Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:52

Maktablarga yozuvchi va jurnalistlar “desanti” tashlandi - ular axborot xurujiga qarshi kurashadi


O‘zbekistondagi o‘rta maktablar va oliy o‘quv yurtlarida 1 - apreldan boshlab “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” lavozimi joriy etildi.

Yangi lavozimga yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari a’zolari qabul qilinmoqda.

Mamlakat prezidentining 26 - martdagi qaroriga binoan, ma’naviyat targ‘ibotchilari oliy ma’lumotli o‘qituvchi uchun belgilangan maoshning yarmi miqdorida ish haqi oladi.

Maktab rahbarlari yozuvchi yoki jurnalistning maktabda nima bilan shug‘ullanishini hozircha aniq tasavvur qila olmayotganliklarini aytmoqda.

Prezident qaroriga ko‘ra, yosh avlodda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish targ‘ibotchilar oldiga qo‘yilgan vazifalardan biridir.

Jurnalist Sharofiddin To‘laganov o‘zining Feysbukdagi sahifasida 1 - aprel kuni Shayxontohur tumanidagi 320-maktabga ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida birinchi kun ishga chiqqanini yozdi.

Targ‘ibotchilar hozircha hamma maktabga ham yetib borgani yo‘q

“Ishni 8 “A” sinfga kirib o‘zbek tili darsida qatnashishdan boshladim. O‘qituvchi Qobiljon Qurdashov yosh bo‘lishiga qaramay darsga sidqidildan yondashar ekan”, deb yozdi jurnalist.

To‘laganovning o‘z Feysbukida xabar qilishicha, unga maktab direktori kutubxonadan ish joyi qilib bergan.

“Bir qator o‘qituvchilar bilan suhbatlashdim, o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldik. Ular ochiq chehra bilan kutib olishdi. 15 nafar erkak o‘qituvchi bor ekan. Umuman maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga ishondim. Ishlab ketaman”, deb yozdi jurnalist.

Shayxontohurdagi 320-maktabga jurnalist Sharofiddin To‘laganov borgan bo‘lsa, Sergelidagi 104- maktabning ma’naviyat targ‘ibotchisi hozircha ishga chiqqani yo‘q. Bu haqda Ozodlik maktab rahbarlarining biridan so‘rab bildi. Ismi aytilishini istamagan rahbarning aytishicha, “Sarvar degan bir jurnalistmi, yozuvchimi kelishi kerak ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lib”.

Ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘ladiganlar ro‘yxati tuzilgan

Jurnalistlar uyushmasi rahbarlaridan birining (ismi aytilmaslik sharti bilan gapirdi) aytishicha, ma’naviyat targ‘ibotchisi lavozimiga yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari a’zolari, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari jalb qilinmoqda.

“Bu yo‘nalishdagi ish boshlanganiga uch oydan ortib qoldi. Yil boshida prezidentimiz bir yig‘ilishda aytganidan keyin boshlangan. O‘shandan keyin uyushma a’zolari bilan birma-bir gaplashildi. Ro‘yxatlar tuzildi”, dedi uyushma vakili.

Sharofiddin To‘laganov 29 - martdagi postida bo‘lajak ma’naviyat targ‘ibotchilari Shayxontohur tuman xalq bo‘limiga taklif qilingani, ular orasida “nomi chiqqan mashhur ijodkorlardan Orif To‘xtash, Mirza Karim, Adiba, Inobat opa, Ozoda va Go‘zallarni ko‘rganini” yozgan edi.

Yoshi 76 ga to‘lgan pedagog olim, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi Mahmudjon Yo‘ldoshev 1 - aprel kuni Ozodlikka ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lib ishlash to‘g‘risida unga ham tavsiya tushgani, yaqin kunlarda biron maktabga ishga kirishni ko‘zlab turganini aytdi.

Direktor o‘rinbosarlari ishsiz qoladimi?

O‘zbekiston maktablarda direktorning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi bor. Sergelidagi 104- maktab rahbarlaridan birining aytishicha, o‘rinbosar o‘z o‘rnida qoladi.

Bas, shunday ekan, bitta maktabga ikkita “ma’naviyatchining” nima keragi bor? Nima uchun maxsus pedagogik ma’lumoti bo‘lmagan shoir, yozuvchi, jurnalistlar ma’naviyat targ‘ibotchisi lavozimiga ishga olinyapti? Ozodlik bu borada Xalq ta’limi vazirligidan hozira izoh ololmadi.

Prezident qarori

Biroq ba’zi savollar javobi O‘zbekiston prezidentining 26 - martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan topildi. Hujjat bilan mana bu yerda to‘liq tanishish mumkin.

Qarorda, jumladan mana bunday deyilgan:

  • Ta’lim tashkilotlarida madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra:
  • har bir umumta’lim muassasasida joriy etilgan ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi (Ma’naviyat targ‘ibotchisi – tahr.) lavozimini moliyalashtirish uchun 2021 - yil 1 - apreldan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratiladi hamda uning ish haqi miqdori umumta’lim muassasasi oliy ma’lumotli o‘qituvchisi uchun o‘rnatilgan bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi;
  • davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qat’i nazar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) lavozimi joriy etiladi. Bunda, oliy ta’lim muassasalarida mavjud yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) lavozimi qisqartiriladi.

Yoshlar yetakchilarini chetlab o‘tgan xavf

Qarorda “maktab direktorning ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari” lavozimi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Biroq hujjatda mana bu gap bor:

  • 2021 - yil 1 - yanvardan boshlab barcha umumta’lim muassasalarida yoshlar yetakchisi lavozimi 1 ta shtat birligi hisobida saqlanib kelinayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Bu pisandaning boisini Jurnalistlar uyushmasi vakili mana bunday tushuntirdi:

“Avvaliga biz maktablarga ma’naviyat tarbiyachisi bo‘lib boradigan jurnalistlar ro‘yxatini tuzdik. Ularga yoshlar yetakchisi lavozimida ishlayotganlar maoshining yarmi berilishi aytildi. Ya’ni yetakchi 0,5 stavka, targ‘ibotchi 0,5 stavka. Aftidan, yoshlar yetakchilari “unday bo‘lsa, ishlamaymiz”, degan shekilli, har holda targ‘ibotchilar haqidagi gaplar to‘xtab qoluvdi. 26 - martda prezident qarori chiqqanidan keyin oyliklar ma’lum bo‘ldi va ishlar ham jadallashib ketdi”.

Ma’naviyat targ‘ibotchisi nima ish qiladi?

“Tarbiya bilan shug‘ullanadi-da. Har-xil kechalar o‘tkazar, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazar, teatrlarga olib borar o‘quvchilarni. Hozircha mendagi tasavvur umumiy. Ma’naviyat targ‘ibotchisining malaka tavsifnomasi yo‘q. Har holda biz hali ko‘rganimiz yo‘q”, dedi Sergelidagi 104- maktab rahbarlaridan biri.

Prezidentning 26 - martdagi qarori mazmunidan kelib chiqiladigan bo‘lsak, shu qarorga binoan tashkil etilayotgan tuzilmalar, shu jumladan ma’naviyat targ‘ibotchilari oldida bir qator vazifalar turibdi. Ular qatorida mana bu vazifa ham bor:

  • aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;

Shayxontohurdagi 320-maktabga ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lib ishga kirgan jurnalist Sharofiddin To‘laganovning Feysbukda yozishicha, targ‘ibotchilarning birinchi galdagi vazifasi Said Ahmadning “Jimjitlik” romanini o‘quvchilarga o‘qitishdir:

“Kaminai kamtarin 1 - apreldan Shayxontoxur tumanidagi 320-maktabning ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi bo‘ladiganga o‘xshayman. Shu munosabat bilan shanba kuni bir guruh ijodkorlar (shoir, yozuvi va jurnalistlar) Shayxontohur tuman xalq bo‘limiga taklif qilindik. Vazirlikdan kelgan bir amaldor (na lavozimini, na ismi sharifini aytdi - kimligini bilmay qoldik) oldimizga qo‘yiladigan vazifalar haqida ma’ruza qilgandek bo‘ldi. Tushunganim: o‘quvchilarga Said Ahmadning “Jimjitlik” romanini o‘rgatishimiz kerak ekan”.

  • Yozuvchi Said Ahmadning “Jimjitlik” romani 1986—1987 - yillarda "Sharq yulduzi" jurnalida davomli e’lon qilingan, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti uni 1989 - yilda 150 000 nusxada bosib chiqargan. Romanda Sovet davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi ko‘rsatilgan.

Yozuvchilarni o‘qitish kerak

Pedagog olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning fikricha, mohir yozuvchi, jasur jurnalist yaxshi pedagog degani emas: “Shoiru yozuvchilarni maktabga jalb qilishdan oldin ularni hech yo‘q bir-ikki haftalik kurslarda o‘qitish kerak, bolalar psixoloiyasi nima, gender psixologiya nima, umuman bola bilan qanday gaplashiladi – bularning barchasidan hech yo‘q boshlang‘ich tasavvurlari bo‘lishi kerak. Agar men maktabga borib qolsam, shu masalani ko‘ndalang qo‘yaman”.

  • Ma’naviyat so‘zi O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng iste’molga kirgan so‘zdir. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning 1981 - yilgi birinchi nashrida bu so‘z yo‘q. “Ma’naviy”, “ma’nan” so‘zlari bor.
  • 2008 - yili Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi chiqqach, ma’naviyat so‘zi mamlakat bo‘ylab keng iste’molga kiritildi.
  • Prezident Mirziyoyevning 26 - martdagi qarori bilan 2013 - yilgacha barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari tashkil etiladigan bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG