O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2025-yil 20-martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda MB matbuot xizmati.
"Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi.
Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.
2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi", deyiladi Markaziy bank xabarida.
Markaziy bank xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan.
Joriy yil fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘lgan
Oxirgi marta O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yilning 25-iyulida asosiy stavkani pasaytirib, yillik 13,5 foiz etib belgilagandi.