Qo‘shma Shtatlar xorijiy o‘lkalarga yordamni davom ettirishdan bosh tortayotgani yo‘q, biroq bunday yordamni ko‘rsatish shakli va jarayoni AQSHning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda qayta tashkil etilishi lozim. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio SiriusXM'dagi Patriot podkasti boshlovchisi Skott Djenningsga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar qildi “Amerika ovozi”ning rus xizmati.
Intervyuda Rubio AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ishiga Donald Tramp ma’muriyati tomonidan kiritilayotgan jiddiy o‘zgartishlarga oid savolga ham javob bergan.
“Birinchidan, biz xorijiy yordamdan bosh tortayotganimiz yo‘q. Biz yordam ko‘rsatishda davom etamiz, chunki men to‘g‘ri tashkil etilgan yordam mamlakat uchun foydali, deb hisoblayman. Biroq u to‘g‘ri tashkil etilgan bo‘lishi lozim. Biz xorijga yordam uchun 40 milliard dollardan 60 milliard dollarga sarflashimiz lozim va bu pullarning hammasi oqilona maqsadlarga ketyapti, degan hozirgi tasavvur bema’nilikdir. Bu mablag‘ning bir qismi samarasiz sarflanmoqda”, degan Rubio.
AQSH Davlat kotibiga ko‘ra, hozirda Tramp ma’muriyati xorijiy yordamning hammasini to‘xtatib qo‘ygan va uni loyiha-loyiha tahlil qilib bormoqda.
“Ma’nisi bo‘lmagan [loyihalar] chiqarib tashlanadi, foyda keltirayotganlari esa saqlab qolinadi yoki hatto kuchaytiriladi”, deya urg‘ulagan Marko Rubio.
O‘zining Markaziy Amerika mamlakatlariga (Panama, Salvador, Kosta-Rika, Gvatemala va Dominikan Respublikasi) yaqinda amalga oshirilgan safari haqida so‘zlarkan, Rubio bu mamlakatlarning barchasidagi rasmiylar AQSHga “juda ijobiy” munosabatda ekanini qayd etgan. AQSH Davlat kotibiga ko‘ra, ular Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishni istayapmoqda. “Ular noqonuniy migratsiya va narkotrafik o‘tgan yo‘lda joylashgan, shu sababli ulkan muammolarga duch kelishyapti”, degan Rubio.
Bir necha kundan keyin AQSH Davlat kotibi Germaniyaga yo‘l olishi kutilmoqda. U 14-fevraldan 16-fevralgacha xavfsizlik bo‘yicha Myunxenda bo‘lib o‘tadigan konferensiyada ishtirok etadi. U yerda hamma uchun asosiy masala Ukrainadagi urush bo‘lib hisoblanadi.
Rubioga ko‘ra, prezident Tramp bu urush tugashi lozimligi haqida ochiq-oydin bayonotlar bergan. “Chamasi, biz bu masalani tashqi ishlar vazirlari va boshqa dunyo liderlari bilan muhokama qilamiz”, degan AQSH Davlat kotibi.