Mijozdan xizmat haqi olish taqiqlanishi ortidan, ayrim xususiy bandlik agentliklari ishini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov mahalliy matbuotga, "qator agentliklar" litsenziyasini bekor qilishni so‘rab, ariza kiritganini bildirdi.
Yangi qonuniy tartibga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga xorijga yo‘llagan mijozlaridan xizmat haqi olish taqiqlangan, maslahat va axborot xizmati uchun olinadigan haq miqdori ham cheklangan.
O‘zbekistonda shu yilning 14 - noyabridan boshlab "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kuchga kirgandi.
Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshlariga xorijdan ish topib beradigan xususiy agentliklar o‘z mijozidan xizmat haqi olishi mumkin emas. Qonunga binoan agentliklar bu haqni ishchiga ish berayotgan xorijiy shirkatdan undirishi lozim.
Xususiy agentliklar faqatgina maslahat va axborot xizmati uchun haq olishi mumkin, ammo bu summa ham bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (taqriban 223 ming so‘m) miqdorida cheklangan.
Bundan tashqari, migratsiya bozorida ish boshlamoqchi bo‘lgan xususiy agentliklar litsenziya olish uchun, Mehnat vazirligi huzuridagi jamg‘armaga bazaviy hisoblash miqdorining 8500 baravari (taqriban 1 milliard 90 million so‘m) miqdorida zaxira mablag‘ qo‘yishi lozim.
Buning ustiga, agentlikda tuzilgan har bir shartnoma nusxasi Mehnat vazirligi ma’lumotlar bazasiga kiritilishi shart.
Bu yangi tartib kuchga kirishi bilan, mamlakatda ishlash huquqini saqlab turgan sanoqli xususiy bandlik agentliklari ham faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan.
Daryo.uz nashrining yozishicha, bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov ma’lum qilgan. Ammo, mas’ul konkret qancha shirkat ishidan voz kechishga qaror qilganini bildirmagan.
M. Mamatxonov bu o‘zgartishlar sohadagi firibgarliklar oldini olish uchun kiritilganini ta’kidlamoqda.
Vazirlik bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shu kunga qadar xususiy bandlik agentliklari tomonidan 9 ming 338 fuqaro aldanib qolgani, ulardan aldov yo‘li bilan salkam 80 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirib olingani aniqlangan.
Shu yilning 27 - noyabr kuni xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bog‘liq masalada AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov aldangan fuqarolarning pulini qaytarish bilan bog‘liq savollarga javob berdi.
Mamatxonov xususiy bandlik agentliklaridan jabr ko‘rgan fuqarolarning pullarini undirish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinganidan so‘ng hukm ijrosi Majburiy ijro byurosi zimmasiga yuklatilishini aytdi.
"Vakolatli organ — MIB hisoblanadi. MIB tomonidan tegishli bandlik agentligi hisob-raqamidagi mavjud mablag‘lar, mol-mulklari sotuvga qo‘yiladi. Bu pullarni jamlagan holda, mutanosib ravishda jabrlangan har bir fuqaroga pullarini qaytarish choralari ko‘riladi", - dedi Mamatxonov.
Matbuot anjumanida bildirilishicha, O‘zbekistonda 9 mingdan ortiq fuqaro hususiy bandlik agentliklariga aldangan, ulardan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan mablag‘lar 79 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
So‘nggi uch yil davomida vazirlik reestridan 104 ta xususiy agentlik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shulardan 75 tasiga xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziya berilgan.
Shu agentliklardan 55 tasining litsenziyasi bekor qilinib, hozirgi kunda 20 tasi faoliyatini davom ettirmoqda.
11 ta xususiy bandlik agentligining 51 nafar rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.