Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:40

Manfaatlar to‘qnashuvi: Boshqaruvda aksilkorrupsiyaviy qonunlarga qarshilik mavjud - ekspert


Prezident Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yig‘ilishda. 2-avgust, 2023
Prezident Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yig‘ilishda. 2-avgust, 2023

O‘zbekiston prezidentiga tasdiq uchun yuborilgani ortidan “izsiz yo‘qolgan” “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qariyb bir yil kechikib imzolandi.

Jamoat faollari davlat rahbari tomonidan ma’qullanishi ancha hayallagan qonun hujjati “randalangani”iga e’tibor qaratgan.

Qonun kimlarga tatbiq qilinadi?

O‘zbekiston qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari oldini olish bo‘yicha mexanizm mavjud emasligi tanqid qilib kelingan. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ushbu bo‘shliqni to‘ldirishi aytilmoqda.
Joriy yil 5-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun rasman e’lon qilingandan olti oy o‘tib, ya’ni 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kiradi.

Ushbu hujjat orqali mamlakat qonunchiligiga “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasi kiritilmoqda. Qonunda bu atamaga shunday ta’rif berilgan:

“Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.

Buni sodda tilda davlat amaldorining tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikka berilishi, mansab vakolatidan shaxsiy rishtalarni mustahkamlashda foydalanishi deb izohlash mumkin.

“Soliq inspektori o‘z tog‘asining firmasini soliq borasida tekshirishi lozim. Tekshiruv natijasida u daromad soliqlari to‘lanmaganini aniqlaydi, biroq inspektor buni yashiradi. Chunki tog‘asi javobgarlikka va jarimaga tortilishi mumkin. Inspektorning shaxsiy manfaatlari davlat manfaatlari bilan to‘qnash kelgani natijasida budjetga soliqlar tushmaydi, davlat zarar ko‘radi”, deya tushuntirish beradi “Platina.uz” kanali.

"Мирзиёевлар Амирлиги": Тармоқни титратган Озодлик суриштируви
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:57 0:00

Manfaatlar to‘qnashuviga doir qonun barcha davlat organlari, davlat muassasalari va unitar korxonalari, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etiladi. “Kun.uz” nashri ta’kidicha, “hajman uncha katta bo‘lmasa-da, davlat va jamiyat rivoji uchun ahamiyati yuqori” bo‘lgan qonun harbiy lavozimlar uchun ham amal qiladi.

Qonun kuchga kirgach, yaqin qarindosh bo‘lgan davlat xizmatchilari bir tashkilotda yoki o‘zaro bo‘ysunuv ostida ishlay olmaydi.

Ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari yaqin qarindoshlar hisoblanadi.
Qonun siyosiy guruhga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilinish hollarini istisno etadi. Bunday lavozimlar ro‘yxati alohida tasdiqlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.

“Boshqaruvda aksilkorrupsiyaviy qonunlarga qarshilik mavjud”

Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot shirkati rahbari, siyosatshunos Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni tasdiqlash paysalga solingani va uning matni so‘nggi vaqtgacha jamoatchilik hukmiga havola qilinmaganiga e’tibor qaratdi. Ekspert “tuya go‘shti yeb yotgan” yana bir hujjat – “Davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham yodga oldi.

“O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi qaroriga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilarining daromadini majburiy ravishda deklaratsiya qilish tartibi joriy etilishi kerak edi. Ammo bu nazarda tutilgan qonun haligacha qabul qilinmadi. Bu kabi kechikishlar davlat boshqaruv apparatidagi ma’lum bo‘g‘inlar tomonidan aksilkorrupsiyaviy qonunlarni qabul qilishga to‘sqinlik mavjudligidan dalolat beradi. Bu ajablanarli holat emas. Negaki ko‘plab davlat xizmatchilari yaqin qarindoshlari va hamkorlari nomiga rasmiylashtirilgan shaxsiy biznes va aktivlarga ega”, deydi Ilhomov.

Ekspert fikricha, aksilkorrupsiyaviy qonunlardan prezident “Mirziyoyev klani, ko‘p sonli qarindosh-urug‘lari ham manfaatdor emas”.

Отабек Умаровнинг нархи $2 млн бўлган соати муҳокама қилинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:47 0:00

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasi “Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar” deb ataladi. Ushbu moddada davlat organi xodimining yaqin qarindoshlari unga aloqador shaxslar deb hisoblanishi qayd etilgan. Ilhomov davlat organi xodimiga rasman qarindosh bo‘lmagan, ammo unga mahram sanalgan do‘st-yorlari ham ro‘yxatga tirkalishi kerakligini ta’kidlaydi.

Prezident Mirziyoyevning bayonotlariga qaramasdan davlat xizmatchilarining daromadlar haqidagi deklaratsiyasi hanuz uzil-kesil joriy qilingani yo‘q.

Davlat xizmatchilarining daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya to‘ldirish tartibi uzil-kesil joriy etilishi paysalga solinayotgan O‘zbekistonda allaqachon buning uchun maxsus ibora ham muomalaga kiritilgan.

2020-yil boshida parlamentga qilgan murojaatida prezident Mirziyoyev "halollik vaksinasi" iborasini ishlatgan va har bir davlat xizmatchisi shu kabi vaksina bilan emlanishi kerakligini aytgan edi.

Davlat manfaati va shaxsiy manfaat

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyevning fikricha, qonunda “jamiyat va davlat manfaatlari shaxsiy manfaatlardan ustun turadi” degan asosiy g‘oya ilgari surilgan.

“Qonun garchi keng jabhali bo‘lsa-da, lekin men unda asosan ikkita yo‘nalishni ko‘rdim: 1) iqtisodiy, ya’ni davlat xaridlari va umuman davlat tashkilotlaridagi moliyaviy munosabatlarda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik; 2) mehnat munosabatlari, ya’ni davlat tashkilotlarida qarindosh-urug‘larning bir-birining qo‘l ostida ishlashiga barham berish”, deb yozadi Xudoyberdiyev.

Huquqshunos Bahodir Ahmedovga ko‘ra, endilikda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani sababli davlat tashkilotiga moliyaviy-iqtisodiy zarar yetsa, ushbu zararni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan xodim qoplaydi.

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, davlat organi mansabdori yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi. Bunday holatlar yuzasidan choralar ko‘rmaslik uchun BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima ko‘zda tutilgan. Davlat xaridlari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun esa mansabdorlarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima qo‘llanadi.

2024-yil 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori ham qabul qilindi. Qaror bilan bosh vazir raisligida qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi.

"Биродарлик ҳалқаси" ва президентнинг кенжа куёвини нима бирлаштиради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:40 0:00

Komissiya har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilikka axborot berib borishi lozim.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil yakunigacha “E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

Davlat organlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari borligini aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli beriladi.

Amaldorlarning davlat xizmati bilan tadbirkorlik faoliyatini parallel ravishda olib borishi jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lib keladi. Prezident qaroriga asosan Adliya vazirligi joriy yil avgust oyiga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng ishbilarmonlik faoliyatini to‘xtatib turishi tartibini belgilovchi hujjat loyihasini hukumatga kiritishi kerak.

Davlat mulozimi oligarxlar bilan osh-qatiq bo‘lsa

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangunga qadar uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Adliya vazirligi 2022-yil 10-may kuni qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. O‘sha yilning 25-oktyabrida hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 2023-yil 1-iyunda Senat tomonidan ma’qullagan.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, Senat ma’qullagan qonun hujjati 10 kun ichida prezidentga yuborilishi va 60 kun ichida imzolanishi kerak. Ammo “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun tasdig‘ida bu talabga rioya etilmadi.

“Qonun loyihasi bir ming bir marta tahrir qilinib, randalanib, o‘zlariga moslab, quyi palatada ko‘rib chiqilganiga bir yarim yildan oshdi. Senatda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullanganiga 10 oy bo‘ldi. Shundan keyin qonun izsiz yo‘qoldi. Eski Konstitutsiyaga ko‘ra ham, “seniki, meniki, bizniki” qilib qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘ra ham, bu qonun allaqachon kuchga kirishi lozim edi. Qonun qaysi tumbochka yo seyfga yashirib qo‘yilganini O‘zbekistonning rasman ikkinchi odami Tanzila opa ham bilmaydi”, deb yozgan edi iqtisodchi Otabek Bakirov joriy yil aprel oyida.

Bakirov fikricha, manfaatlar to‘qnashuviga oid qonun hukumat va oligarxiya chatishib ketmasligi, mamlakat boyliklariga qo‘shib davlat mustaqilligini sotib yubormasligi uchun ham muhimdir.

“Siz aytishingiz mumkin, ha, o‘sha o‘zlariga moslab, u yog‘idan-bu yog‘idan kesib, dumi yulingan tovuqqa aylantirilgan qonun kuchga kirdi nima-yu, kirmadi nima. Bir jihatdan to‘g‘ri, lekin hech bo‘lmasa, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning nominal tarzda bo‘lsa ham mavjudligi, oligarxlar ichak-chavog‘igacha o‘ziniki qilib olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan chinovniklar, unga yetaklovchi yoki ishora beruvchi bitimlar va harakatlar haqida gapirish, yozish, jamoatchilik e’tiborini chuqurlashib borayotgan muammoga qaratishga imkon beradi”, deb yozadi iqtisodchi.

Manfaatlar to‘qnashuvi ko‘lami

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022-2023-yillarda davlat xaridlari bo‘yicha 573 milliard so‘mlik 4,5 mingta shartnoma manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan. Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan tizim tashkilotlarida 141 milliard so‘mlik 2720 ta shartnoma manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holatda tuzilgani, 1500 ga yaqin hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tadbirkorlik subyektlarining boshqaruv organlarida ishtirok etayotgani aniqlangan.

So‘nggi yillarda “O‘zbekgidroenergo” AK boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Kinematografiya agentligi direktori (ayni paytda Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari) Firdavs Abduxoliqov kabi hukumat mulozimlari manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq mojarolar markazida qoldi.

Озодбек Назарбеков фирмаси. Манфаатлар тўқнашуви қачон барҳам топади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:19 0:00

Ozodlik avvalroq e’lon qilgan surishtiruv prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi hukumatdagi 20 dan ortiq lavozimlar va mamlakat iqtisodiyotining butun-boshli sohalarini yaqin qarindoshlari hamda ularning nazoratiga berganini o‘rtaga chiqargandi.

O‘zbekiston hukumati manfaatlar to‘qnashuviga doir Ozodlik surishtiruvlarida ko‘tarilgan savollarni javobsiz qoldirib keladi.

XS
SM
MD
LG