Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:24

Kichik shirkatga katta buyurtma. "Olmaliq KMK" 200 mln dollarlik loyihani kimga berdi?


“Yoshlik-I” koni, Toshkent viloyati.
“Yoshlik-I” koni, Toshkent viloyati.

“Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” (OKMK ) aksiyadorlik jamiyati ustav kapitali 10 million so‘mni tashkil etgan shirkat bilan qiymati qariyb 200 million dollarlik shartnomani imzoladi.

Davlat reyestrida berilgan ma’lumotga ko‘ra, MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP" mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) loyihani tender asosida qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston davlat byudjetiga tushadigan kirimning taqriban 20 foizini beradigan kombinat matbuot xizmatiga ko‘ra, bu MCHJ kombinatning shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev ochib bergan “Yoshlik-I” koni yuza qismidagi massani tashib berishi kerak.

2021-yilda prezident qarori bilan O‘zbekistonda Mis sanoati klasteri tuzilgan va bu klaster doirasidagi katta buyurtmalardan biri Enter Engineering Group shirkatiga berilgandi.

Shartnoma sharti

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 11 ming gektar maydonda joylashgan “Yoshlik-I” koni 45 million tonna mis, 5 ming tonna oltin zaxirasi borligi tasdiqlangan.

“Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bilan MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP" mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida imzolangan kelishuv nusxasi.
“Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bilan MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP" mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida imzolangan kelishuv nusxasi.

OKMK AJ ushbu kon yuzasi qismidagi 95 mln metr kub tuproqni tashitish uchun MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MCHJ bilan 2 trillion 152 milliard 558 million 240 ming so‘mga (salkam 200 million AQSH dollari) baholangan, 7 yilga tuzilgan shartnomani imzolagan.

Ozodlikka kombinat va MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MChJ o‘rtasida erishilgan shartnoma nusxasi kelib tushdi.

Nashr bu kelishuvni “O‘zbekiston tarixidagi eng katta va eng uzoq davom etadigan davlat xaridi” deb baholadi. Bu xarid 2022-yilning oktabrida amalga oshirilgan.

Unda keltirilishicha, hujjatda ko‘zda tutilgan massa 95 mln metr kubni tashkil qiladi, shartnoma qiymati esa 2 trillion 152 milliard 558 million 240 ming so‘m. Ijro muddati 7 yil.

Katta buyurtma olgan kichik shirkat

MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MCHJ, O‘zbekiston davlat tashkilotlari reestrida berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2018-yilda ish boshlagan va asosan noturar-joy binolarini qurishga ixtisoslashgan kichikkina shirkat.

Shirkat ulushning 50 foizi Abdullayev Sharafiddin Sayfiddinovichga, 45 foizi Vahabov Baxtiyor Ravshanovichga, 5 foizi esa Mirxanov Xurshid Xayrullayevichga tegishli.

Shartnomada qayd etilishicha, atigi 10 million so‘mlik ustav kapitali bo‘lgan shirkat qariyb 2 trillion 150 milliardlik loyihani tenderda yutib olish uchun 2 milliard 600 million so‘mlik bank kafolati hamda 50 ta og‘ir yuk tashuvchi texnikasini taqdim qilgan.

“Foydali kelishuv”

Kombinat matbuot kotibi Umida Qarshiboyeva, tenderga qo‘yilgan loyihaning asosiy maqsadi “Yoshlik-I” koni yuza qismidagi massa - asosan tuproqni tashitishdir.

Mas’ul MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MChJ bu ish uchun eng arzon narxni taklif qildi va to‘lovni ham ishbay olishga rozi bo‘ldi, dedi:

Tender elektron tarzda o‘tkazilgan va inson omili, ishtiroki yo‘q. G‘olib elektron platformada aniqlanadi. Bugungi kunda Ukrainadagi urush, logistka xarajatlari dizel yoqilg‘i-moylash, ehtiyot qismlar narxlari keskin oshib ketdi. 1 tonna kubmetr tog‘ jinslarini tashish tannarxi buyicha eng arzon narxni bu kompaniya bergani uchun tanlandi. Bugun OKMKda 1 tonna kubometr yuk tashish xarajati 3400 so‘mni tashkil etyapti. Konkurs o‘tkazilayotganda ustav jamg‘armasi, faoliyat turiga konkurs shartlarida talab kuyilmagan sababi biz ko‘proq karxonalar ishtirok etishini va arzonroq narx bo‘lishini hohlagandik”.

Prezident Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, “Yoshlik-I” konidan qazib olinayotgan misni qayta ishlashga alohida kombinat qurilmoqda va bu kombinat sentabr oyida ishga tushishi kerak.

Konni boshqarayotgan direktsiyadan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirga qadar 3 million tonna mis qazib olishga tayyorlab qo‘yilgan.

“Bu yilda, ya’ni 2022-yil uchun ruda bilan ta’minlash ishlari qilib bo‘lingan. Bu yil oxiriga 3 million tonna ruda qazib berishimiz kerak, buncha rudaning ust qismi ochib, fabrikaga yetkazib berish uchun tayyorlab qo‘yilgan. Hozir MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MChJ bilan shartnoma asosida 2024-yilda mis qazib olish konning uchastkalarining yuza qismini ochishga kelishilgan. Bu shirkat o‘sha yuza qismdagi tuproqni tashib beradi. Keyin kombinatning o‘zining texnikasi bilan misni qazib olamiz”,- dedi “Yoshlik-I” konini o‘zlashtirish direksiyasi direktori Zokirxo‘ja Eshonxo‘jayev.

Sarmoyadorlar orasida qo‘lma-qo‘l

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yildagi qarori bilan, 2020−2025-yillarda «Yoshlik-I» konida ochiq karyer va yiliga 60 mln. tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega misni boyitish fabrikasi qurilishi rejalangan.

“Bizda „Yoshlik“ nomli loyihamiz bor. Ishlab chiqarish salohiyatimizni 40 mln tonnaga oshirmoqchimiz. Rudalarimiz tarkibida 3,37% mis bor. Bizda Chili davlatiga nisbatan imkoniyatlarimiz yaxshi. Chunki bizning ustunligimiz ruda tarkibida oltin ham mavjud», deya ma’lum qilgandi OKMK boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdulla Azizov.

“Yoshlik-I” konini ochish va misni qayta ishlar loyihasi avvaliga turk shirkatlari, keyin esa rus shirkatlariga berilishi haqida ma’lumotlar berildi.

Jumladan, 2021-yil boshida turkiyalik investorlar Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishi aytilgandi. Hatto, bu bayonotni turk ishbilarmonlari bilan muloqot qilgan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bergandi.

Ammo, 2021-yilning yoziga kelib mis fabrikasini qurish loyihasi Enter Engineering va Rossiyaning «Uralmashzavod» hamkorligiga berildi. Ular birgalikda 2 mlrd. dollarlik alohida 3-misni boyituvchi fabrikani qurishi ma’lum qilindi.

Rasmiylar bu muassasani 60 million tonna mis rudasini boyitadigan MDH hududidagi ilk eng yirik fabrika, deb atamoqda.

OKMK matbuot xizmatiga ko‘ra, hozir kombinatni shu ikki shirkat birgalikda qurmoqda va sentabrda uning birinchi liniyasi ishga tushishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 2021-yilning dekabrida Rossiyaning Tashqi iqtisodiy banki bu kombinatni qurish uchun imtiyozli shartlar asosida 712 mln yevro (824,3 mln dollar) miqdorida kredit berishi ma’lum qilingan.

Ammo, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, yirik rus shirkatlari G‘arb sanksiyalariga tushdi va ularning aksari mudofaa sanoatiga yo‘naltirildi. Rossiyaning Tashqi iqtisodiy banki esa sanksiyaga uchradi.

“Sanksiyadan keyin bu bitim bekor qilingan. Mablag‘ olishga ulgurmaganmiz, shartnoma imzolanishidan biroz o‘tiboq, sanksiyaga uchragan edi. Hozir biz respublika banklari va o‘z mablag‘imiz hisobiga bu loyihani davom ettiryapmiz. Hozir kombinatimiz davlat kafolatisiz ham investitsiyalarni jalb qilish qurbiga ega. Kuni kecha kombinatning o‘zida forum o‘tkazdik va bizga biz xohlagan shartlar asosida Germaniya, Yevropaning ko‘pgina banklari kredit taklif qilyapti”, -deydi Umida Qarshiboyeva.

OKMK kimniki?

36 mingdan ortiq ishchisi bo‘lgan “Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” ayni paytda davlat boshqaruvida.

Prezidentning 2020-yil 26-maydagi «Olmaliq KMK» aksiyadorlik jamiyati konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4731-son qarori bilan bu kombinat davlat boshqaruviga qaytarib olingan.

“Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” (OKMK ) bosh binosi.
“Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati” (OKMK ) bosh binosi.

Ungacha O‘zbekistondagi eng yirik ishlab chiqarish korxonasining ishonchli boshqaruvi mintaqada tanilgan oligarxlarga tegishli ko‘rilgan xususiy shirkatlarning qo‘lida edi.

Bulardan eng so‘nggisi Rossiyadagi o‘zbekistonlik milliarder Fattoh Shodiyevga tegishli ekani aytilgan SFI Management Group shirkatidir.

Bu shirkatdan OKMKning ishonchli boshqaruvi olingach, uning o‘rtadagi vositachi shirkatlar orqali Rossiyadagi yana bir yirik o‘zbek oligarxi Alisher Usmonov nazoratiga o‘tgani haqida norasmiy ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.

Kombinat matbuot xizmati, bu ma’lumotlarni inkor qildi.

“Hozir kombinatning egasi davlat. U kimlargadir tegishli, degan gaplarning hammasi mish-mish. Bizning hisobotlarimiz ham saytimizda e’lon qilib boriladi. Yaqinda men 6 oylik hisobotni ham e’lon qilaman, ma’lumotlarimiz ochiq. Istovchilarga kombinatni ko‘rsatishimiz ham mumkin, istasangiz siz ham keling, “Yoshlik-I” konini ham aylantiraman. O‘zingiz ko‘rib, ishonch hosil qilasiz”, -dedi matbuot kotibi Umida Qarshiboyeva.

Ammo, jamoatchilikda kombinat ishiga jalb qilingan xususiy shirkatlarga hanuz ko‘plab savollar bor.

Jumladan, 45 million tonna mis, 5 ming tonna oltin zaxirasi borligi tasdiqlangan “Yoshlik-I” konidan qazib olinadigan misni boyitish biznesi - Enter Engineering Group shirkatiga berilgan.

Bu shirkat - Enter Engineering Group - O‘zbekistonda neft va gaz sohasini nazorat qilish, xususan o‘zbek gazini suv tekinga Rossiyaga sotishga mas’ul ko‘rilgan. Shirkat esa yana bir milliarder Baxtiyor Fozilovga tegishli.

Bundan tashqari, shu kunda O‘zbekiston hukumatidan eng katta buyurtmani olgan MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MCHJ ham prezident Shavkat Mirziyoyevga va aynan Rossiyadagi hukumatga yaqin oligarxlarning bilvosita boshqaruvida ekaniga oid iddaolar bor.

Enter Engineering Group shirkati Ozodlik savollarini ochiq qoldirib keladi. MR CONSTRUCTION AND ENGINEERING GROUP MCHJ dan esa hozircha biror munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

OKMK - yillik mis ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDHda uchinchi o‘rinda turadi - 148 ming tonna mis qazib olinadi. Birinchi o‘rinda Rossiya - 973 ming tonna, ikkinchisi esa Qozog‘iston - 500 ming tonna.

Kombinat saytida keltirilishicha, hozirgi kunda OKMK tashqi sotuvining asosiy bozori Turkiya bo‘lib, u yerga tovarlarning 60−70 foizi yetkazib beriladi.

Keyingi o‘rinlarda Xitoy, MDH va Sharqiy Yevropa davlatlari turadi. Bundan tashqari, o‘zbek misini Qatar, Avstraliya, Indoneziya, Polshaga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgani, BAAga yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, Shimoliy Amerikadagi bozorlar o‘rganilgani aytilgan.

XS
SM
MD
LG