Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:39

Madaniy dunyoga intilib. Urush vajidan Litvaga ko‘chib borgan rossiyaliklar hikoyalari (VIDEO)


Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 24-fevraldan boshlab emigratsiyaga ketayotgan rossiyaliklar soni oshgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 24-fevraldan boshlab emigratsiyaga ketayotgan rossiyaliklar soni oshgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri 3 milliondan ortiq tinch aholi mamlakatni tark etdi. Ayni chog‘da 24-fevraldan boshlab emigratsiyaga ketayotgan rossiyaliklar soni ham oshgan: ularning aksari – Kreml Ukrainada olib borayotgan urushni yoqlamaydigan, ammo o‘z qarashlari uchun jinoiy ta’qibga yo‘liqishdan qo‘rquvchi, shuningdek, keng ko‘lamli sanksiyalar tufayli ishsiz qolishini tushungan kishilardir.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vizasi yoki yashashga ruxsatnomasini olib qo‘yganlar Yevropaga ketishmoqda. Lekin ko‘pchilik Rossiya bilan vizasiz bordi-keldi qiladigan Gruziya, Turkiya, Armaniston va boshqa davlatlarga yo‘l olyapti. “Nastoyashcheye vremya” jurnalistlari Litvaga ko‘chib ketgan va yangi mamlakatda o‘rnashib olishga urinayotgan bir necha rossiyalik bilan suhbatlashishdi.

Grigoriy Sverdlin – Sankt-Peterburgdagi boshpanasiz va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolganlarga ko‘maklashuvchi “Nochlejka” xayriya tashkilotining endilikda sobiq rahbari. Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng u yakka kishilik piketlarga chiqib, Rossiya agressiyasini ochiqcha qoraladi. Grigoriy uning fuqarolik pozitsiyasi tufayli hukumat ijtimoiy loyihani qatag‘on qilishini istamasdi, shu bois “Nochlejka”dan bo‘shadi, keyin esa mamlakatdan chiqib ketdi: avval Vilnyusga, u yerdan – Tbilisiga.

“Hammasiga chidashim mumkin edi, balki. Ammo “feyklar haqida qonun” qabul qilinib, urushni “urush” deb atab bo‘lmay qolgach, toqatim toq bo‘ldi, – deydi Grigoriy (qonun Ukrainadagi urushga norozilik bildirganlar va uni yoritishda “norasmiy” manbalar, masalan, ukrainlarning guvohliklaridan foydalanganlar uchun 15 yilgacha qamoq jazosi belgilangan – Ozodlik izohi). – Tushundimki, fiziologik darajada urush bilan murosa qila olmayman, urush haqida sukut saqlash qo‘limdan kelmaydi. Buning muqobili – qamoq yoki muhojirlik, ammo qamoqda o‘tirishda nima foyda?”

“U yoqdan bu yoqqa ko‘chayotganda odatda yukim yengil bo‘ladi. Bu gal ham yig‘ma velosipedim va ikki ryukzakka jo bo‘ladigan narsalarimni oldim xolos. Chunki tez orada qaytishdan umidvorman. Lekin Xudo biladi bu qachonga nasib qilganini”, so‘zini yakunlaydi Grigoriy.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinini “Xolod” nashri jurnalisti Olesya Ostapchuk ham qoralab chiqdi. Uning Rossiyadan ketish qarori sabablari faqatgina kasbi bilan bog‘liq emas, shaxsiy sabab ham bor: Olesyaning qarindoshlari hozirda Rossiya armiyasi o‘qqa tutayotgan ukrain shaharlarida istiqomat qilishadi.

“Vaziyat tom ma’noda ko‘nglimni behuzur qildi, – deydi Ostapchuk. – O‘zingiz o‘ylang: eng yaqin kishilarimning ustiga bomba yog‘dirayotgan mamlakatda qandoq yashayman? Bu ham yetmagandek, televizordan, federal OAVlardan “olam guliston, Rossiya hech kimni bombalamayapti”, degan gapni eshitasan. Ijtimoiy tarmoqlarda butun fojia manzaralarini ko‘rib turasan, ammo senga “ular bari feyk, ishonma, bizdan boshqasi rost gapirmaydi”, deyishadi. Bunaqada odam aqldan ozishi hech gap emas”.

Sergey Davidis ham Rossiyadan Litvaga ko‘chib keldi. U – Rossiya hukumati avvaliga “Xorijiy agent-NTT” deb topgan, so‘ngra o‘tgan yilning oxirida “xorijiy agentlar”ga doir qonunchilikni buzdi, degan iddao bilan tugatgan “Memorial” markazi huquqboni. Sergey uyini ustma-ust tintuv qilishganidan bezib, qolaversa, Rossiya Ukrainada urush boshlaganini hazm qila olmagani uchun mamlakatni tark etgan.

“Putin rejimi Ukraina aholisi boshiga juda og‘ir musibat keltirdi. U yerda odamlar o‘lyapti, ustlariga bombalar tashlanyapti, ammo ular o‘z vatanlarini himoya qilishmoqda va butun dunyo ko‘magida, o‘z jasoratlari soyasida mutlaqo adolatli g‘alabadan umid qilishyapti, – deydi Davidis. – Rossiyada ham vaziyat chatoq: odamlarning alohida, tarqoq guruhlari urushga qarshi chiqyapti... minglab, o‘n ming yoki hatto yuz minglab kishi. Ular kurashishga tayyor, lekin plakat va so‘zdan boshqa qurollari yo‘q – afsuski, rejimni bu bilan yengib bo‘lmaydi. Ular o‘zlaridan kechgan holda ko‘chaga chiqishlari mumkin, chiqishyapti ham. Va barchalari qamoqqa tashlanyapti. Qahramon ukrainaliklardan farqli o‘laroq, ular bu kurashda g‘alaba qozona olmaydilar”.

“Nastoyashcheye vremya” suhbatdoshlariga ko‘ra, ko‘plab rossiyaliklar o‘z mamlakatlarini harbiy agressor deb tan olishga tayyor emas, shu bois ular Ukrainada yuz berayotgan voqealarni “feyk” deb atashmoqda.

“Bunaqa bahonalarning bari bizning himoya reaksiyamizga qarshi o‘ylab topilgan. Chunki, men va men kabilar Rossiyada va Ukrainada bo‘layotgan voqealarni, Rossiyaning qilmishlarini yuragiga og‘ir olishi tabiiy, – izoh beradi Olesya. – Men nomim Rossiya hukumatining kirdikorlari bilan bog‘lanishiga rozi emasman, ammo, ayni paytda bu ishlar rossiyaliklar nomidan qilinmoqda”.

“Ko‘pchilik uchun bu oddiy himoya reaksiyasi. Chunki o‘z hukumating qardosh Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi olib borayotganini tan olish juda qiyin, – deydi Grigoriy Sverdlin. – Odamxo‘rlar hokimiyati ostida yashayotganingni tan olish mushkul. Bu ham og‘ir, ham dahshatli. Yirik shaharlarda ko‘rgan-bilganlarimga qaraganda, aholining katta qismi shok holatida, ular dahshatga tushganlar. Ko‘pchilik Putinga va amaldagi hokimiyatga qarshi bo‘lmasligi mumkin, lekin bu urushga qarshi”.

Sergey ham, Olesya va Grigoriy ham o‘z kasbiy faoliyatlarini chet elda davom ettirishmoqchi. Rossiya madaniy dunyodan ihotalab tashlangani sababli, ular o‘z mamlakatlarini yaxshi kelajak kutayotganiga ishonishmaydi.

“Rossiya qashshoq mustabid davlat bo‘ladi, unda inson huquqlari yanada ko‘proq poymol etiladi. Bundan ortiq bo‘lishi mumkin emasdek tuyuladiyu ammo, ko‘rasiz, bundan badtar kunlar keladi hali, – bashorat qiladi Sergey Davidis. – Boshqa tarafdan, elita orasida biron aqlli va dadilroq bir guruh chiqib, vaziyatga ta’sir etishga jazm qilishi ham mumkin. Biroq bunaqa ehtimol juda past”.

“Rossiyani sog‘inyapman. Lekin hozir, shu tobda Chelyabinskka qaytsam, shahar markazida, binolar peshtoqida Z harfini ko‘raman, Z shaklida saflanib turgan o‘quvchilarga ko‘zim tushadi va yana ko‘nglim aynishni boshlaydi”, deydi Ostapchuk.

XS
SM
MD
LG