukumatlararo bitimi loyihasini ma’qulladi.

Yopiq majlisda ovoz berish chog‘ida deputatlar Adaxan Madumarov, Chingiz Aydarbekov va Nurjigit Qodirbekov norozilik bildirib chiqib ketishdi. Adaxan Madumarovning jurnalistlarga aytishicha, kelishuv loyihasida Qirg‘iziston uchun ancha og‘ir shartlar belgilangan.

Adaxan Madumarov.
Adaxan Madumarov.

“Ular Kampirobod suv omboridan birgalikda foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzishibdi. Bu "Men sizning hovlingizga kirdim. Men sizning hovlingizda yashayman, lekin siz mening sharoitimga moslashasiz", - degan ma’noni anglatadi. Bu juda qattiq diskriminatsiya. 11 moddadan iborat savodsiz bitim tuzishibdi. Biz suv bilan ta’minlashimiz kerak ekan. Suvni tozalab ham berishimiz kerak ekan. Suv 900-gorizontal darajadan oshmaydi deyaptilar. Yo‘q, kelishuvda fors-major vaziyatlarda undan oshib ketishi mumkinligi ham aytilayapti. O‘zbekiston hech qachon muzokaralarda Qirg‘izistonga yutqazmagan”, - dedi Adaxan Madumarov.

Bitimga ko‘ra, Kampirobod suv omborini boshqarish uchun Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri 12 kishidan iborat qo‘shma komissiyasi tashkil etiladi. Qirg‘iziston komissiyasiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi xizmati direktori, O‘zbekiston komissiyasiga esa suv xo‘jaligi vaziri rahbarlik qiladi.

O‘zbekiston suv ombori xavfsizligini ta’minlaydi, texnik xizmat ko‘rsatadi va qirg‘iz tomoni bilan kelishilgan miqdorda suv chiqaradi. O‘zbekiston suv sathini gorizontal ravishda 900 ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lmagan darajada ushlab turish majburiyatini oladi. Biroq fors-major holatlarda suv sathi shartnomada belgilangan ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston tomoni suv omboriga kirishda qo‘shma komissiyaning qirg‘iz vakillari pasportlarini tekshirish huquqiga ega.

Deputat Nurjigit Qadirbekov qirg‘iz-o‘zbek chegarasini aniqlash jarayonida Kampirobod masalasiga moratoriy joriy etishni taklif qildi.

Nurjigit Qadirbekov.
Nurjigit Qadirbekov.

“Balki prezident yaxshi niyat bilan chegarani to‘liq hal qilishimiz, qo‘shnilar bilan hamjihat bo‘lishimiz, chegara nizosiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb o‘ylagandir. Bu yaxshi. Yaqinda biz kazino to‘g‘risidagi qonuniga qarshi bo‘ldik. Ammo qarshiligimizga qaramay, qonun qabul qilindi. Ammo keyinroq uni tuzatishimiz mumkin. Chegara masalasi esa bir marta hal qilinadi. Keyin uni tuzata olmaymiz. Shuning uchun shoshilmasligimiz kerak. Xalq e’tiroziga qaramay qaror qabul qilinsa, natija yaxshi bo‘lmaydi”, - dedi Nurjigit Qadirbekov.

Bitimni qo‘llaganlarning fikri

Deputatlar fikricha, ikki tomonlama kelishuv qabul qilinsa, O‘zbekiston Qirg‘iziston fuqarolarining suv ombori suvidan erkin foydalanishiga, chorvalarni sug‘orishiga, ekin maydonlarini sug‘orishda foydalanishiga, baliq ovlashiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Suv omborining kosasi atrofida hech qanday inshootlar qurmasligi kerak. Bundan tashqari, ushbu shartnomani bekor qilish mumkin emas.

“Qirg‘iziston fuqarolari ko‘p yillardan buyon Kampirobod yaqiniga bora olmayapti. Endi kelishuv qabul qilinsa, har ikki tomon ham suvdan haqli ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Qo‘mita yig‘ilishida suvni birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi shartnoma tasdiqlandi. Bu Kampirobod O‘zbekistonga o‘tib ketdi degani emas. Kampirobod suv ombori yerlari butun hujjat Jo‘g‘o‘rqu Keneshga kelib, 90 nafar deputat qo‘llab-quvvatlab ratifikatsiya qilingandan keyingina O‘zbekistonga berildi, desa bo‘ladi”, — deydi kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan deputat Mirgul Temirboyeva.

Qirg‘iz hukumati Kampirobod suv ombori bo‘yicha kelishuvni Qirg‘iziston uchun eng manfaatli bitim sifatida baholab keladi. MXX raisi Qamchibek Tashiyev o‘tgan yilning mart oyida qirg‘iz-o‘zbek chegarasi haqida ma’lumot berar ekan, suv ombori haqida bularni aytgan edi:

“Agar ilgari Kampirobodning kosasi to‘lib, qirg‘oqqa etib, u yerda yashovchi uylarga suv kirgan bo‘lsa, endi unday bo‘lmaydi. Chunki avval Kampiroboddagi suv sathi gorizontal holatda 908 deb hisoblangan. Endi 900 bilan qaraladi va suv qirg‘oqqa yetib bormaydi. Shu bilan birga, fuqarolarimiz suvdan foydalanishi, chorva mollarini sug‘orishi mumkin. Baliq tutadi. Buni ikki davlat kelishuvi bilan hal qilamiz. Shuningdek, suv bo‘yida hech qanday to‘siq bo‘lmaydi”, - degan edi Qamchibek Tashiyev.

Jo‘g‘o‘rqu Kenesh qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan so‘nggi kelishuv ushbu qo‘mita tomonidan Kampirobod bo‘yicha ma’qullangan ikkinchi hujjatdir. 10-oktabr kuni qo‘mita Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasi, jumladan, Kampirobod suv ombori bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv loyihasini ko‘rib chiqdi va ko‘pchilik ovoz bilan uni qo‘llab-quvvatladi.

O‘sha paytdagi qo‘mita raisi deputat Chingiz Aydarbekov loyihaga qarshi ovoz bergan va tegishli qarorni imzolashdan bosh tortgan. U buni chegara kelishuviga oid hujjatlar deputatlarga to‘liq taqdim etilmagani bilan izohlagan. Ko‘p o‘tmay Aydarbekov qo‘mita raisligidan chetlashtirildi va uning o‘rniga deputat Ulan Primov saylandi.

O‘zbekiston prezidentiga murojaat

Bu orada, “Kampirobodni himoya qilish” qo‘mitasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat yo‘lladi. Uning a’zolari Mirziyoyevdan kelishuvni imzolashni Kampirobod masalasi atrofidagi bahsli masalalarga oydinlik kiritilguniga qadar kechiktirib turishni so‘ragan.

“Kampirobodni himoya qilish” qo‘mitasining deyarli barcha a’zolari – yigirmadan ortiq muxolifatchi siyosatchi va faollar 23-24-oktabr kunlari “tartibsizlik uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rish” gumoni bilan ikki oyga hibsga olingan.

“Кампиробод”ни Ўзбекистонга бермаслик ҳаракатини бошлаган сиёсатчилар қўлга олинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:26 0:00

Murojaat matni ayni paytda Kampirobod masalasini pesh qilib “tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘lganlik”da gumonlanib qamoqqa olingan siyosatchi Ravshan Jeenbekovning Feysbuk sahifasida e’lon qilindi.

“Kampirobodni himoya qilish” qo‘mitasining a’zosi Kasiyet Mamirbay Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bildirishicha, murojaat qo‘mitaning Bishkekdagi 1-sonli tergov izolyatorida saqlanayotgan barcha a’zolari tomonidan advokatlar vositasida ma’qullangan.

"Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni tarixiy, madaniy, qardoshlik va mintaqaviy aloqlar birlashtirib turadi. Biz bu shartnoma ikki xalq o‘rtasiga nifoq solishini va uzoq davom etadigan o‘zaro tushunmovchilik muhitini yaratishini istamaymiz.Biz ikki davlat o‘rtasida chegaralarni delimitatsiyalash va demarkatsiyalash bo‘yicha bahsli masalalar borligini tushunamiz, bu masalalar ko‘pdan beri kun tartibida turibdi va bizning qo‘shnichilik aloqalarimiz yanada rivojlanishi uchun ularni tezroq hal etish lozim. Biroq davlatlarimiz o‘rtasida tuzilayotgan kelishuvlarning bir qismi konstitutsiyaviy me’yorlarni, amaldagi qonunchilikni, Qirg‘izistonning siyosiy asoslarini va demokratik tamoyillarni qo‘pol ravishda buzish orqali olg‘a surilayotganini ham eslatib o‘tamiz”,-deyiladi murojaatda.

Siyosatshunos: Kampirobod masalasida hukumat siyosiy menejmentdan foydalanmayapti

Siyosatshunos Aybek Tengizbayev Kampirobod yuzasidan bahsli masalalar borligiga to‘xtalar ekan quyidagilarni aytdi:

“Siyosiy menejment degan juda muhim ilmiy yo‘nalish mavjud. Uning asosida hukumat har qanday muhim qarorni tayyorlashda ikkinchi bosqich sifatida jamoatchilik va muxolifatning qo‘llab-quvvatlashiga erishishga harakat qilishi kerak. Buning to‘g‘riligini tushuntirish va ishontirish kerak. Shundan keyingina imzolash va boshqa harakatlarga o‘tish mumkin. Ikkinchi bosqichni hisobga olmay turib qaror qabul qilish yaxshilik bilan tugamaydi. Chunki xalq va muxolifatning noroziligi kuchayadi. Kampirobod bo‘yicha hozir konsensus yo‘q. Hukumat kuchgagina tayanmoqda. Tushuntirish ishlari samarasiz. U ham demokratik yo‘l bilan olib borilmadi”,- dedi Aybek Tengizbayev.

Kampirobod — sovet davrida qo‘shni davlat mablag‘i evaziga O‘zbekiston paxta dalalarini sug‘orish uchun qurilgan suv ombori. Uning qurilishi 1969-yilda boshlangan va 1983-yilda yakunlangan. Unga Qurshob, Qoradaryo, Zarger daryolari quyiladi.

To‘g‘on balandligi 105 metr bo‘lib, uning o‘rtasidan qirg‘iz-o‘zbek chegarasi o‘tadi. To‘g‘onning Qirg‘izistondagi qismida O‘zbekistonning ikkita gidroelektr stansiyasi joylashgan.

Birinchi GES 1985-yilda, ikkinchi GES 2010-yilda ishga tushirilgan. Ikkisi 190 megavatt quvvatga ega.

O‘zbekistondagi 2 million gektarga yaqin ekin maydonlari Kampiroboddan suv bilan ta’minlanadi va yaqin tumanlar aholisi toza suv ichadi.

O‘zbekiston tomoni shu kungacha Kampirobod maslasiga o‘z munosabatini rasman bildirmadi.

XS
SM
MD
LG