Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Kiyevda suiqasdga uchragan qozoq muxolifatchisi vafot etdi


Aydos Sadiqov (2016-yilda olingan surat)
Aydos Sadiqov (2016-yilda olingan surat)

Kiyevda o‘ziga qarshi uyushtirilgan suiqasddan ikki hafta o‘tib qozoq muxolifati faoli va jurnalist, “Bәse” YouTube-kanali asoschisi Aydos Sadiqov olamdan o‘tdi. Bu haqda uning rafiqasi Natalya Sadiqova ma’lum qildi.

Ayolga ko‘ra, muxolifatchining joni Kiyev vaqti bilan soat 3 da (Toshkent vaqti bilan tonggi soat 5 da) uzilgan.

Mening sevikli erim, uch farzandimizning otasi, qozoq xalqining buyuk o‘g‘li Aydos Qozog‘iston uchun jonini berdi, qotillar dastidan shahid bo‘ldi. Aydos jonlantirish bo‘limida o‘n uch kun davomida hayot uchun kurashdi, biroq mo‘jiza ro‘y bergani yo‘q. Uning o‘limi uchun mas’uliyat [Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart] Toqayevning bo‘ynida”, deb yozgan Sadiqova Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida.

Aydos Sadiqov 18-iyun kuni Kiyevdagi hovlilarning biri oldida otib ketilgan edi. Avvalroq Natalya Sadiqova o‘q Aydosning chakkasiga tekkani, bosh miyasi jarohatlangani haqida bildirgan. Natalya suiqasdda Qozog‘iston rasmiylarini ayblagan va prezident Qasim-Jomart Toqayevni “jinoyatdan manfaat ko‘ruvchi kishi” deb atagan edi.

Aydos va Natalya 2014-yilda Aqto‘bedan Kiyevga ko‘chib o‘tishgan. Ular Ukrainada qochqin maqomini olishgan. Aydos Sadiqov vatanida, o‘z iddaosiga ko‘ra, siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilib kelingan. O‘tgan yil kuzida er-xotin Sadiqovlar Qozog‘iston rasmiylari tomonidan nizo qo‘zg‘atganlik ayblovi bilan qidiruvga berilgan. Sadiqovning o‘zi o‘sha paytda Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan izohida jinoyat ishi siyosiy sababga ko‘ra qo‘zg‘atilganini aytgan.

Sadiqovlar tomonidan yuritib kelingan “Bәse” youtube-kanali va telegram-kanalida Qozog‘iston rasmiylari tanqid qilingan videoroliklar chop etilib keladi. Aydos Sadiqov yaqindagi videolardan birida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni rossiyaparastlikda ayblagan edi.

Ukraina Milliy politsiyasi 18-iyun kuni Kiyevdagi Yarmola ko‘chasida noma’lum shaxs xotini bilan mashinada o‘tirgan bir erkakni o‘qqa tutib, voqea joyidan qochib ketgani haqida ma’lumot tarqatgan. Keyinroq RBK-Ukraina sayti suiqasd uyushtirilgan kishining 2014-yildan buyon Kiyevda yashab kelayotgan qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sadiqov ekani haqida xabar qilgan.

Ukraina prokuraturasi Sadiqov tirik ekani, biroq uning ahvoli og‘ir deya baholanayotganini, uning xotini jarohat olmaganini ma’lum qilgan. Ukraina Bosh prokuraturasi suiqasd bo‘yicha qozog‘istonlik ikki fuqaro — Meyram Qaratayev va Altay Jaqanbayevga ayblov e’lon qilgan.

Tergovchilar ma’lumotiga ko‘ra, ularning ikkalasi ham Sadiqovga suiqasd ortidan Ukraina hududini tark etishgan.

22-iyun kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Altay Jaqanbayev qo‘lga olingani haqida ma’lum qilgan. Qozog‘iston prokuraturasi qaydicha, uning o‘zi ichki ishlar idoralariga murojaat qilgan. Qozog‘iston parlamenti senati raisi Maulen Ashimbayev Ostona qo‘lga olingan qozog‘istonlikni Ukrainaga topshirmoqchi emasligini bildirgan. Shuningdek, u Qozog‘iston rasmiylari muxolifat faoliga suiqasddan manfaatdor bo‘lmaganini urg‘ulab, Ostonaning manfaatdorligiga oid har qanday bayonotni “provokatsiya va uydirma” deb bilishini aytgan.

Sadiqovga suiqasddan keyin prezident Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istondagi davlat idoralari “haqiqatni aniqlashga ko‘maklashish” uchun tergovga bosh qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan. U Qozog‘iston “qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidan borayotgani” va “jamiyatdagi barcha kolliziyalar, qarama-qarshiliklarni faqatgina huquqiy asosda hal qilish lozim”ligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG