Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:10

Manba: Rus askarlari ukrain xonadonlaridan talangan buyumlarni uylariga jo‘natmoqda


Ukrainaning Nikolayev shahridagi yopilgan bozor yonida o‘tib borayotgan ayol. Xarkov, 1-mart, 2022.
Ukrainaning Nikolayev shahridagi yopilgan bozor yonida o‘tib borayotgan ayol. Xarkov, 1-mart, 2022.

“Belaruskі Gayun” monitoring loyihasi bir necha kun avval Belarusning Mozir shahridagi SDEK kuryerlik xizmati ofisidan Rossiyaning turli shaharlariga katta gabaritli pochta jo‘natmalarini jo‘natgan Rossiya armiyasi harbiy xizmatchilarining shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qildi.

Surishtiruvda aytilishicha, askarlar bir kunda jami ikki tonnadan ortiq narsa-buyumlarni jo‘natishgan. Mualliflar pochta qutilarida Rossiya bir muddat ishg‘ol qilib turgan shaharlardagi ukrain xonadonlaridan o‘g‘irlangan buyumlar joylanganini taxmin qilishmoqda. Ammo urush sharoitida ushbu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlatish imkoniyati hozircha mavjud emas.

“ИШИДдан ҳам баттар”. Россия Буча қирғинида айбланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:36 0:00

Jo‘natmalar ikkinchi aprel kuni yo‘llangan, avvalroq “Belaruskі Gayun” pochta idorasida harbiy kiyimdagi odamlar qandaydir buyumlarni qadoqlayotgani aks etgan videoni yoyinlagan edi.

Surishtiruvchilar qo‘lga kiritgan ma’lumotga ko‘ra, jo‘natmalar Belarusning Mozir shahridan Rossiyaning quyidagi hududlariga jo‘natilgan: Rubsovsk va Gornyak (Oltoy o‘lkasi), Angarsk (Irkutsk viloyati), Jeleznogorsk (Krasnoyarsk o‘lkasi), Ussuriy (Primorsk o‘lkasi), Ulyanovsk (Ulyanovsk viloyati), Omsk, Novosibirsk, Chita (Baykalorti o‘lkasi), Birobidjan Yevrey avtonom viloyati), Moskva.

Jo‘natmalarda jami 1725 kilogramm asbob-uskuna, 395 kilogramm ehtiyot qismlar, shuningdek turli tuyumlar – akustika karnaylari, stol, elektr samokatlar, yukxona qopqoqlari, chodirlar, televizorlar, konditsionerlar, alkogolli ichimliklar va kiyim-kechak bo‘lgani aytilmoqda.

Eng katta jo‘natma Rubsovsk shahriga ketgan: 450 kilogrammlik yuk asbob-uskuna, musiqa karnaylari, stol va chodirdan iborat bo‘lgan. Ikkita jo‘natma har biri 200 kilogrammdan ortiq tosh bosgan, umuman, jo‘natmalar orasida 50 kilodan yengili bo‘lmagan.

Videodagi kadrlardan birida Ukrainadagi “Epitsentr” savdo markazi yorlig‘i tushirilgan yelimxaltalar ko‘rinadi. Mualliflar askarlarning yengida 56-gvardiya desant-shturm polkining taniq belgilari borligini ta’kidlashmoqda – ushbu harbiy tuzilmaning doimiy makoni anneksiya qilingan Qrimning Feodosiya shahrida joylashgan.

Rossiyaga pochta jo‘natgan harbiylar Ukrainaning aynan qaysi hududlarida bo‘lganini aniq aytish qiyin, ammo Mozir shahri Ukrainaning Kiyev viloyati bilan chegara yaqinida joylashgan. 29-mart kuni, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi navbatdagi tinchlik muzokaralaridan so‘ng Moskva Kiyev hamda Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faolligini “keskin” kamaytirishini, Kiyev viloyati va yana bir necha hududdan qo‘shinlarini orqaga qaytarishini e’lon qilgan edi.

Ekspertlar fikricha, qo‘shinlar Kiyev viloyatidan vaqtincha olib ketilmoqda, chunki ishg‘ol etilgan Xersonni qo‘lda saqlab turish, qamaldagi Mariupol va Azov dengizi bo‘yidagi boshqa shaharlarni bosib olish maqsadida Ukrainaning janubiy va sharqiy hududlariga qo‘shimcha kuch tashlash Kreml uchun muhimroqdir.

XS
SM
MD
LG