2024-yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tarbiya maskanlarida bolalarga nisbatan qo‘pollik qilinishi yoki kuch ishlatilishi bilan bog‘liq yuzlab murojaat kelib tushgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 6-mart kuni davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi mas’ullari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
O‘rganishlar natijasida 32 nafar rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etilgan, 3 nafari javobgarlikka tortilgan, 15 nafariga intizomiy chora ko‘rilgan, 15 ta xususiy bog‘chaga berilgan litsenziya bekor qilingan.
Ta’lim-tarbiyani kuch ishlatishdan xoli etish rejasi bilan o‘rtoqlashgan Hilola Umarova endilikda bunday harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirilishini ta’kidlagan.
“Bolalarga nisbatan qo‘pollik qilgan yoki shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan tarbiyachi, pedagogga qonun doirasida chora ko‘riladi. Uzr, ogohlantirishlar bilan qutulib qolish yo‘q, bu o‘rinda MTT rahbariyatining shaxsiy javobgarligini ham kuchaytiramiz”, deya ishontirgan vazir.
Mulozimiga ko‘ra, “har bir bolaning sog‘lom va barkamol voyaga yetishiga davlat kafil” va “xususiymi, davlat tasarrufidagi bog‘chami, qonun talabi hamma uchun bir”.
Bog‘chalarda tarbiyalanuvchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, bolalarni urish yoki boshqa yo‘llar bilan jazolash tizimli muammoga aylangani aytiladi.
Bog‘cha tarbiyalanuvchilariga nisbatan tegajog‘lik holatlari ham kuzatilmoqda.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ta’lim muassasalarida bolalarga qo‘pol muomala qilinishiga mutlaqo murosasiz bo‘lishga chaqirgani ma’lum.