O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilishi kutilayotgan referendum 2023- yilning bahorida o‘tkazilishi aytilmoqda.
Ozodlikka bir-biridan mustaqil ikki manbaning bildirishicha, ayni paytda O‘zbekiston hukumati G‘arbdagi diplomatik kanallar orqali bu tadbirga nufuzli mehmonlarni taklif qilish ustida ishlamoqda.
20-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaat qiladi va unda referendum muddatini e’lon qilishi kutilmoqda.
Yangilangan Konstitutsiya qabul qilinsa, rasmiylarga ko‘ra, amaldagi prezidentining ikki muddati “nollashtirilib”, unga uchinchi muddat prezidentlikka nomzodini qo‘yishga yo‘l ochiladi.
Ozodlikning O‘zbekiston Senatiga yaqin manbasi hukumat konstitutsion referendumni kelasi yil bahorida o‘tkazishga hozirlik ko‘rayotganini bildirdi.
"Konstitutsiya bo‘yicha referendum 2023-yil mart oyi oxiri - aprel boshida bo‘ladi. Navro‘zdan keyin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya hamda AQShdan kuzatuvchilar taklif qilinyapti”, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan manba.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi referendum sanasini tasdiqlagani yo‘q, ammo hozirliklardan xabardor Toshkentdagi mulozim referendum Navro‘zdan keyinga rejalanayotgani haqidagi ma’lumotga “haqiqatga yaqin” deya munosabat bildirdi.
O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi vakili, Ozodlik murojaatiga javoban: “Hozir bu haqda bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Buning uchun prezident qaror chiqarishi yoki Oliy Majlis bu taklifni tasdiqlashi lozim”, deb ma’lumot berdi.
Qonunchilikka binoan, O‘zbekistonda referendum o‘tkazish tashabbusi bilan respublika fuqarolari, Oliy Majlisining palatalari va prezident chiqishi mumkin.
“O‘zbekiston respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga binoan:
“Referendum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tayinlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti referendum o‘tkazish tashabbuskori bo‘lgan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat etishi yoki referendum o‘tkazish to‘g‘risida o‘z qarorini qabul qilishi mumkin”.
Ya’ni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, 20-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisiga qiladigan murojaatida referendum muddatini e’lon qilishi mumkin.
O‘zbekiston davlat televideniyesi prezidentning parlamentga murojaatida “mamlakat taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari” e’lon qilinishini bildirdi, ammo bu ustuvor yo‘nalishlar nimadan iborat ekani haqida ma’lumot berilmadi.
Ammo, O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning Telegram tarmog‘ida qoldirgan posti bu xabarga ba’zi bilvosita tafsilotlarni qo‘shdi.
Deputatga ko‘ra, deputatlar qo‘liga 2022-yil byudjetidan 224 yarim milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini shoshilinch tasdiqlab berish so‘ralmoqda.
Bu loyihada, jumladan “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 404,7 mlrd so‘mga”, “Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 224,5 mlrd so‘mga” oshirish so‘ralmoqda.
"Eng qizig‘i utilizatsiya yig‘imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, monopolist "UzavtoMotors" utilizatsiya yig‘imini to‘layaptimi yo‘qmi, bu yashirilayotgan bir vaqtda davlat byudjetidan utilizatsiya yig‘imi harajatlariga 224,5 mlrd so‘m ajratish so‘ralishi mantiqsizlik. Katta ehtimol bilan xalqning g‘aznasidagi bu pullar monopolist kompaniyaning hisobiga o‘tkaziladi. Albatta ko‘plab savollarga javoblar maxfiy qolayotgan bir vaqtda bu loyihaning qabul qilinishiga to‘liq qarshiman”.
Monopol shirkatlarga byudjetdan ajratiladigan haqning oshirilishiyu bundan deputatning noroziligi alohida masala. Ammo, hozirdanoq e’tiroz bilan qarshi olingan bu loyiha, 20-dekabr kuni prezident qiladigan takliflardan faqat biri bo‘lishi aniq.
O‘zbekistonlik tahlilchilarga ko‘ra, bu chiqishida prezident qator masalalar - shu jumladan, shu kunda har bir o‘zbekistonlik sovug‘ini o‘z tanasida his qilayotgan energetik inqiroz va qator iqtisodiy, konstitutsiyaga o‘zgarish kiritishi kutilgan referendumni o‘tkazish zarurati haqida gapiradi.
Taxminlarga, O‘zbekiston prezidentining 8-dekabr kuni qilgan chiqishi ham asos bo‘lmoqda. O‘sha kungi chiqishida prezident asosan O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirish zarurati haqida gapirdi:
“Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu sababli hozirgi vaqtda „Inson — jamiyat — davlat“ degan tamoyilni Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz zarur".
Prezident va rasmiy matbuotning konstitutsion islohotlar haqidagi chiqishlari, shu kunda mamlakatda avjiga chiqqan energetik inqiroz fonida, jamoatchilikning keskin tanqidiga uchramoqda.
Shu kunda, ijtimoiy tarmoqlarda faollar va oddiy o‘zbekistonliklarning bu yil yanada keskinlashgan svet-gaz muammosidan noroziligi keskin ortib bormoqda.
Bu norozilikni bostirish uchun, hukumat rasmiylari ketma-ket bayonotlar berdi, hatto yillar davomida rasmiy murojaatlariga javob bermagan Energetika vazirligi rahbarining Ozodlikka eksklyuziv ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tayinlagan masjid imomlari ham o‘z ma’ruzalarida asosiy e’tiborni aholining noroziligi bostirish va ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda norozilikni ifoda qilishdan qaytarishga qaratmoqda.
Ijtimoiy kayfiyat tarang bo‘lib turgan bir vaqtda Toshkent shahri bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfiddinov aholini shukr va sabrga chorlab ma’ruza qildi. U “ota-bobolar ham chiroq va gazsiz yashagani”ni ta’kidlar ekan, musulmonlarni ijtimoiy tarmoqlarda bu muammoni ko‘tarib, “mamlakatni butun dunyoga sharmanda qilmaslik”ka da’vat etdi. Ayni choqda, vahima, to‘polon, qo‘zg‘olon bilan ish bitmasligini uqtirdi.
Rasmiy bayonotlaru imomlar va’z-nasihatlari aholini tinchlantirish o‘rniga, ayrim hududlarda yangi bahslarni uyg‘otayotgani kuzatilmoqda.
Imom-xatibning ma’ruzasiga ijtimoiy tarmoqda ko‘p ming sonli auditoriyaga ega Aqida Xonim ham munosabat bildirdi.
“Noshukr va besabr ekanmiz o‘ylab qarasam. 2007-2008-yil edi adashmasam. Qattiq sovuq bo‘lgan. Kechasi xarorat -28S* ga tushib ketar, gaz past, svet xira, elektr pech yoqsa, schyotchik otvorardi. Uxlaydigan xonamizni derazalari muz bilan qoplangan, ovqatni o‘choqda qilardik. Kechasi yaxlab qolmaslik uchun baklashkalarga issiq suv qilib, o‘shani quchoqlab yotardik. Xozir duxovkani yoqib, og‘zini ochib oyog‘imni miltillab turgan olovida isitib o‘tirib shu postni yozyapman. Biz besabr va noshukrlarni kechiringlar, domla!” deb yozdi u.
“Bobolarimiz elektrsiz, gazsiz yashadi, o‘lmadi”, degan ma’ruzani o‘qidi. Keyin jipga minib ketdi. Tuya yoki otga emas!” deya kinoya qildi boshqa bir bloger Sanjar Xo‘ja.
2022-yilining 26-iyunida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
100dan ortiq o‘zgarishlar orasida, Bosh qomusning Qoraqalpog‘istonga oid 5 modda ham borligi, noroziliklar asnosida jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi.
Aksar tahlilchilar, hukumat Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga oid referendumni avvaliga Nukus voqealari sabab qoldirgan bo‘lsa, keyinchalik aynan energetik taqchillik bois aholida favqulodda kuchaygan norozilik kayfiyati sabab yana surishga majbur bo‘ldi, degan xulosada.
Aksar tahlilchilar, bu referendumdan so‘ng Mirziyoyev uchinchi muddat prezidentlikda qolishini kutmoqda.
Zotan, O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yangi konstitutsiya qabul qilinsa, Mirziyoyevning prezidentlik muddatlari nollashadi, deb bayonot bergan:
"Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi…"
Ya’ni, kutilayotgan referendumdan so‘ng, joriy prezident Shavkat Mirziyoyev yana bir muddat - qonundan belgilangan ikki muddatlik cheklovdan tashqari - uchinchi muddat prezidentlikka nomzodini ilgari surishi, va agar ilgari sursa, katta ehtimol bilan prezidentlikda qolishi mumkin.
Agar shunday bo‘lsa, bu nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham kelasi yilning eng muhim siyosiy voqealardan biri bo‘ladi.