Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:42

"Kun sanamoqda". Huquq faoli qamoqdagi Sattoriy va Tajimuratov bilan uchrashdi


Otabek Sattoriy Surxondaryo viloti Muzrobod tuman sudida. 11-mart, 2021
Otabek Sattoriy Surxondaryo viloti Muzrobod tuman sudida. 11-mart, 2021

Tovlamachilikda ayblanib 6,5 yilga qamalgan bloger Otabek Sattoriy shu yil aprelida ozodlikka chiqarilishi kutilmoqda.

Bu haqda shu yilning 13-yanvar kuni Qarshidagi manzil koloniyada Sattoriy bilan uchrashgan inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Tashanovning Ozodlikka aytishicha, Sattoriy 2021-yil mayida sud o‘ziga nisbatan chiqargan hukmdan norozi, ammo qayta shikoyat qilish niyati yo‘q.

Huquq faolining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro matbuot va huquq tashkilotlari blogerlik faoliyati uchun qamalgan deb ishonadigan Sattoriy ozodlikka chiqqanidan so‘ng "blogerlik faoliyatini davom ettirmoqchi emas".

42 yashar Sattoriy buni "tinchgina yashash va kelajakda IT sohasini egallash" rejasi bilan tushuntirgan.

"Hujjatlarimni yoqib yuborganman, endi blogerlik qilmayman, dedi Otabek”, deya Sattoriyning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Tashanov.

Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, bloger qamoqxonadagi sharoitlar va sog‘ligidan shikoyat qilmagan va ozodlikka chiqish uchun "kun sanayotgani"ni aytgan. Huquq faolining aytishicha, Sattoriy jazoni o‘tayotgan manzil koloniya rahbari uning aprel oyi oxirida ozodlikka chiqarilishini tasdiqlagan. Sattoriy o‘tgan yil noyabrida Navoiydagi umumiy tartibli qamoqxonadan Qarshidagi manzil koloniyaga chiqarilgandi.

Tashanov mahkum bilan bemalol muloqot qilgani, uchrashuv jarayonida koloniya ma’muriyati ularning biron mavzuni muhokama qilishiga to‘sqinlik qilmaganini aytmoqda.

Otabek Sattoriy 2021-yilning 10-mayida jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani sudi hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning tuhmat, haqorat va tovlamachilik moddalari bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

"Ҳақиқат йўқ": Блогер Отабек Сатторий 6,5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00

Sattoriy O‘zbekiston hukumati ochiqlik siyosati davri deb iddao qiladigan Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati chog‘ida qamoqqa tashlanganilk blogerlardan biri.

Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Sattoriyning qamalishi O‘zbekistondagi korrupsiyaning hosilasi ekaniga urg‘u berib, uning kasbiy professional faoliyati zo‘ravonlik yo‘li bilan to‘xtatilganini aytgan.

Sattoriy ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy hokimiyat idoralaridagi korrupsiyani tanqid qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan.

Yaqinlariga ko‘ra, jurnalistik surishtiruvlar davrida Sattoriyning telefon apparati sindirib tashlangan va uni yangi telefon olib berish bahonasi bilan tovlamachilikda ayblab, hibsga olishgan.

Tajimuratov yana qiynoqlar haqida gapirdi

“Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov bir kun avval Navoiydagi 5-sonli koloniyada 2022-yil iyulidagi Qoraqalpog‘iston voqealarida ayblanib 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashgan.

Tashanovning so‘zlariga ko‘ra, Tajimurotov tergov jarayonida o‘ziga nisbatan jismoniy qiynoqlar qo‘llangani haqida gapirgan. U shuningdek, o‘ziga xat va banderollarning kechikib kelayotganidan shikoyat qilgan.

“Dekabrning 25-sida uni jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganlikda ayblashibdi. U o‘ziga xat va banderollarning kechikib kelayotganidan, o‘zining xatlari tashqariga chiqishi qiyin bo‘layotganidan shikoyat qildi”, deydi Tashanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist va huquqshunos bo‘lgan qoraqalpoq faoli koloniyada mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashuvlar davrida nazorat haddan tashqari kuchli ekanini aytib, bu mahkumlar huquqlarining buzilishi ekanini ta’kidlagan. U shuningdek, qamoqxona ma’muriyatiga mahkumlar sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar berayotganini aytgan.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

Abdurahmon Tashanov qoraqalpoq faoli o‘ziga nisbatan qiynoqlar tergov davrida bo‘lganini ta’kidlagani, qamoqxonada qiynoq qo‘llanganidan shikoyat qilmagannii aytmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahkum bilan uchrashuvni tashkil qilgan Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti Tajimuratov bilan alohida uchrashuvga imkon bergan, uchrashuvda koloniya yoki JIED vakillari ishtirok etmagan.

“Sattoriy ham, Tojimuratov ham o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi", deydi "Ezgulik" jamiyati rahbari.

44 yashar Dauletmurat Tojimuratov advokat hamda «El xizmetinde» gazetasi muharrir bo‘lgan. 2023- yilning 31-yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi hukmi bilan JKning konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, rastarata va o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirish hamda jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni saqlash, tarqatishda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘tgan yil sentabrida Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov Navoiydagi qamoqxona ma’muriyati Tajimuratovga munosib tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortayotgani va mijozi tashqi dunyodan uzib qo‘yilganini aytgan edi.

2023-yil 18-sentabr kuni qamoqxonada Tajimuratov bilan ko‘rishgan advokati uning bir kishilik kamerada saqlanayotganini aytgan.

Avvalroq Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumatini qamoqdagi Tajimuratovning xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.

"O‘zbekiston hukumati Tajimuratov hibsda zarar ko‘rmasligini va boshqalardan noqonuniy ravishda ajratilmasligini ta’minlashi kerak. Uning yagona "aybi" Konstitutsiyaga [Toshkent tomonidan] taklif qilingan, agar qabul qilinsa, Qoraqalpog‘istonni suveren maqomidan mahrum qiladigan tuzatishlarga qarshi tinch namoyish qilishga chaqirganidir”, deb aytgan tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Ritman.

Nukus voqealari deb nom olgan norozilik chiqishlari o‘tgan yilning iyul oyi boshida O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahririda Qoraqalpog‘iston respublikasi suveren maqomining bekor qilinishiga qarshi boshlanib ketgan edi. 1 va 2-iyul kunlari kuzatilgan noroziliklar chog‘ida, rasmiylarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.

Namoyishlar kuch bilan bostirilgan, biroq o‘zbek rasmiylari harbiylarning namoyishchilarga qarata o‘q uzganini rad etgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish qilgan.

AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham o‘zbek rasmiylarini Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi haddan ziyod kuch qo‘llanilganiga oid iddaolarni tekshirishga chaqirgan. Ammo ikkinchi suddagi ayblanuvchilar orasida ham namoyish ishtirokchilariga qarshi noqonuniy kuch qo‘llaganlikda gumonlangan xavfsizlik kuchlari xodimlari ko‘ringan emas.

XS
SM
MD
LG