Singapore Airlines uchog‘i bilan Londondan Singapurga uchgan yo‘lovchilarning ko‘pi parvoz chog‘ida atmosferadagi kuchli girdobli harakat sababli qo‘rquv va sarosimani boshdan kechirdilar. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, hodisa tufayli bir kishi vafot etgan, o‘nlab odam tan jarohati olgan. Mediklar yo‘lovchining yurak xurujidan o‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.
Boing-777 uchog‘i 22-may kuni tonggi soat 5.00 larda Singapurga yetib kelgan.
Yo‘lovchilar favqulodda holat tafsilotlarini kutayotgan jurnalistlarga e’tibor bermagan holda uchoq bortini jimgina tark etishgan.
London - Singapur muntazam reysi uchoq girdobli harakat yo‘lidan uchib o‘tganidan keyin Bangkokka yo‘naltirilgan. Uchoqida silkinish o‘ta kuchli bo‘lganidan yo‘lovchilar salon bo‘ylab uchib ketishgan, ayrimlarinig esa boshlari shiftga urilgan.
Singapur Transportdagi xavfsizlikni tekshirish byurosi (TSIB) hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda, AQSH Transportdagi xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash esa yo‘lovchilarni dastaklash uchun o‘z vakillarini yo‘llayapti.
Aviashirkat ma’lumotiga ko‘ra, kutilmagan girdobli harakat parvoz boshlanganidan taqriban 10 soatcha o‘tgach, Myanmadagi Iravadi havzasi ustida boshlangan.
Reuters qaydicha, girdobli harakatga ko‘p narsa sabab bo‘lishi mumkin, ular orasida eng ko‘p uchraydigani ob-havo sharoitining beqarorligidir. Mazkur parvozda girdobli harakatga aniqlash juda qiyin bo‘lgan “toza havo turbulentliligi” deb atalgan hodisa sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deyilgan xabarda.
NTSB tomonidan 2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqotga muvofiq, girdobli harakat bilan bog‘liq aviahalokatlar parvoz hodisalari orasida eng ko‘p uchraydigani bo‘lib hisoblanadi.
Boing-777 uchog‘i salonida olingan fotosuratlarda yuqoridagi panellarda kattagina yoriqlarni, yuqoridan osilib yotgan kislorod niqoblarini va har tarafga sochilgan yuklarni ko‘rish mumkin.
Aviashirkat vakillari hodisa chog‘ida 30 kishi jabrlanganini ma’lum qilishgan, biroq, Tailanddagi Samitivey kasalxonasi 71 nafar yo‘lovchini davolayotganini bildirgan.