Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Makkada jazirama tufayli vafot etganlar soni 900 dan oshdi


Arafot tog‘ida turgan ziyoratchilar (arxiv surati)
Arafot tog‘ida turgan ziyoratchilar (arxiv surati)

Saudiyaning Makkai Mukarrama shahrida Haj ibodatini ado etish chog‘ida vafot etgan ziyoratchilar soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 922 nafarga yetdi. Bu haqda France-Presse agentligi (AFP) xabar qildi.

O‘lim soni ortganiga soya joylarda havo haroratining +50 darajadan oshib ketgani sabab bo‘lgan.

Haj farzlaridan bo‘lgan Arafot tog‘ida turish va Ka’batulloh tavofi kabi qator amallar ziyoratchilar tomonidan ochiq osmon ostida boshyalang holda (erkaklar) ado etilgani uchun yoshi ulug‘ kishilar va sog‘lig‘i uncha yaxshi bo‘lmaganlar jazirama sinoviga dosh berolmayapti. Natijada oftob urgan minglab odam kasalxonaga olib ketilgan.

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi ziyoratchilarga quyoshdan saqlanish, ko‘p suv ichish va harorat eng yuqori bo‘lgan paytlarda imkon qadar yopiq joylarda qolishni tavsiya qilgan.

Arab diplomati AFP agentligiga birgina misrlik ziyoratchilar orasida vafot etganlar soni kamida 600 nafarga yetganini ma’lum qilgan. Jazirama qurbonlariga aylanganlar orasida Tunis, Urdun, Eron, Senegal, Indoneziya va boshqa mamlakatlar fuqarolari borligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi mavsumda Makkaga butun dunyodan 1 million 800 mingdan ziyod ziyoratchi borgan. O‘tgan yili iyun oyi oxirlariga to‘g‘ri kelgan Haj ziyorati chog‘ida jazirama va tashnalik tufayli kamida 240 ta o‘lim holati qayd etilgan edi.

Mintaqadagi tadqiqotlar hatto Saudiya uchun anomal bo‘lgan issiq harorat global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Makka taraflarda o‘rtacha harorat har o‘n yilda muntazam ravishda 0,4 darajaga oshib bormoqda.

XS
SM
MD
LG