Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:56

"Korrupsiyaga qarshi kurashda Prezident “Qarindoshimni ham ayama!” desagina naf bo‘ladi"


So‘nggi oylarda O‘zbekistonda davlat idoralari mulozimlarining pora bilan ushlanganiga oid xabarlar bot-bot paydo bo‘lmoqda. Qo‘lga tushayotganlar aksar holatlarda boshliq o‘rinbosarlari yoki ulardan ham quyiroqdagi mulozimlardir.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda Bosh prokuratura Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) bilan hamkorlikda olib borayotgan poraxo‘rlikka qarshi qo‘shma kurashning aynan shu jihati tanqid qilinmoqda.

Tahlilchilar fikricha, bunday qo‘shma amaliyotlar korrupsiyaga qarshi bunday tanlanma kurash xalq va tashqi dunyoga “kurashilmoqda” degan ishoratni berish uchun qilinmoqda. Bunday namoyishkorona tomoshani to‘xtatib, asl korrupsiya ildizini qirqish esa bevosita prezident Shavkat Mirziyoyevning irodasiga bog‘lanmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 5 - dekabr kuni Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotganda ushlangan.

Bunga qadar Buxoroda Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 3 ming AQSh dollari, Andijonda soliq inpeksiyasi bosh inspektori 15 million so‘m bilan, Namanganda Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mulozimi 10 ming, Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari esa 2 ming AQSh dollari bilan ushlangani xabar qilingan.

Bundan tashqari, katta lavozimli amaldorlarning aksariyati “firibgarlik”da ayblanib, engil jazo bilan qutulayotgani, ammo oddiy xodimlar, jumladan maktab direktori darajasidagi rahbarlar kichik summa bilan qo‘lga tushgan bo‘lsada, qamoq jazosini olayotgani ham tanqid qilinmoqda.

“Ta’til” paytida “moddiy rag‘bat” olgan mulozim

Ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy nashrlarda ko‘p norozilik bildirilgan holat, Bosh prokuraturaning 29 ming AQSh dollari miqdoridagi porani olib, “firibgarlik”da ayblangan mulozimi bo‘ldi.

Bosh prokuratura bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan va mehnat ta’tilida bo‘lgan mulozim 5 - dekabr kuni ushlangan:

“22 - noyabrdan mehnat ta’tilida bo‘lgan A.T. joriy yil 5 - dekabr kuni soat 22 larda Mirobod tumanida joylashgan "Mustafo" restoranida “D.A.dan go‘yoki tenderda yutishiga yordam qilganligi uchun 29 ming AQSh dollarini olganida ashyoviy dalillar bilan ushlandi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Mulozim Bosh prokuratura hamda DXX hamkorligida o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida qo‘lga olingan. Bosh prokuratura A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Rasmiy bayonotda, “pora” so‘zi tilga olinmagan, mulozim tomonidan olingan mablag‘ “moddiy rag‘bat” deb ta’riflangan. Bundan tashqari, mulozim xizmat vazifasini bajarmayotgani, balki mehnat ta’tilida ekani alohida urg‘ulangan.

Toshkent shahar prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyuta va noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Botir Husainovga ko‘ra, bu bayonotda nafaqat prokuratura balki aksar davlat tashkilotlarida mavjud korrupsion tizimda qo‘llanadigan sxema belgilari yaqqol ko‘ringan.

Sobiq prokurorga ko‘ra, kuch ishlatar organlar yoki davlatning yuqori boshqaruv organlaridagi rahbarlar yangi ishga kirgan xodimdan “mehnat ta’tiliga chiqish yoki oilaviy sharoitiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida oldindan ariza yozdirib oladi”:

- Pora oladigan odam, albatta rahbari bilan bo‘lishadi. Shuning uchun, bu xodim qo‘lga tushsa, rahbariga qarshi ko‘rsatma berish ehtimoli katta bo‘ladi. Shuning oldini olish uchun, ishga kirgan paytida xodimlardan ariza olib qo‘yadi, unga sana qo‘yilmaydi. Qo‘lga tushganda, o‘sha arizani olib, qo‘lga tushishidan oldingi sana bilan buyruq chiqarib qo‘yadi, - deydi B. Husainov.

Quyida sobiq prokuror bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:36 0:00
Бевосита линк

Karimov davridan meros qolgan sxema

B. Husainovning aytishicha, bu amaliyot marhum Islom Karimov boshqaruvi paytida - 2005 - yillardan ishga tushgan va uni kuch ishlatar organlari xodimlarining o‘zlari o‘ylab topgan.

Botir Husainov keyingi yillarda bu amaliyot keng ko‘lamda qo‘llanilmoqda, degan fikrda:

- E’tibor bergan bo‘lsangiz, pora olishda ayblanib ushlanayotganlarning hammasi o‘rinbosar, bo‘lim boshlig‘i yoki tergovchi. Bular boshliqdan ruxsatsiz pora olmaydi, faqat vositachilik qiladi va keyin yuqoridagilar bilan bo‘lishadi.

Prokuratura sobiq mulozimiga ko‘ra, aksar hollarda porani oluvchi yoki yuqoriga beruvchi xodimning, bir kun DXX tomonidan qo‘lga olinish ehtimoliga shu tariqa hozirlik ko‘riladi:

- Ya’ni, bu odam naqd pul bilan qo‘lga tushgan, zarar keltirmagan davlatga yoki porani bergan shaxsga. Demak, pul qaytariladi va ishdan bo‘shagan yoki ta’tilda bo‘lgani uchun, JKning 168-moddasi bilan firibgarlikda ayblanadi. Uzog‘i 1 oy hibsda o‘tiradida, ozodlikka chiqib ketadi. Bu har doim ishlab kelgan praktika.

300 mln so‘m olganga jarima, 1,5 mln olganga qamoq

Bosh prokuratura mulozimi boshqa shaxsdan olgan pul miqdori - 29 ming AQSh dollari - shu kunda taqriban 300 million o‘zbek so‘miga teng, bu esa mavjud qonunchilikka binoan "juda katta miqdordagi pora" hisoblanadi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida “Pora olish” jinoyati 210-moddada shunday belgilangan:

  • “Pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi”.

Bu ayblov tasdig‘ini topsa, davlat organi, ya’ni prokuraturada ishlagan mulozim besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi.

Pora bilan qo‘lga tushayotgan amaldorlar ishini yoritib kelayotgan va ismini sir saqlagan mahalliy jurnalistga ko‘ra, prokuratura yoki kuch ishlatar organlari, hokimiyatlar yoki boshqa yuqori boshqaruv idoralarining mulozimlariga nisbatan og‘ir jazo qo‘llanilmayotir. Ammo, oddiy ishchi-xodimlar, jumladan o‘qituvchi, shifokor yoki boshqa quyi bug‘indagi rahbar xodimlarga nisbatan og‘ir jazo qo‘llanmoqda.

“Masalan, ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, yaqinda maktab direktori 1 yarim million so‘m pora olgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Tarmoqlarda rosa muhokama bo‘ldi. Endi o‘zingiz o‘ylang, 29 ming AQSh dollari olgan rahbar firibgarlik bilan qutulib ketyapti, 1 yarim million so‘m olgan rahbar 5 yilga qamalyapti. Bu harakatlari bilan o‘ziga nisbatan korrupsiya iddaolarni Bosh prokuraturaning o‘zi tasdiqlab turibdida. Ya’ni, pora olgan sherigini qutqaryapti, pora olgan maktab direktorini aksilkorrupsiya islohotlariga qurbon qilyapti. Albatta, direktor pora olishi mumkin, degan gap chiqmasligi kerak bundan. Lekin, bunaqa qilib xalqning ustidan ham kulishi kerak emasda!”

Bu jurnalist tilga olgan maktab direktori kitoblik edi. O‘shanda ham DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti amaliyot o‘tkazgan.

Unda Kitob tumanidagi 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori M.X ning oddiy fuqarodan, ishga joylash sharti bilan, 1 million 500 ming so‘m olayotganda ushlangani rasman xabar qilingan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu mas’ulga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi qo‘llangan va pora olishda aybdor topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.​

“Poraxo‘rlik barcha tizimlarda avj olgan”

Muqaddam Toshkent shahar IIV tizimida tergovchi bo‘lib ishlagan va ismini sir saqlagan yuristga ko‘ra, poraxo‘rlik barcha tizimlarda avj olgan va buni rasmiy idoralarning o‘zlari ham biladi.

“Maktab, bog‘cha, qishloq poliklinikasi, bozor - ishqilib, qaysi idoraga borsangiz, hamma joyda mayda poraxo‘rlik avj olgan. Bu yillardan beri shunaqa va hech kimga sirmas. Lekin, hozir juda oshkor tus olgan. “Ana kazo-kazo rahbarlarning o‘zi poraxo‘r, qo‘lingdan kelsa bor, o‘shalarni ushla!” deb aytishadi yuzingizga. Chunki, ijtimoiy tarmoq bor va hammasi ochiq-oydin, videolari bilan turipti. Ana sizlar ham yozib yotibsizlar, to‘g‘rimi?! (Ozodlik radiosini nazarda tutmoqda - tahr.) Bir tarafdan xalqni ko‘zi ochilyapti, ikkinchi tarafdan katta-katta korrupsioner rahbarlar jazolanmayotgani uchun, maydayu yirik poraxo‘rlik avjida ketyapti”, deydi sobiq tergovchi.

Ozodlik radiosi 2021 - yilda qilgan qator yirik jurnalistik surishtiruvlar davomida, O‘zbekistonning yuqori bo‘g‘indagi rahbarlar, jumladan shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning oilasi aloqador ko‘rilgan milliardlab dollar miqdoridagi korrupsion jinoyatlarni o‘rtaga chiqargan.

Bu surishtiruvlar bilan shaxsan tanish ekanini aytgan sobiq tergovchining xulosa qilishicha, rahbarlar jinoyatining jazosiz qolayotgani jamiyatda ham, hokimiyat organlarida ham korrupsiya va poraxo‘rlikni rag‘batlantirmoqda.

“Qaysidir kichik amaldor, zamhokimmi yoki kadastr rahbarimi, uning o‘rinbosarimi, davlat mulkini o‘zlashtirdi yoki o‘g‘irladi, yoki katta miqdorda pora oldi, deylik. Qo‘lga tushyaptida, o‘ziyam pora bilan jazoni engillatib yoki amnistiyaga ilinib, 1 - 3 yilda chiqib kelyapti. Olganining bir qismini qaytaradi, qolganini jinoiy sheriklari bilan bo‘lib yeb yotadi yoki g‘irt begonaning nomiga rasmiylashtirib, chetga chiqarib yuboradida, qamoqdan chiqqandan keyin ketvoradi. Agar tepada o‘ziga qarshi juda katta dushmani bo‘lsa, chiqolmasligi mumkin xolos. A tak, porani berib sotib olish mumkin bo‘lmagan idora qolmagan. Chunki eng yuqoridagi rahbarlar - prezidentning yonidagilardan tortib, maktab direktorigacha - kun ko‘rish va boyishning yagona yo‘li pora olish, tanish bilish qilib o‘zlashtirish, deb biladi. Xalq ham shunga ko‘nikkan. Ahvol juda yomon, bilmayman buni tuzatib bo‘ladimi-yo‘qmi?!”​

“Korrupsiyani faqat prezident to‘xtata oladi”

O‘zbekistonda 2021 - yilning birinchi yarmida 2544 mansabdor shaxsga nisbatan korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha 1676 ta jinoyat ishi ochilib, sudga yuborilgan.

Bu haqda shu yilning 24 - sentabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonov ma’lum qilgan.

Ayblanuvchilarning aksariyati - 1297 kishi (51%) – O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi ("O‘g‘irlik yoki o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish") bo‘yicha jinoyat sodir etgan mansabdor shaxslardir. Yana 420 kishi 168-modda ("Firibgarlik"), 80 kishi - 210-modda ("Pora olish") bilan ayblangan.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi eng ko‘p korrupsiya ishlari bilan qo‘lga olinganlar soni Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari - 107 kishi, ikkinchi o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi - 74 kishi, uchinchida - davlat korxonalari rahbariyati a’zolari orasidan 66 kishi ekanini ma’lum qilgan. Ammo, bu mulozimlarga qanday jazo berilgani haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Sobiq prokuror Botir Husainovning ishonishicha, mayda poraxo‘rlikni korrupsiyani to‘xtatish orqali tugatish mumkin, korrupsiyani esa faqat prezidentning o‘zi to‘xtata oladi:

- Prezidentning o‘zi eng ishongan 20 ta halol odamni tanlab, ularga pora olgan Bosh prokuror bo‘lsa ham, ushlab-qamash vakolatini bersagina, korrupsiyani to‘xtatish mumkin. Aks holda, imkoni yo‘q. Chunki, qarindosh-urug‘, quda-anda bo‘lib, bu korrupsionerlar bir-biriga bog‘lanib ketgan. Qachonki prezident, “Pora olgan mening qarindoshim bo‘lsa ham, ayama!” deb vakolat bersa, o‘shandagina natija bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG