Chirchiq Oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurtida ombor mudiri bo‘lib ishlagan kichik serjant Kozim Iskandarov OzodMikrofon dasturiga murojaat qilib, o‘zining nohaq sudlangani yuzasidan shikoyat qildi.
32 yashar Iskandarovga ko‘ra, 1,5 yil avval bilim yurti omboridagi 32 million so‘mlik kamomad uchun uni nohaq ayblashgan.
Iskandarov iddaosiga ko‘ra, u prokuratura xodimlarining ishni yopish va’dasiga ishonib, ombordagi kamomadni bo‘yniga olgan va natijada ishdan haydalgan.
Qashqadaryo viloyat, Kasbi tumanida yashovchi 32 yashar Kozim Iskandarovning 22 - fevral kuni Ozodlikka bog‘lanib, aytishicha, 2019 - yil sentabrida Chirchiq Oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti omborida fosh qilingan kamomad uchun uni nohaq ayblashgan:
- Chirchiq Oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurtida ombor boshlig‘i lavozimida ishlaganman. 2019 - yil sentabrida Mudofaa vazirligidan tekshiruvchilar keldi. Taftish o‘tkazishdi. 32 million so‘m kamomad chiqdi. Kamomad mening bo‘ynimga yuklandi, lekin men buni sotmaganman. Mudofaa vazirligi tekshiruvchilari ishni Chirchiq harbiy prokuraturasiga o‘tkazishdi. Prokurorlar menga tazyiq o‘tkazishdi. Yoqamdan ushlab “haromi” deb so‘kib, “bo‘yningga olasan yoki seni qamataman” dedi. Men sotmaganman dedim. Sotmagan narsani qanday sotdim deyman. Keyin meni aldashdi. “Qo‘l qo‘yib berasan, senga hech kim tegmaydi” dedi. Aldashib hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Keyin sudda ham shunday deysan dedi. Keyin sudlangansan deb, meni zahiraga bo‘shatishdi. Uydagi bor- budimni, mol-holni sotib kamomadni yopdim. Birovdan qarz oldim. Bankdan kredit ham oldim. Endi men yemagan somsaga pul to‘lab, uyda ishsiz o‘tiribman.
Kozim Iskandarov 32 million so‘mlik kamomadda uning aybi yo‘qligini shunday tushuntirdi:
- Tank va boshqa harbiy texnikalarga ishlatiladigan moy ombordagi bochkalarda saqlanadi. Bu bochkalar yerni kovlab, yer tagiga ko‘milgan. 35 yillik, eski bochkalar. Ularning teshikligini ko‘p bor aytganman. Dalolatnomalar ham tuzishgan. Bochkalar eski bo‘lgani sabab, ular ilma-teshik bo‘lib ketgan. O‘sha teshiklardan moy oqib, yerga singib ketgan. Keyin o‘sha bochkalarni yerning tagidan olib chiqishdi. Hamma yog‘i ilma-teshik bo‘lib ketgandi. Lekin buni hech kim inobatga olmadi. Meni nohaq sudlashdi. Suddan keyin murojaat qilmagan joyim qolmadi. Biroq biror natija bo‘lmayapti.
****************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.
SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.
OzodMikrofon sizga muntazir!
OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!