Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:57

Karimova pullarini qaytarish uchun jamg‘arma tuzilmoqda. Faollar jarayon shaffof emasligidan xavotirda


Gulnora Karimovaning xorijiy davlatlardagi aktivlari 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi.
Gulnora Karimovaning xorijiy davlatlardagi aktivlari 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

O‘zbekistonlik fuqaro jamiyati faollari Gulnora Karimovaning xorijdagi pullarini "mablag‘larning asl egasi bo‘lgan o‘zbek xalqiga qaytarishda shaffoflik yetishmayotganini" aytishmoqda.

15 - fevral kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi marhum prezidentning qamoqdagi to‘ng‘ich qiziga nisbatan pul yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida musodara qilingan mablag‘larni qaytarish uchun BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi tashkil etilishini ma’lum qilgan.

Vazirlik o‘z bayonotida "qaytarilgan mablag‘lar mamlakat aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishi"ni urg‘ulagan.

Adliya vazirligiga ko‘ra, Fransiyadan Karimovaning $10 million qiymatidagi aktivlari O‘zbekistonga qaytarilgan, yana 131 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlar "O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor".

Gulnora Karimovaadan musodara qilingan mol-mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha inson huquqlari tashkilotlaridan iborat koalitsiya - Uzbek Asset Return Network bu borada ko‘p tomonlama mexanizm yaratilayotganini olqishladi.

Ayni paytda guruh o‘z bayonotida qaytarilgan pullar o‘zbek xalqi manfaati yo‘lida sarflanishi va bu “shaffof va hisobdorlik” asosida bo‘lishi kerakligini ham bildirdi.

Guruhning 15 - fevral kungi bayonotida mablag‘lar talon-toroj qilinishining oldi olinishi uchun mustaqil auditorlar va mahalliy fuqarolik jamiyati faollari ham bu jarayonga jalb etilishi va shaffof hisob berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozimligi aytiladi.

Uzbek Asset Return Network murojaatiga qo‘shilgan Britaniyada yashovchi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovning Ozodlikka aytishicha, Karimovaning pullarini qaytarish bo‘yicha Shveysariya, BMT va O‘zbekiston vakillaridan tashkil topgan ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi tashkil etilishi ijobiy xabar.

Ammo Ilhomovning fikricha, O‘zbekistondek shaffoflik yo‘qligi bois bu jamg‘armaning qanday ishlashi savol ostida.

"Biz yillardan buyon shunday jamg‘arma tuzilishini talab qilib kelganmiz. Lekin muammo bu trast qanday ishlashida. Xalqdan o‘g‘irlangan pullar xalqqa qaytarilishi kerak. Bu yerda jabrlanuvchi o‘zbek xalqi. O‘zbekiston tomoni bu borada shaffoflikni xohlayotganday ko‘rinyapti, shu jarayonni monitoring qilish ishiga mustaqil bo‘lmagan mahalliy tashkilotlarning aralashtirilishi xavfi bor. Biz hukumat mahalliy fuqarolik jamiyati faollariga ham monitoring imkoniyati yaratishi kerak, deb hisoblaymiz", - deydi Ilhomov.

Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi saytidagi xabarga ko‘ra, jamg‘armani boshqarish mexanizmi Shveysariya, O‘zbekiston va BMT vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.

"Barcha loyihalar BMT tizimi qoidalariga muvofiq Fond monitoringi va baholash tizimi asosida monitoring qilinadi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari maslahatchi roliga ega bo‘ladi", deyiladi vazirlik bildiruvida.

Jamg‘arma O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturiga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.

Rasmiy xabarda Jamg‘arma o‘z faoliyatini Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlashi tilga olingan.

2019 - yil dekabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "AQSh, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida mablag‘larini qaytarish bo‘yicha" muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

"Karimovani yonida turganlar hozir ham hukumat tepasida"

Alisher Ilhomovning Ozodlikka aytishicha, Karimovaning xorijiy davlatlardagi aktivlari 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

"Karimovaning muzlatib qo‘yilgan asosiy aktivlari Shveysariyada. Bu pullar MTS, “Vimpelkom”, TeliaSonera" va O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi boshqa kompaniyalardan olingan mablag‘lardan tashkil topgan. Unga gaz va neft, turli zavod va fabrikalardan olingan pullar, import va eksportdan kelib tushgan mablag‘lar kiritilmagan. Birgina Shveysariyada ushbu mablag‘larning 800 million dollardan ziyodrog‘i saqlanadi. Shuningdek, uning Irlandiya, Belgiya va Lyuksemburgda, shuningdek, Shvetsiyada ham aktivlari bor. Shuningdek, Irlandiya va Qo‘shma Shtatlarda ham aktivlari bor. Fransiyadagi mablag‘lari 50 million dollardan ortiq bo‘lgan. Hozir qaytarilgan bu 10 million shuning bir qismimi yoki mulki auksion orqali arzon garovga sotib yuborilganmi, bilmaymiz. Bu pullarni egasi o‘zbek xalqi va Karimova o‘g‘irlagan pullar o‘zbek xalqiga qaytarilishi kerak. Lekin Gulnora Karimova o‘g‘riliklar qilgan paytda uni yonida turgan amaldorlar hozir ham hukumat tepasida ekan, pullar egasiga yetib borishiga ishonish qiyin", - deydi Ilhomov.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva ham mablag‘larning xalq manfaatlari yo‘lida sarflanishini kafolatlaydigan tizim yo‘q, deb hisoblaydi.

"Karimova bu jinoyatlarning yagona ishtirokchisi bo‘lmagan. O‘sha paytda Karimova yonida turganlar hozir ham ijroya hokimiyatni tamsil etmoqda. Shveysariya O‘zbekistonga qaytargan mablag‘larni monitoring qilish maxsus xizmatlarga aloqador, fuqaroviy jamiyat faollari nomi ostida yashiringan guruhlarga topshirilmaydi, deb kim kafolat beradi. Hozirgacha Xyuman Rayts Uotch, Xalqaro Inkroz guruhi yoki Ozodlik radiosiga mamlakatda faoliyat qilishiga ruhsat bermayaptiku. qanday kafolat bor", - deydi Atayeva.

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov Shveysariya qaytarayotgan Karimovaning pullari dengizdan tomchi ekanini aytar ekan, ularni qanday sarflash O‘zbekiston hukumati uchun "imtihon" bo‘lishini aytadi.

"Hozir kichkina porsiyani qaytaryapti. 10 million dollar dengizdan tomchi. Shu pulni hukumat qanday sarflashiga qarab keyingi mablag‘lar yo‘naltiriladi. Agar noto‘g‘ri qilinsa, keyingi mablag‘lar to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Shuning uchun bu O‘zbekistonga imtihon bo‘ladi. Hukumat esa, Shveysariya hukumatini ishonchini qozonish uchun pullarning noqonuniy o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb o‘ylayman", - deydi Tashanov.

Ozodlik O‘zbekiston Adliya vazirligidan Gulnora Karimovaning mamlakatga qaytarilayotgan pullarini sarflash tizimi shaffof emasligi borasidagi xavotirlar yuzasidan savollarga hozircha javob ololmadi.

Bir paytlar otasining ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan 51 yoshli Gulnora Karimova davlat mol-mulkini o‘zlashtirish, soliq to‘lashdan bosh tortish va boshqa qator iqtisodiy-moliyaviy jinoyatlarda aybdor, deb topilgan.

Bosh prokuratura Karimovaning davlat va odamlarga keltirgan zarari 1 trln. 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln AQSh dollari, 26,1 mln yevro deb baholagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Gulnora Karimova va “u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolari” ustidan ikki yil avval sud hukmi chiqargan, unga 13 yil 4 oylik qamoq jazosi tayinlagan. Karimova jazoni Zangiotadagi ayollar koloniyasida o‘tayotgani ma’lum. O‘zbekiston rasmiylari qamoqda unga nisbatan bosim o‘tkazilayotgani, huquqlari poymol etilayotgani haqida farzandlari hamda advokatining iddaolarini rad etishgan.

XS
SM
MD
LG