Ukraina poytaxti Kiyev shahrida Rossiya harbiylari tomonidan berilgan raketa zarbasi oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lumot tarqatdi.
BP qaydicha, hujum chog‘ida 37 kishi tan jarohati olgan. Bosh prokuratura urush qonunlari va odatlarining buzilishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.
“Shaharning Podol, Desnyanskiy, Svyatoshino, Goloseyev, Dnepr, Solomenskiy, Darnitsa va Shevchenko tumanlarida qutqaruv ishlari olib borilmoqda”, deya bildirgan Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati.
Shevchenko tumanida 1500 kv metr maydondagi yong‘in o‘chirilgan.
“Afsuski, 5 kishi halok bo‘ldi va 4 kishi jarohatlandi”, deyilgan xizmat xabarnomasida.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyaliklar tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi yuzasidan izoh bergan edi. Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya hujum chog‘ida turli rusumdagi 40 ta raketadan foydalangan.
“Odamlarni qutqarish uchun barcha xizmatlar jalb qilingan. Rus zarbasiga nihoyat yakun yasalishi uchun butun dunyo o‘z qat’iyatini ishga solishi lozim. Putin olib kelayotgan narsa qotillikdir. Biz faqat bir bo‘lganimizdagina haqiqiy tinchlik va xavfsizlikni qaror toptirishimiz mumkin”, deb yozgan Ukraina prezidenti.