Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi bois joriy qilingan sanksiyalar manzarasida mehnat muhojirlarining Rossiyadan ommaviy ravishda chiqib ketishi kutilgandi. Birinchi haftalarda rus rublining keskin qadrsizlanishi ayrim migrantlarni Rossiyani tark etishga undagan esa-da, hozirga kelib katta sondagi mehnat muhojirlarining chiqib ketishi kuzatilmayapti.
Ukrainadagi urush rus jamoatchiligi e’tiborini migrantlar muammosidan chalg‘itgan, millatchi rus siyosatchilarining aksilmuhojir ohangidagi bayonotlari ham avvalgidek bot-bot yangrayotgani yo‘q. Rus matbuotida mavjud muammolarda migrantlarni aybdor qiluvchi chiqishlar kamaygani kuzatiladi.
Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabining Demografiya instituti e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar soni kamaymagan.
Keltirilgan raqamlardan 2022-yilning may oyiga kelib Rossiyada migrantlar soni qariyb 6 million kishi ekani, o‘tgan 2021-yilda bu ko‘rsatkich 5 mln 660 mingni tashkil etganini ko‘rish mumkin. Tadqiqotchilar Rossiyada qolayotgan muhojirlarning 91 foizini MDH, xususan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelganlar tashkil etganini qayd etishgan.
Rossiyada mehnat migrantlari umumiy sonining kamayishi 2019-yilda koronavirus pandemiyasidan keyin boshlangandi.
Biroq sotsiologlarga ko‘ra, boshqa mamlakatlardan kelayotgan xorijliklarning kamayishi manzarasida o‘tgan bir yilda o‘zbekistonlik migrantlar soni 37% , tojikistonliklar 56% va qirg‘izistonlik migrantlar soni 9 foizga oshgan.
Shu yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ko‘plab migratsiya mutaxassislari mehnat muhojirlari sonining keskin kamayishini bashorat qilgandi. O‘zbekiston hukumati hatto migrantlarning ommaviy ortga qaytishi masalasini muhokama qilgan va prezident Mirziyoyev ularga xususan, qurilish sektorida ish o‘rinlari yaratish haqida hukumatga topshiriq bergan.
Ammo raqamlar boshqa natijalarni ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, migrantlar nega qaytmadi? Qanday omillar ularni Rossiyada qolish undamoqda?
Ozodlik bu va boshqa savollarni yirik migratsiya eksperti, Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti Antropologiya fakulteti professori Sergey Abashinga berdi.
- Rossiyada mehnat migrantlari bilan bog‘liq umumiy vaziyat haqida qanday fikrdasiz?
- Pandemiya davri qiyinchiliklaridan so‘ng ahvol endi o‘nglanib kelayotgandi. 2022-yil boshidagi voqealar Rossiyada migratsiya uchun yangicha voqelikni vujudga keltirdi: ko‘plab korxonalar yopildi, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida inqirozli vaziyat paydo bo‘ldi, orada rubl kursi quladi. Migrantlar muhitida bezovtalik boshlandi, ular uyga qaytsakmi, yo‘qmi, deya taraddudlanib qolishdi. Ammo, ko‘ryapmizki, Rossiyani ommaviy tark etish kuzatilmayapti. Chunki Rossiya, harqalay, katta mamlakat, ishchi kuchiga ehtiyoj bor, migrantlar esa juda harakatchan toifa – ular ish o‘rinlari va ish haqiga qarab bir sohadan boshqasiga o‘tib ketishmoqda.
Ikkinchi omil shuki, rubl kursi “epaqaga keldi”, hatto fevraldagi holatiga ko‘ra ancha mustahkamlandi ham. Natijada migrantlarning daromadi ko‘payib, Markaziy Osiyo respublikalariga pul o‘tkazmalari hajmi oshganini eshityapmiz. Lekin inqiroz xavfi arigani yo‘q, kuzga borib sanksiyalar ta’siri to‘liq seziladi, degan xavotirlar bor. Migrantlar vaziyatni sergaklik bilan kuzatib turishibdi.
-Sizning-cha, “maxsus amaliyot” migrantlar hayotida naqadar aks etdi? Rossiya hukumati harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng migrantlarga 20 kungacha rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan yurish va shunga o‘xshash kichik erkinliklar bergan edi...
- Bunaqa mayda imtiyozlar migratsiyaga derli hech qanaqa ta’sir etgani yo‘q. Ammo munosabat o‘zgargani rost: “maxsus amaliyot”dan oldin migratsiya masalasi Xavfsizlik kengashi vakolatiga berilgan, bu borada qattiqroq siyosat yuritilishi kutilayotgandi. Biroq Ukrainadagi voqealar bu rejalarni kun tartibidan olib tashladi, hozirda mehnat migrantlari Rossiya jamiyati, siyosatchilari, OAVlari uchun bosh mavzu emas.
- Rossiya ko‘plab chet el shirkatlari mamlakatni tark etishi natijasida ishsiz qolgan fuqarolarini hozirda asosan, mehnat migrantlari egallab turgan sohalar hisobiga band qiladigan vaziyat vujudga kelishi mumkinmi?
- Rossiyada vaziyat qanaqa bo‘lishidan qat’iy nazar migrantlar yoppasiga mamlakatdan chiqib ketishmaydi, bu yerda ish haqi Markaziy Osiyo respublikalariga qiyosan baribir yuqori bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, rubl kursi tushib ketsa, iqtisodiy vaziyat og‘irlashsa, mehnat migrantlari soni kamayishi mumkin, albatta. Ammo ular ommaviy ketishiga ishonmayman. Deylik, migrantlarning ko‘pchiligi boshqa mamlakatlarga o‘tib ketsa yoki vataniga qaytsa, bu Rossiya uchun jiddiy muammoga aylanadi. Muammoning, nazarimda uchta yechimi mavjud.
Birinchisi – ishchi kuchini Rossiya fuqarolari hisobiga ta’minlash. Ammo rossiyaliklar bugun migrantlar bajarib kelayotgan ishlarda ishlashi uchun ularning turmush darajasi keskin tushib ketishi kerak. Qolaversa, Rossiyada aholi va shunga yarasha ishchi kuchi kamayib boryapti.
Ikkinchisi – Ukrainadan kelgan “qochqinlar”ni jalb qilish.
Uchinchisi – boshqa mamlakatlardan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish. Yaqinda Rossiya mulozimlaridan biri “biz shu paytgacha Rossiya uchun mehnat resurslari manbai sifatida ko‘rilmagan ayrim mamlakatlar, chunonchi, Hindistondan ishchi kuchini jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz”, deb aytgan edi.
- Odatda mehnat migrantlarining aksari siyosatdan yiroq. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ularning qarashlariga qanday ta’sir qilgan, deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, migrantlarning aksari baribir siyosatdan uzoqligicha qoladi. Chunki ular siyosat bilan shug‘ullanaman, deb emas, ishlab pul topaman, deb kelishadi Rossiyaga. Siyosiy faollik ular uchun katta xatar tug‘diradi. Chunki deyarli har birining hujjatlar bilan bog‘liq muammolari bor. Qolaversa, ular hamisha davlat institutlari, politsiya va jamiyatning ma’muriy va ksenofobik bosimi ostida bo‘ladilar.
To‘g‘ri, mehnat migrantlari orasida o‘qimishli, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega odamlar ham bor. Ular siyosiy mavzularda fikr bildirishlari, hatto siyosiy chiqishlarda ishtirok etishlari mumkin. Lekin, yuqorida aytganimdek, mutlaqo ko‘pchiligi Rossiyadagi siyosiy jarayonlardan o‘zini chetga olishda davom etadi.
- Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qolganidan so‘ng hukumat vakillari va siyosatshunoslarning migrantlarga nisbatan ritorikasi o‘zgardimi?
- Ritorika o‘zgaradi, degan umid bor. Lekin ayni paytda butun siyosiy elitaning diqqat-e’tibori Ukrainadagi voqealar bilan bog‘liq vaziyatga qaratilgan, migrantlar mavzusi esa ikkinchi, uchinchi planga tushib ketdi. Bu mavzu jamiyatda mutlaqo muhokama qilinmayapti, yaqin-orada biron jiddiy bayonot bo‘lganini eslolmayman. Migratsiya masalasida hukumat munosabatini ifodalab turadigan spikerlardan biri – Jirinovskiy olamdan o‘tdi, so‘nggi voqealar esa mavzuni siyosiy maydondan surib tashladi.
Ayni chog‘da rasmiylarning, politsiyaning, aholining mehnat migrantlariga munosabatida ham o‘zgarish yo‘q. Va buni tushunish mumkin: Rossiya jamiyatida markazi osiyolik mehnat migrantlariga nisbatan o‘ta ksenofobik qarash mavjudki, vaziyat birdaniga 180 darajaga o‘zgarishi amrimahol.
Sergey Abashin - 1987-yilda Moskva davlat universitetining tarix fakulteti, etnografiya bo‘limini tamomlagan.
1990-yilda SSSR FA Etnografiya institutining O‘rta Osiyo ixtisosligi bo‘yicha aspiranturasini tamomlagan va ilmiy xodim lavozimiga qabul qilingan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda tadqiqotlar bilan shug‘ullangan.
1997-yilda “Zamonaviy o‘zbek qishlog‘ida ijtimoiy munosabatlar: Farg‘ona vodiysi materiallari asosida” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
2008-yilda “O‘rta Osiyoda etnografik bilimlar va milliy qurilish: XIX – XXI asr boshlaridagi sartlar muammosi” mavzusida tarix fanlari doktori nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
2009-yilda Sapporodagi (Yaponiya) Xokkaydo universitetida xorijlik xodim sifatida ishlagan. 2013-yildan Sergey Abashin Sankt-Peterburgdagi Yevropa universitetining professori. Asosiy tadqiqot mavzusi - migratsiya masalalari.
O‘zbekistonga kiritilmasdan kelingan Sergey Abashin 2022 yilning 22 iyunida nihoyat O‘zbekistonga bordi. 2015-yilning 29-avgustida tarixchi olim Toshkent aeroportidan Moskvaga sababi tushuntirilmasdan qaytarib yuborilgandi.