Линклар

 
Kanada bosh vaziri lavozimini Mark Karni egallaydi
Шошилинч хабар
06 апрел 2025, Тошкент вақти: 06:46

Kanada bosh vaziri lavozimini Mark Karni egallaydi


Kanadaning hukmron Liberal partiyasiga Angliya Banki va Kanada Bankining sobiq boshqaruvchisi Mark Karni yetakchi etib saylandi. U yanvar oyida iste’foga chiqishini e’lon qilgan Jastin Tryudo o‘rnini egallaydi.

Partiya ichidagi saylovlarda Tryudo hukumatidan bo‘lmagan yagona nomzod bo‘lmish Karni qariyb 86 foiz ovoz yig‘di, deya xabar qildi Bi-bi-si.

O‘z nutqida Mark Karni Kanada hech qachon AQSHning bir qismiga aylanmasligini bildirib, Donald Trampni o‘z mamlakati va uning zaxiralarini egallab olishga urinishda aybladi.

Avvalroq Kanada hech qachon “Amerikaning 51-shtati”ga aylanmasligini bildirgan Jastin Tryudo ham xayrlashuv nutqida o‘z mamlakati “ekzistensial inqiroz” bilan ro‘baro‘ kelganini qayd etdi.

Kanadaning yangi bosh vaziri AQSH bilan tariflar bo‘yicha murakkab muzokaralarni olib borishi, Liberal partiya esa parlament sayloviga kirishi kerak. Bi-bi-si qaydicha, so‘nggi paytlarda mazkur saylovda Liberal partiya mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligi haqida taxminlar urchigan.

Mark Karni Kanada Bankini 2008-2013-yillar, ya’ni moliyaviy buhron chog‘ida boshqargan iqtisodchidir. Keyinroq u Angliya Bankiga ham yetakchilik qilgan hamda Tryudoning iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan, ammo so‘nggi paytlarda Tryudoni “bu sohadan tez-tez chalg‘ib ketayotgani uchun” tanqid qilib kelayotgan edi.

Jastin Tryudo 2013-yildan buyon Liberal partiyaga rahbarlik qilib kelayotgan va 2015-yilda Kanada bosh vaziri etib saylangan edi. U hukumat inqirozi manzarasida 2025-yilning 6-yanvar kuni iste’foga chiqishini e’lon qilgan.

Tahlilchilar o‘sha paytda Tryudoning ketishi Kanada Konservativ partiyasiga yetakchilik mavqeini qaytarishi mumkinligini qayd etishgandi. Shunday bo‘lgan taqdirda uning raisi Per Pualevr (Donald Tramp ham bu siyosatchining xatti-harakatlari o‘ziga ma’qul ekanini aytgan) Kanadaning keyingi bosh vaziriga aylanadi.

XS
SM
MD
LG