Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:41

Markaziy bank hisoboti “yostiq tagidagi pullar”ni savol ostiga qo‘ydi


Markaziy bank so‘rovida qatnashganlarning aksariyati pandemiya davrida daromadlari keskin tushib ketganini aytgan
Markaziy bank so‘rovida qatnashganlarning aksariyati pandemiya davrida daromadlari keskin tushib ketganini aytgan

O‘zbekiston Markaziy bankiga ko‘ra, pandemiya ortidan mamlakat aholisining real daromadlarida keskin pasayish kuzatilmoqda.

Bank so‘rovida qatnashgan har uch respondentning ikki nafari 2020 - yilda daromadlari tushib ketganini aytgan.

Markaziy bankning “Aholining iste’mol kayfiyati sharhi” deb nomlangan hisobotida qayd etilishicha, 37 foiz respondent daromadidan butkul ayrilgani taqdirda kun ko‘rishga ortiqcha jamg‘armasi yo‘qligi, 23 foizidan ko‘pi esa, o‘rtacha bir oy yashashga yetadigan jamg‘armasi borligini aytgan.

Markaziy bank so‘rovida qatnashgan respondentlarning 46 foizidan ko‘pi oilaviy daromadi o‘tgan yilda oyiga 3 million so‘mgacha, 26 foizi 3-5 million so‘mgacha, 13 foizi esa, 5-7 million so‘m oralig‘ida ekanini bildirgan.

Ammo aholi daromadlari pandemiyadan oldin qanday bo‘lgani hisobotda keltirilmagan.

Markaziy Bank hisobotida aholi oylik xarajatlari tarkibi ham tahlil qilingan.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili aholi oylik xarajatlari salmog‘ini davolanish va dori-darmon uchun to‘lovlar tashkil etgan.

So‘rovda qatnashgan har uch respondetning biri oylik xarajatining deyarli yarmi davolanishga ketganini aytgan.

O‘z navbatida, sayohat yoki uy jihozlari olish, oilaviy bayram uchun sarf- harajatlar keskin kamaygan.

5717 kishi qatnashgan so‘rov O‘zbekistonning barcha hududlarida turli soha va qatlam vakillari orasida onlayn hamda joyga chiqqan holda yuzma-yuz intervyular o‘tkazish orqali o‘tkazilgani aytiladi.

O‘zbekiston Markaziy banki.
O‘zbekiston Markaziy banki.

“Yostiq tagidagi pullar”

O‘tgan hafta O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston aholisida 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ borligi va ular “yostiq tagida saqlanayotgani"ni aytgan edi.

Safoyev bu raqamni qayerdan olgani va aholining "yostiq tagidagi pullari"ni hisoblash metodologiyasiga izoh bermagan.

Ammo toshkentlik mustaqil iqtisodchi Adham Ibrohimning aytishicha, Markaziy bank e’lon qilgan so‘rov natijalari aholi "yostig‘i"ning Safoyev aytganchalik qalin emasligini ko‘rsatmoqda - so‘ralganlarning 37,4 foizi umuman jamg‘armasi yo‘qligini aytgan.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi daromadlari bilan bog‘liq asl vaziyat Markaziy bank hisobotida keltirilganidan ham ayanchli bo‘lishi mumkin.

"Butun dunyoda Markaziy Banklar aholi jamg‘armasini: aholi daromadlari va aholi harajatlaridan kelib chiqib hisoblaydi. Bunaqa metodologiya yaqin orada qilinmagani aniq. Sabab - agar bunaqa so‘rov o‘tkazilsa va pandemiya va postpandemiya davrida aholi jamg‘armalari sezilari darajada past darajada ekani aniq bo‘ladi.

Ikkinchi hisob metodologiyasi, bu-aholining banklarda saqlayotgan jamg‘armalari asosidagi hisob-kitob. Bu metodologiya qo‘llansa, bizda raqamlar undan ham ayanchli ko‘rinishga keladi.

Sababi, bizda aholining na bank va na davlatga ishonchi bor. Bank deganda aholida davlat bilan assotsiatsiya vujudga keladi. Odamlar shuning uchun pullarini yostiq ostiga tiqishadi. Keyin, aholi qo‘lida bo‘lgan mablag‘larning hammasi ham jamg‘arma bo‘lavermaydi. Qaerda davlatga ishonch past bo‘lsa o‘sha yerda yashirin iqtisodiyot gullaydi, hufyona iqtsodiyot nima degani? Bu naqd pul aylanmalari, nakd pul hisob-kitobi degani, bunaqa xolatda korrupsiya yayraydi", - deydi Adham Ibrohim.

Yordamsiz qolgan aholi

Ko‘pgina davlatlar pandemiya davrida muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqib, daromadi kamaygan yoki ishini yo‘qotgan aholiga moliyaviy yordam berishni yo‘lga qo‘ydi. Ba’zi davlatlarda kam daromadli aholiga pul ham tarqatildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev pandemiya sharoitida oylik maosh va daromadlaridan mahrum bo‘lgan aholiga moliyaviy yordam berish haqidagi chaqiriq va takliflarni rad etgan.

O‘rniga, prezident tashabbusi bilan "Sahovat va ko‘mak" tadbirini tashkil qilingandi.

Ayni tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash tadbirkorlar zimmasiga yuklatildi, ammo jami qancha aholiga yordam ko‘rsatilgani borasida to‘liq hisobot e’lon qilinmadi.

XS
SM
MD
LG