Линклар

 
MH17 reysi qurbonlarining yaqinlari Trampdan yordam so‘radi
Шошилинч хабар
13 апрел 2025, Тошкент вақти: 08:30

MH17 reysi qurbonlarining yaqinlari Trampdan yordam so‘radi


Malaysia Airlines aviashirkatining “Boing” uchog‘i amalga oshirgan MH17 reysi Donetsk viloyatida halokatga uchragan paytda nobud bo‘lgan kishilarning yaqinlari AQSH prezidenti Donald Tramp va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga murojaatnoma yo‘llashgan. Murojaatnomada ular Rossiya fojia uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagunicha u bilan tinchlik shartnomasi tuzmaslikni talab qilishgan. Bu haqda “Єvropeyska pravda” nashri xabar qildi.

MH17 reysi halokatida qurbon bo‘lganlarning yaqinlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ishonchli tinchlik bitimi Moskva uchoq qulashi uchun mas’ul ekanini e’tirof etishisiz imkonsiz, deb hisoblashadi. Maktubda ular buningsiz “mustahkam tinchlikka erishib bo‘lmas”ligini ta’kidlashgan.

Qurbonlarning qarindoshlari ancha yillardan buyon Rossiya uchoq halokati yuzasidan o‘z aybini tan olishiga erishishga urinib kelishadi. Ularning bu pozitsiyasi Niderlandiya hukumati tomonidan dastaklanmoqda, chunki reys yo‘lovchilarning ko‘pchiligi — 192 kishi — shu mamlakat fuqarosi bo‘lgan. 2022-yil 23-iyunida Yevropa kengashi Parlament assambleyasi “eng ishonchli ssenariy” MH17 Rossiya “Buk” bilan urib tushirilgani ekani haqida bayonot tarqatgan.

Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilayotgan Malaysia Airlines aviashirkatining yo‘lovchi uchog‘i 2014-yil 17-iyulida Donetsk viloyati osmonida urib tushirilgan. Xalqaro tekshiruv uchoq Rossiyaning “Buk” zenit majmuasi tomonidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilganini aniqlagan. O‘sha fojiada 298 kishi halok bo‘lgan edi.

2022-yil 17-noyabrida Haaga okrug sudi aviahalokatga oid ish bo‘yicha uch nafar ayblanuvchi Igor Girkin (Strelkov), Sergey Dubinskiy va Leonid Xarchenkoga nisbatan sirtdan umrbod qamoq jazosi tayinlash haqida hukm chiqargan. Tergov bu odamlar uchoq urib tushirilgan “Buk” majmuasi transportirovkasini uyushtirganini aniqlagan.

Strelkovga nisbatan jinoyat ishi Rossiyada ham qo‘zg‘atilgan. U 2023-yil iyulida Moskvada qo‘lga olingan. Unga ekstremistik faoliyatga chaqirganlik moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Bunga uning telegram-kanalidagi postlari sabab bo‘lgan. Yanvar oyida sud uni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Strelkov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olgan emas.

XS
SM
MD
LG