Fransiyada yetakchi davlat ilmiy markazi bo‘lmish Ilmiy tadqiqotlar milliy markazining (CNRS) ikki nafar xodimi Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga 3 yil to‘lgan 24-fevral kuni Marseldagi Rossiya konsulxonasi hududiga qo‘lbola portlovchi moslamalar uloqtirishganini e’tirof etishgan. Bu haqda France Presse agentligiga prokuratura vakillari ma’lum qilishdi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilarning biri mazkur institutda muhandis bo‘lib ishlaydi, ikkinchisi esa kimyo sohasida ilmiy ish olib borayotgan olimdir.
Reuters agentligi prokuror so‘zlariga tayangan holda, gumonlanuvchilar Fransiya fuqarolari ekani haqida xabar qilgan. Institutda Rossiya va Ukraina doxil turli mamlakat fuqarolari faoliyat yuritishadi.
24-fevral kuni ertalab Marseldagi Rossiya konsulxonasi hududiga ichiga portlovchi suyuqlik to‘ldirilgan uchta shisha otilgan edi. Ulardan ikkitasi portlagan, biroq bundan konsulxona binosiga shikast yetgan emas. Hodisa chog‘ida hech kim jabrlanmagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi sodir bo‘lgan voqeani terror xuruji deb atagan, Fransiya rasmiylari diplomatik vakolatxona xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq har qanday holatni qoralashlarini bildirishgan.
Mahalliy OAV ikki nafar gumonlanuvchi o‘sha kun oqshomida Marselda Ukraina qo‘llovi uchun o‘tkazilgan mitingda qo‘lga olingani haqida xabar qilishgan. BFMTV qaydicha, gumonlanuvchilar konsulxonaga hujum sodir etilgan 24-fevral tongida videokamera yozib olgan tasvirlar bo‘yicha tanib olingan. Hozircha ularga qaysi modda bo‘yicha ayblov e’lon qilingani ham, ularga nisbatan qanaqa ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ham ma’lum emas.