Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:08

"Mashina ko‘p, nomer yo‘q". O‘zbekistonda avtoraqamga navbatlar paydo bo‘ldi


O‘zbekistonda avtoraqamlar taqchillashgan. Transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limlarida navbatlar yuzaga kelgani aytiladi.
O‘zbekistonda avtoraqamlar taqchillashgan. Transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limlarida navbatlar yuzaga kelgani aytiladi.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yuzlab odam avtoraqam ololmay sarson bo‘lmoqda.

“Avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun borsak davlat belgisi yo‘q deyishdi. Raqam uchun 450 ming, texpasportga 210 ming, ro‘yxatlash uchun 30 ming, texnik ko‘rik uchun 80 ming to‘lash kerak ekan. Alamlisi, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yoziladigan ariza 40 ming, haydovchilik guvohnomasi alishtirish esa 30 ming so‘m! Nomer esa yo‘q”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan namanganlik haydovchi.

Mamlakatning boshqa viloyat va shahar transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limlarida ham ayni manzarani kuzatish mumkin.

Haydovchilarning Ozodlikka aytishicha, oxirgi haftalarda poytaxt Toshkent va O‘zbekistonning boshqa viloyat va shaharlaridagi transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

“Bir haftadan beri kelamiz, nomer yo‘q deydi. “Ertaga keling, indinga keling! Firmani mashinalariga beryapti, jismoniy shaxslarga yo‘q, deyapti”, - deydi Toshkentning Sirg‘ali tumani transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limi oldida turgan mashina egasi.

“Avtomashinalarga raqam, texpasport va haydovchilik guvohnomasi berish idorasidagi holat. Baza ishlamay qolyapti. Oqibatda odamlar soatlab kutyapti. Odamlar sarson, ovora bo‘lmasin. Ishni tartibli tashkil qilishlarini so‘raymiz.

“Bir parcha temirni deb shuncha odam sarson bo‘lyapti”, - deydi toshkentlik boshqa haydovchi.

"Mashina ko‘p, raqam oz"

Toshkentning shahar Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasining transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limi xodimi Ozodlikka mashina ko‘payib ketgani sabab nomer yetkazib berish muammo bo‘layotganini aytdi.

“Kuniga har bir tumandagi bo‘limga yuztadan nomer berilyapti. Shunga ozgina muammo bo‘lyapti. Mashina ko‘p, nomer yetkazib berolmayapmiz”, - deydi Toshkent shahar YHXB transport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limi xodimi.

O‘zbekistonda avtoraqamlarni ishlab chiqarish O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qoshidagi "O‘zavtomobilbelgi" davlat unitar korxonasi monopoliyasi ostida.

Nega raqamlar yetishmayotgani yuzasidan bu shirkatdan izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbek rasmiylari bundan oldin benzin taqchilligini ham mashina ko‘payib ketgani bilan izohlashgandi.

Lekin, aholi jon boshiga mashinalar soni bo‘yicha O‘zbekiston 195 mamlakat orasida 137-o‘rinda.

O‘zbekistonda har ming kishiga 87 mashina to‘g‘ri keladi. Bu raqam bir yilda 6taga ko‘paygan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari mashina ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. Bu mamlakatda har ming kishiga 800ta avtomobil to‘g‘ri keladi.

Avtomashinalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, raqamlarni rasmiylashtirish oson va ancha arzon. Virjiniya shtatida transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish 10 dollar, Nyu-Yorkda esa yiliga 30 dollar turadi.

O‘zbekistonda nomer olish bilan bog‘liq sarsongarchilik bugun paydo bo‘lgani yo‘q.

“Mamlakatda nomer almashtirishdan boshqa muammo qolmaganmi?

Mamlakatda pul o‘zlashtirish uchun boshqa ish qolmagan shekilli. Yo‘q, aytinglar, oshib, toshib yotibmizmi? Byudjet defitsiti 5%. Soliq yuki ekonomikaning bo‘g‘zigacha yetib kelgan. Dunyoning eng qashshoq 40 davlatidan birimiz!”, deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining telegram kanalida.

"Mashinadan qimmat raqamlar"

Ba’zi joylarda avtoraqamlar yo‘qligi sababli haydovchilar auksionda sotiladigan chiroyli raqamlarni qo‘shimcha haq evaziga olishga majbur bo‘lishyapti.

“Auksionda o‘ynab yutgan mashinamga raqam olish uchun Xorazm viloyat YPXga bordim. Ular "sizning raqamingiz "Deu tex"da" deb bu yerga yuborishdi. Ertalab soat 9 da ariza topshirib, bir necha soatdan keyin ham ololmadim. Xodimlar qo‘pol muomala qilishdi. Ayrim xodimlar esa ish vaqtida o‘rnida emas. Xizmat sifatini oshirishga e’tibor qaratishsa, biz kabi mijozlar sarson bo‘lmasdi”, - deydi xorazmlik haydovchi.

2017-yildan O‘zbekistonda chiroyli yoki xalq orasida “zolotoy” deb ataluvchi nomerlarni auksion orqali sotish yo‘lga qo‘yilgandi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida onlayn auksion orqali 174 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotilgan.

O‘tgan davrda tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,2 mln so‘mni tashkil etgan. Bunda eng arzon avtoraqam — 545,4 ming so‘mga, eng qimmati esa 348 mln so‘mga teng bo‘lgan.

Sotilgan avtoraqamlarning 93 foizi jismoniy shaxslar, 7 foiz — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan.

“Bir million so‘mga eski “Vaz 21011” mashinasini sotib oldigu sarsongarchilik boshlandi. Notariusga bordik, “GAIdan muhr bostirib keling”, dedi. Zangiotadan Qorasuvga, GAIga bordim. Ishlamas ekan, yana 50 km yurib ortga qaytdim. Dushanba kuni borsam, GAI tushgacha ishlar ekan. Amallab ishni bitkazdim. Notarius esa 1 mln so‘mlik mashina uchun 900 ming so‘mga yaqin pul to‘lattirdi. GAI xarajatlari bilan bir milliondan oshdi. Xullas, sarsongarchiliklardan keyin kerakli to‘lovlarni qilib, GAIga kelsak, seshanba kuni kompyuter bazasi ishlamayapti, deb bahona qilishdi. Ertasi nomer olish uchun ertalab soat 7.30 da kelib, 12 soat deganda ishim bitdi. Ana sizga xalqqa xizmat!”, - deydi toshkentlik haydovchi.

Statistikaga ko‘ra, auksion orqali aynan arzonroq raqamlar ko‘p sotilgan. Ayni paytda chiroyli nomerlar uchun bir necha yuz million so‘mni ayamaydiganlar ham topiladi.

Qimmat bo‘lishiga qaramay chiroyli nomerlarning O‘zbekistonda bozori chaqqon. O‘tgan yili Toshkentda 30 Z777ZZ nomeri rekord narxda, sal kam 600 million so‘mga sotildi.

O‘zbekistonda "zolotoy raqamlar" bozori chaqqon.
O‘zbekistonda "zolotoy raqamlar" bozori chaqqon.

Chiroyli nomerlarni auksion orqali sotish boshqa davlatlarda ham bor. Dunyodagi eng qimmat nomer shu yilning may oyida Dubayda sotildi.

P7 nomerini haydovchi 15 million AQSH dollariga sotib oldi.

XS
SM
MD
LG