Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:43

"Ko‘chada tutib olib, urushga jo‘natishdi". Ukrainada asirga tushgan qirg‘izistonlik hikoyasi


Alisher Tursunov. “Plenniye SVO” (“MHA asirlari”) yutub-kanalidagi video skrinshoti.
Alisher Tursunov. “Plenniye SVO” (“MHA asirlari”) yutub-kanalidagi video skrinshoti.

Youtube'da Ukrainada asirga tushgan Qirg‘iziston fuqarosining videosi tarqaldi. Unda o‘zini qirg‘iz fuqarosi deb tanitgan odam Rossiyaga o‘g‘lini ko‘rish uchun borganida politsiya ko‘chada tutib olib, majburan urushga jo‘natganini aytadi.

“Plenniye SVO” (“MHA asirlari”) yutub-kanalida yoyinlangan videodagi odamning ismi, o‘z so‘zlariga ko‘ra, Alisher Tursunov; yoshi 57 da, o‘zbek va rus tillarida gapiradi, O‘shda tug‘ilgan va Qirg‘iziston fuqarosi. Video qachon va qayerda olingani hozircha noma’lum.

“Politsiya to‘rt kun podvalda saqladi”

Tursunov Rossiyaning Ryazan shahriga o‘g‘lini ko‘rish uchun borganida politsiya ushlab ketib, majburan shartnoma imzolatganini va buning evaziga pul, pasport va harbiy guvohnoma va’da qilishganini aytadi. Shuningdek, ko‘zi xiralashgani uchun shartnoma mazmuni bilan tugal tanisha olmagan emish.

“Ryazanda ikki kun o‘g‘limning uyida mehmon bo‘ldim. Uchinchi kuni ko‘chada bir oz aylanib, do‘konga kirdim. Tashqariga chiqqanimda politsiya ushlab oldi. Anavi uyda turaman, ikkinchi qavatda, hujjatlarimni olib kelib ko‘rsatay, desam ham unashmadi. Mashinaga bosib, olib ketishdi. To‘rt kun politsiya idorasi yerto‘lasida yotdim. KPZ deyisharkan. Na suv berishdi, na ovqat. Havo yetishmaydi, nafasim qisib o‘lib qolishimga sal qoldi. Chiday olmay, rozilik berdim, shundan so‘ng meni shartnoma imzolash uchun voyenkomatga olib borishdi. KPZda men bilan bo‘lgan yigitlarni nima qilishdi, bundan xabarim yo‘q”, deydi erkak va hozirda asirlikda ekanini ma’lum qiladi.

Қамоқ ёки “Вагнер”: Мигрантлар Украина урушига мажбуран ёлланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:52 0:00

Hikoyasi davomida u shartnomaga qo‘l qo‘yganidan so‘ng poligonga jo‘natilgani va u yerda uch kun maxsus tayyorgarlik ko‘rgani, xususan, granatomyot va avtomatdan otdirishgani, okop qazdirishgani haqida gapiradi. Aytishicha, jang maydonida ko‘plab o‘liklar va yaradorlarni ko‘rgan, o‘zi ham ikki marta kontuziya bo‘lgan. Frontga borganidan so‘ng ko‘p o‘tmay Ukraina harbiylariga asirga tushgan emish. Video oxirlarida u urushga o‘zi xohlab bormaganini aytib, Qirg‘iziston hukumatidan vataniga qaytishda ko‘maklashishni so‘raydi.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati video qachon va qayerda suratga olinganini aniqlay olmadi. Qirg‘iziston rasmiy idoralari ushbu holat yuzasidan ma’lumot berganicha yo‘q.

“Uni Mariupolda urushga yollagan bo‘lsalar kerak”

Ozodlik manbalari videodagi kishi qirg‘izistonlik ekanini tasdiqlashdi. U O‘sh atrofidagi qishloqlardan birida yashagan. Ammo Rossiyaga qachon ketgani mavhumroq.

Qarindoshlariga ko‘ra, Tursunov Rossiyaga ikki oy muqaddam jo‘nab ketgan. Uni Rossiya armiyasi bosib olib, yarimxarobaga aylantirgan Ukrainaning Mariupol shahriga ishga borganida urushga yollagan bo‘lishlari ehtimoldan xoli emas.

2022-yilning kuzida Rossiya okkupatsiya qilingan Mariupolni tiklash uchun markaziy osiyolik migrantlarni jo‘nata boshlagan edi. Migrantlar qurilish shirkatlari ularga Moskvadagidan ikki baravar ko‘p oylik taklif qilganini, ammo sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli sharoitda ishlashga to‘g‘ri kelganini aytishgan. Mariupolni tiklashga qirg‘izistonliklar ham jalb qilingan, ular va’da qilingan haqlarini ololmagan hollar ham bo‘lgan edi.

Avvalroq yana o‘sha “Plenniye SVO” yutub-kanalida tojikistonlik migrantning asir olinishi videosi ham chiqqan.

Markaziy osiyolik migrantlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan, so‘ngra Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan huquqbon Valentina Chupik bu kabi hollar 2022-yilda bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qiladi. Chupik avvalroq, Moskvaning Saxarovosidagi migratsiya markazida migrantlarni urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majburlashayotganini ma’lum qilgan edi.

“Videodagi odam so‘zlab berganga o‘xshash hollar 2022-yilning sentyabr-dekabr oylarida bo‘lgan. O‘sha bir necha oy ichida menga mana shunaqa holatlarga doir 42 mingta xabar kelgan edi. Keyinchalik urushga odam yollashning bunaqa usullariga to‘liq barham topdi. 2023-yilning martiga qadar ular migrantlarni aldab, boshqa hujjat o‘rniga harbiy xizmatni o‘tash shartnomasiga qo‘l qo‘ydirib olishardi. Mart oyi oxirlarida bu ham to‘xtadi. Hozirda migrantlar pul va fuqarolikni deb o‘z ixtiyorlari bilan ketishmoqda. Ammo ular soni ko‘p emas. Yiliga 100-200 kishi. Chunki ruslar orasida urushga borishga talabgorlar hanuz yetarlicha bor”, deydi Valentina Chupik.

Россия-Украина: Урушнинг тасодифий қурбонлари - мигрантлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

Ozodlik Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari Rossiyada Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun majburiy va ixtiyoriy yollanayotgani haqida ko‘p marta yozgan. Xususan, bir qancha qirg‘iz fuqarolari urushda o‘lgani ham o‘rtaga chiqqan edi. Aniqlanishicha, Ukrainadagi urushda halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi – Rossiya qamog‘idan chiqarilgan sobiq mahkumlar bo‘lgan. Ushbu qonli urushda Qirg‘izistondan aynan qancha odam ishtirok etayotgani aniqlash imkonsiz.

Asirlarning qarindoshlaridan murojaatlar

Biroq, xavfsizlik nuqtayi nazaridan ismi sir tutilayotgan rossiyalik boshqa bir huquq faoli Ozodlikka Ukrainada Rossiya tarafida jang qilib, asirga tushgan odamlar bilan bog‘liq holatlar ma’lum bo‘lganini so‘zlab berdi. Unga ukrain armiyasida asirlikda qolayotganlarning qarindoshlaridan kamida sakkizta murojaat kelgan ekan.

“Ko‘plab migrantlar qo‘ng‘iroq qilib, “migratsiya xizmati ushlab oldi, shartnoma imzolamasang unday bo‘ladi-bunday bo‘ladi, men nima qilay?” deb so‘rashadi. Yana ikki-uch kishi maslahat so‘radi: O‘g‘lim (akam, ukam va hkz) urushga ketuvdi, asir tushibdi, biz nima qilaylik? Xullas, bor shunaqa keyslar. Botkenlik bir yigit ikkinchi marta Ukrainaga urushga borib, Avdeyevkada asirga tushibdi. Opasi men bilan bog‘landi. Men Rossiya Mudofaa vazirligiga qo‘ng‘iroq qilgach, uni harbiy asirlarni almashish fondi ro‘yxatiga kiritishdi. Navbati bilan uni ukrain askariga almashishadi. Yana 7-8 ta shunaqa fakt bor, ammo hech kim bu haqda ochiq gapirishni istamayapti”, deydi huquqbon.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga ikki yildan oshdi. 2022-yil 24-fevralda Rossiya armiyasi “maxsus harbiy amaliyot” nomi bilan Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshladi. Yaqin-yaqinlargacha “Vagner” xususiy harbiy shirkati Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni Ukrainaga qarshi urushga yollash bilan faol shug‘ullanib keldi.

Ozodlik radiosi Rossiya qamog‘idan to‘g‘ri urushga jo‘natilgan qirg‘izistonliklar haqida yozgan. Ayni paytda Ukrainada asirlikda saqlanayotgan qirg‘izistonliklar soniga doir aniq ma’lumot mavjud emas.

Avvalroq Qirg‘iziston TIV Ozodlikning yozma murojaatiga javoban Rossiya qamoqxonalaridan Ukrainaga urushga olib ketilgan qirg‘izistonliklar soni ma’lum emasligini bildirgan edi. TIV maktubida Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlar orasida muntazam tushuntirishlar olib borib, ularni chet mamlakat hududida bo‘layotgan jangovar harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirayotganini urg‘ulagan.

Украина урушида асирга олинган марказий осиёликлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:19 0:00

Qirg‘iziston Adliya vazirligi qaydlariga ko‘ra, hozirda 1587 nafar qirg‘iz fuqarosi chet elda qamoq jazosini o‘tamoqda. Ularning aksari, 742 kishi Rossiq qamoqxonalarida. Ular – sud hukmi chiqqan yoki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxslardir.

Bundan tashqari, qariyb 750 kishi tergov izolatorlarida saqlanmoqda. Mahkumlarning ko‘pchiligi 20-30 yoshli yigitlardir.

Qirg‘iziston MXDQ urushda qatnashgan shaxslar JKning 256-moddasi (Qirg‘iz Respublikasi fuqarosining chet davlat hududida qurolli mojaro yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishi yoxud terrorchilik aktini sodir etish uchun tayyorgarlikdan o‘tishi) bo‘yicha javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirib keladi.

Qirg‘iziston JKning 416-moddasida esa harbiy mojarolarda qatnashish, qatnashish uchun odam yollash va bu ishlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish kabi jinoiy xatti-harakatlar uchun 15 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

XS
SM
MD
LG